TIBBIY-IJTIMOIY AKSIYa
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Hech kim mehr-e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida navbatdagi tibbiy-ijtimoiy aksiya o‘tkazilmoqda.
Mazkur sog‘lomlashtirish tadbiridan ko‘zlangan maqsad tibbiy sohadagi islohotlarni aholining quyi bo‘g‘iniga yetib borishini ta’minlash, fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdir.
Tadbir ikki bosqichda tashkil etilyapti. Birinchi bosqichda viloyatlardagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka ehtiyojmand aholi ro‘yxati shakllantirildi. Ikkinchi bosqichda poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yetakchi klinikalarning olim va shifokorlari aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya, ko‘z mikroxirurgiyasi markazlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti, Respublika perinatal, Allergologiya markazlari va viloyatdagi shifoxonalarning olimlari va malakali shifokorlar ishtirok etmoqda.
Tibbiy-ijtimoiy aksiyada “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi ham faol ishtirok etmoqda. Dori-darmon savdosi bilan bir qatorda dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yolg‘iz keksalarga bepul dori-darmon ham berilmoqda.
V. PO‘LATOVA