XORIJ SAHNASIDA O‘ZBEGIM YOSHLARI
Yurtimizga Sharqona Yangi yil deya e’tirof etiladigan Navro‘z bayrami ham kirib keldi. Bayram sayllari, sumalagu halimlar, ko‘klam taomlari pishirilib dasturxonga tortildi. Mamlakatimizning barcha mahalla va qishloqlarida bayram sayllari tashkil etilmoqda. Bayram shukuhi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bahsh etadi.
Elimiz sevgan san’atkaorlar bayram tadbirlarida ishtirok etib yurtdoshlarimizga yanada xursandchilik ulashishmoqda.
Navro‘z bayramining xorijiy mamlakatalarda ham nishonlanayotgani va unda Vatanimiz yigit-qizlarining o‘zbek xalq urf-odatlari, madaniyati, an’analarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlarini kuylab, dunyo xalqlarini millatimiz hazinalari bilan yaqindan tanishtirib kelayotgan “O‘zbegim yoshlari” ansambli ham ana shunday tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Qarangki, mazkur ansamblning tashkil etilganiga ham o‘n yildan ziyod vaqt bo‘libdi. 2004 yildan boshlab Oliy harbiy bojxona instituti qoshida tashkil topgan “O‘zbegim yoshlari” ansambli endilikda ayni ijodi gurkiragan navqiron yoshda. Ansambl a’zolarining har biri iste’dodli, jamoada o‘z o‘rniga ega. Ularga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Lutfiya Ro‘ziboyeva rahbarlik qilib kelmoqda.
– Yurtimizning har go‘shasi o‘ziga xos urf-odat va qadriyatlarga ega. O‘z o‘lkasining asriy qadriyatlari, san’atini hech kim asl farzandichalik dildan anglamaydi. Shu o‘lkaning baxtu quvonchi, dardu alamlarini o‘sha muhitda tarbiyalangan, falklori, katta ashulasini bolaligidan tinglab ulg‘aygan insonlargina yurakdan his etadi, – deydi Lutfiya opa. – Zero, san’at qondan qonga, avloddan avlodga singib ketayotgan boqiy bir me’ros.
Chindan ham ansambl tomonidan tayyorlangan milliy yo‘nalishdagi xalq og‘zaki ijodi namunalari, raqs dastasi el e’tiboriga tushib, endilikda butun dunyo tan olmoqda. Ansamblda 17 nafardan ortiq Nihol mukofoti sovrindorlari, qator Zulfiya nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritganlar, butunjahon festival g‘oliblari, Prezident stipendiantlari bor.
– 2002 yil Janubiy Koreyaga borganimda ramziy bir nihol e’tiborimni tortdi. Unda navniholni uch tomondan tirgak tutib turardi. Ma’lum bo‘lishicha bu tirgaklarning biri oila, biri ota-ona, yana birisi esa davlat sanalarkan. Yaratganga shukrki, yurtimizda ham unib kelayotgan yoshlar uchun ana shu uch tomonlama tirgak mustahkam va ishonchlidir. Ana shu ishonch tufayli bizning guruh 10 yil ichida o‘n sakkizta davlatga borib, o‘z mahorati va iste’dodini ko‘rsatish bilan birgalikda millatimizning boqiy qadriyatlarini tarannum etib kelmoqda, – deydi Lutfiya Ro‘ziboyeva.
Ma’lumki, Yunesko qoshidagi butun jahon yoshlar festivalini tashkil qiladigan tashkilot ro‘yxatida O‘rta Osiyo hududida mamlakatimiz muhim o‘rinni egallaydi. Yagona sertifikatni qo‘lga kiritgan ushbu ansambl har yili kamida 5-6 davlatga taklif qilinadi. Ularning har bir chiqishlarini intiqlik bilan qarshi olishadi. Shundan ayon bo‘ladiki, O‘zbegim yoshlari dunyo bo‘yicha ma’lum va mashhur.
– Tabiiyki, boshqa mamlakatlardan farqli jihatlarimiz juda ko‘p. Bu birinchi navbatda san’atimizning xilma-xilligi bo‘lsa, ikkinchidan liboslarimizning rang-barangligida. Festival davomida har bir davlatning chiqishi uchun 15 daqiqa vaqt beriladi. Mana shu vaqt davomida imkon doirasida mamlakatimizning har jabhasidan ijod namunalarini ko‘rsatamiz, shunga mos kiyinamiz. Chunki, boshqa davlatlar chiqishida deyarli buni kuzatmaymiz. Xorazmcha, surxoncha, andijon polkasi, buxorocha kabi uslublar namoyish etilganda yurtimiz san’ati, urf odati shu darajada rang-barang va xilma-xilligiga hay’at a’zolari va tomoshabinlar xayron qolishadi. Qolaversa, qaysi davlatga bormaylik, repertuarimizdan o‘sha millat tilida aytilgan mashhur ijod namunalari ham joy oladi. Xususan, bir safar Malayziyada ularning “Malayshen” degan milliy raqsini namoyish qilib e’tirofga loyiq topilganmiz hamda 20 davlat orasidan final qismini olib borishga muyassar bo‘lganmiz. Xitoyda esa eng yuqori ballni Xorazm uslubidagi chiqishimiz olgan edi. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirishimiz mumkin. Xullas, Fransiyada bo‘lamizmi, Belgiyadami, Italiyadami, Portugaliyami, qayoqqa bormaylik O‘zbekiston san’atini olqishlar bilan kutib olishadi, – deydi biz bilan suhbatda “O‘zbegim yoshlari” guruhining a’zosi, xalqaro tanlovlar g‘olibi Umida Tojimatova.
Darhaqiqat, “O‘zbegim yoshlari” ansambli hozirda katta e’tiroflarga sazovor bo‘lib kelmoqda. Yurtimiz bo‘ylab qanday tadbir, bayram tantanalari o‘tkazilmasin ushbu guruh a’zolari hamisha xizmatga shay. Bundan tashqari turli xayriya dasturlarida ham o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shmoqda. Bugungi kunda “O‘zbegim yoshlari” ansambli navbatdagi xorij safariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mayna HASANOVA