KICHKINTOYNING ODATI O‘ZI BILAN ULG‘AYADI
Farzandingiz hali kichik bo‘lishiga qaramay kattalarni ko‘rganda darhol qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib burro so‘zlari bilan salom beradigan bo‘ldi. Yoki uyga kelganda oyoq kiyimini yechib bir chekkaga olib qo‘ydi.
Bolangizni kuzata turib yaxshi odati borda, deb alqab qo‘yasiz. Ammo unda noxush odatlar namoyon bo‘lib qolsachi!? Afsuski, bolalar ham zararli odatlardan xoli emas ekan. Barmoq so‘rish, tirnoq, qalam g‘ajish, yot jismlarni og‘izga solish, burun kavlash, chaqimchilik qilish, o‘zgalarning buyumini olib qo‘yish shular sirasidan. Mutaxassislarning aytishicha, odat – bu xatti-harakatlar va ma’lum bir faoliyat ko‘rinishining kishi hayotida doimiy odatga aylanishi sanaladi. Odatlar ikki xil salbiy va ijobiy ko‘rinishda bo‘ladi.
Psixologlar zararli odatlarning kelib chiqishi bu bolaning ehtiyojlari shaxsiy mayliga aylanib borishidan, deb ta’kidlashadi. Boladagi mavjud nojo‘ya odatlar esa birdan namoyon bo‘lmaydi. U ma’lum bir davr mobaynida yig‘ilib kurtak yozadi. Bolalarda kuzatiladigan bunday odatlarning asosiy sabablari ota-ona tomonidan unga e’tiborning susayishidandir. Ammo shuni unutmaslik lozimki, bolalar hamisha kattalarning hurmat va e’tiborida bo‘lishni istaydi. Undagi noxush odatlarning kelib chiqishi jismoniy va ruhiy muammolar zerikish yolg‘izlanish holatlarida yuzaga chiqadi. Agar bolada bunday odatlar ma’lum bir xarakter sifatida bo‘y ko‘rsatsa demak ota-ona bu borada jidiy bosh qotirmog‘i lozim.
Barmoq so‘rish odati
Ko‘pgina mittivoylarda barmoq so‘rish odati mavjud. Bola barmog‘ini og‘ziga olib borsa, ko‘pincha bu odat uning qorni ochligidan, yoki so‘rish refleksining yuqoriligidan dalolat beradi. Ba’zan u zerikayotganda ham barmog‘ini so‘rishi mumkin. Ayrim go‘daklar bir yoshdan oshganda bu odati o‘z-o‘zidan yo‘qolib boradi. Ba’zilarida esa uch yoshga qadar tabiiy hol sanaladi. Bordiyu bola bu odatini 4 yoshda ham tark qilmasa bu zararli odat bilan kurashing. Qanday hollarda bola barmog‘ini so‘rishini kuzating.
Avvalo bolaga barmog‘ini so‘rganda qanday salbiy ta’sirlar bo‘lishi mumkinligini tushuntiring.
“Tirnog‘ingni g‘ajima”, kabi tanbehlar bolaga yordam bermaydi. Kattalar tirnoq g‘ajish odati haqiqatdan ham zararli ekanligini isbotlab berishi lozim.
Chaqimchilik
Chaqimchilik uch yoshdagi bola uchun u qadar tushunarli so‘z bo‘lmaydi. Bu odatda kattalarga xos ko‘rinsa-da, ammo har qanday zararli odatlar bolalikdan paydo bo‘lishini unutmang. Chaqimchilikning salbiy odat ekanligi, uning oqibatlari haqida farzandingizda tushuncha mavjud emas. Bola nega chaqimchilik qiladi? Bu uning muammolarini hal eta olmaganidandir. Shuning uchun u kattalarga murojaat etadi. Tarbiya jarayonida bola unga yuklatilgan vazifalarni mustaqil ado eta olishiga e’tibor bering. Shuning uchun bolaga chaqimchilik va biror bir voqea haqida xabar berish orasidagi farqni ko‘rsatib berish kerak. Misol uchun kimdir yomon ahvolga tushib qolganini – bu nihoyatda mas’uliyatli ish bo‘lib, bu haqda albatta boshqalarni xabardor qilish lozim. Bolalar kimdir jarohat olsa, yoki kimgadir xavf tahdid solsa buni albatta aytib berishi lozim. Ammo, chaqimchilik xunuk odat ekanligi, buning ortida ko‘plab kishi jabr ko‘rishi mumkinligini tushuntiring. Umuman bolaga zararli va foydali xabarlar orasidagi farqni ko‘rsata oling.
- Farzandingiz nimaga bunday odatlarga ehtiyoj sezadi? Bunga e’tibor bering.
- Uning tinchlanishi uchun o‘ziga yaxshi usul topgunicha ovutish uchun yangi o‘yinlar kashf eting.
- Bola do‘stlari davrasida kunini turli o‘yinlar bilan mazmunli o‘tkazsin. Yolg‘iz qolish, xoli bo‘lish uni turli zararli odatlari bilan yana “do‘stlashishiga” zamin bo‘ladi.
- O‘g‘il yoki qizingizda zararli odatlar paydo bo‘ldimi, demak bu oilada qandaydir muammo yuzaga kelganidan dalolat beradi.
- Agar bolangiz yaqin do‘st topishga qiynalsa, unga yaxshi o‘rtoqlarni tanlashida ko‘maklashing.
- Bolaning adolatsizlik va turli ko‘ngilsizliklardan noroziligini ifoda qilishiga qarshilik qilmang. Uning fikriga quloq soling.
Gulnoza HUSNIDDIN qizi