SOG‘LOM ONA – BARKAMOL AVLOD
“Turkiston” saroyida 5 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bahorning ilk kunlarida xotin-qizlar bayramining nishonlanishida ajib ramziy ma’no bor. Bahor ayollarimizga, ayollarimiz bahorga o‘xshaydi – biri biridan go‘zal.
Mamlakatimizning bosh maydoni – Mustaqillik maydonida Baxtiyor ona haykali barpo etilgani yurtimizda onalarga, ayol zotiga yuksak ehtirom ko‘rsatish, xotin-qizlarni e’zozlash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan ekanining ramziy ifodasidir.
5 mart kuni Bosh maydonimiz har qachongidan jozibali, fayzli tus oldi. Go‘zal ayyom munosabati bilan bir guruh opa-singillarimiz – xotin-qizlar tashkilotlari vakillari, iqtisodiyot, huquq, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan ayollar Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi.
Bayram ishtirokchilari poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Respublika ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish markazida bo‘ldi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida “Sadoqat” spektaklini tomosha qildi.
Shu kuni “Turkiston” saroyida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘ldi. Unda turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, tabarruk onaxonlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.
Tantanali yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi R. Usmonov ochdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova mamlakatimizda xotin-qizlarni e’zozlash, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaralari haqida so‘zladi.
Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi, oila, jamiyat va mamlakat hayotidagi o‘rnini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining 16 foizi, Senat a’zolarining 17 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bugun 14 ayol Vatanimizning eng yuksak mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangani xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning yorqin namunasidir.
Har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi, deb ta’kidlaydi Prezidentimiz. Shu jihatdan O‘zbekiston eng madaniyatli, yuksak ma’naviyatli mamlakatlardan desak arziydi. Onani e’zozlash – xalqimizda oliy qadriyat. Vatanni ona, onani muqaddas atashimiz shundan.
Ana shunday yuksak munosabat tufayli mamlakatimiz xotin-qizlari o‘z orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarmoqda, barcha sohalarda muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ayollar tadbirkorligi izchil rivojlanmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, oilaviy biznes uchun yaratilgan qulay sharoitlar, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashda, ularning jamiyatdagi faolligini, oilalar farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda. Qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uy-joylar oilalarning hayot sifatini oshirmoqda, xotin-qizlarning og‘irini yengil, mushkulini oson qilmoqda. Yosh oilalarga topshirilayotgan “Kamolot” uylari ularning oyoqqa turib olishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi va farzandlarini barkamol etib tarbiyalashi uchun rag‘bat, katta madad bo‘lmoqda.
Bunday sharoit va imkoniyatlar tufayli mehribon onajonlarimiz, aziz opa-singillarimiz farog‘atli hayot kechirmoqda. Ularning salomatligi mustahkamlanib, umri uzaymoqda.
Xotin-qizlarimiz har qancha e’zoz va ehtiromga munosib. Negaki ular sog‘lom avlodni dunyoga keltiradi, barkamol etib voyaga yetkazadi. Mamlakatimiz ertasi, kelajagi ko‘p jihatdan ayollar ma’naviyati va salomatligiga bog‘liq.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2016 yilga Sog‘lom ona va bola yili deb nom berilishida ham ana shu ezgu maqsad mujassam. Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturi ijrosi doirasida xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va sportga keng jalb etish ko‘lami yanada kengaymoqda.
O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov, Angren shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ra’no Hayitqulova xotin-qizlarni bayram bilan tabrikladi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov qaroriga muvofiq adabiyot, san’at, fan, ta’lim, madaniyat sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan 14 nafar qizga ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sohibalari – Yakkabog‘ oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Mohidil Nizomova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Zulxayo Raimqulova va boshqalar xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish, yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarishga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
– Prezidentimiz tabrigida xotin-qizlarga bildirilgan hurmat-e’tibordan g‘oyat ta’sirlandik, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi, – dedi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Lola Murodova. – Fermer xo‘jaliklarini samarali boshqarib kelayotgan xotin-qizlar haqida so‘z yuritilganda men ham shular qatorida borligimdan faxrlandim. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligimiz barcha yo‘nalishlarda yuqori mahsuldorlikka erishmoqda. Mamlakatimizda ayollarga berilayotgan imkoniyatlar bizni yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga undamoqda.
Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash maqsadida ular o‘rtasida sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qizlar uchun milliy mentalitetimizga xos kiyimlar ishlab chiqarilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili o‘quvchi qizlarga sport liboslari sovg‘a qilinmoqda. Buning samarasida oilaviy sport, ayollar sporti tobora ommalashib bormoqda. Sportsevar xotin-qizlar uchun 39 sport turi bo‘yicha 35 ming seksiya tashkil qilingan. Ularda 3, 5 milliondan ziyod xotin-qiz jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanmoqda.
Sportchi qizlarimiz xalqaro musobaqalarda, musiqa va san’at maktablari o‘quvchi-qizlari xalqaro ko‘rik-tanlovlarda yuksak mukofotlarni qo‘lga kiritmoqda.
– Men mamlakatimizning baxtiyor qizlaridan biriman, – deydi Toshkent davlat stomatologiya instituti 3-kurs talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Shohida Zohidova. – Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli ulkan natijalarga erishyapman. Sinxron suzish bo‘yicha 17 karra O‘zbekiston chempioni, xalqaro musobaqalar g‘olibi bo‘ldim.
Saroy foyesida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Badiiy akademiya, “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida tasviriy san’at va milliy hunarmandlik yo‘nalishlarida iste’dodini namoyon etayotgan xotin-qizlar ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbir san’at ustalari va yosh ijrochilarning bayram konserti bilan yakunlandi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N. Yo‘ldoshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoev ishtirok etdi.
Go‘zal SATTOROVA,
O‘zA muxbiri