OVUNCHOG‘IMIZNING O‘YINCHOG‘I
u qanday bo‘lishi kerak?
Akamning shunchaki aytgan gapi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Darhaqiqat, nimaga bizning bolalarimiz allaqanday Betmen, Supermen, O‘rgimchak odam singari to‘qima obrazlarni biladi-yu o‘zimizning afsonaviy va tarixiy qahramonlarimiz, atoqli ota-bobolarimizni, tuzukroq tanimaydi.Yo‘q, yo‘q xulosa qilishga shoshilmang men bolalarimizni ayblamoqchi emasman, ular yangi ekilgan nihol kabi parvarish va tarbiyaga ehtiyoji baland. Bolalik o‘zi shunaqa, ertaklar olami… beg‘ubor palla. Ularning qarashi, “kichik olam”i oqu qorani birdek o‘ziga qabul qiladi. Shu olamni yolg‘onga yoki yod g‘oyalar girdobiga g‘arq qilib qo‘ymaylik…
Savol tug‘iladi: nima sababdan biz kattalar ularning ertaklar olamini haqiqiy personajlar bilan, aniqrog‘i, milliy qahramonlarimiz bilan boyitmasligimiz kerak?! Nima sababdan Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur singari bobolarimizning qahramonliklarini bolalarimizga ertak singari aytib bermaymiz? Xo‘sh, bunday qilishga bizga nima xalaqit berayapti? Hech narsa!!! Nima sababdan o‘zimizda shunday katta, barcha sifat va talablarga javob beradigan avtomobil ishlab chiqarish korxonalarimiz bo‘la turib bolalarimiz go‘dakligidanoq Mers, Audi, BMV singari avtomobillarga qiziqishi kerak? Nima milliy o‘yinchoqsozlik sohasida o‘zimizning NEXIA, SPARK, LACETTI, EPICA va CAPTIVA singari avtomobillarimizning o‘yinchoq nusxalarini yasashning imkoni yo‘qmi? Bor albatta! Biz yashayotgan yurtda iloji yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Faqatgina hafsala qilsak bo‘lgani.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra Respublikamizda bolalar o‘yinchoqlariga bir yillik talab o‘rtacha hisobda 23,4 million donani tashkil qiladi. Ammo hozircha mahalliy ishlab chiqaruvchilarda mavjud ehtiyojni qondirish imkoni yo‘q. Shunday ekan eng zamonaviy texnologiyalar asosida, davlat standartlariga javob bera oladigan, bolalarning sog‘ligiga zarar yetkazmaydigan o‘yinchoqlarni ishlab chiqaradigan fabrikalarni ishga tushirish vaqti keldi nazarimizda. Chunki, ko‘plab o‘yinchoq do‘konlaridagi mahsulotlarning narxi qimmat va bu narsa o‘z-o‘zidan ularning chet eldan keltirilayotgani bilan bog‘liq desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Agar o‘yinchoq fabrikasi o‘zimizda mavjud bo‘lib, do‘konlarimizni milliy o‘yinchoqlarimiz bilan to‘ldirsak ularga nisbatan talab ham ortadi, narx ham mo‘tadillashadi.
Umuman olganda, o‘yinchoqlar bola dunyoqarashining shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Birinchidan bola o‘zi yoqtirgan qahramon timsoli aks etgan o‘yinchog‘ni o‘ynashni xohlasa, ikkinchi jihatdan bola aynan unga o‘xshashga harakat qiladi. Shunday ekan ularga yoshligidan vatanparvarlik ruhidagi multfilmlarni ko‘rsatsak, tariximiz haqida hikoya qilib bersak, bolalarimiz afsonaviy Shiroq singari Vatani uchun jonini berishga tayyor mardlar bo‘lib voyaga yetishi aniq.
Aksincha, Barbini o‘ynab katta bo‘layotgan qizaloq bora-bora unga taqlid qilmasligiga kim kafolat beradi?! Shu emasmi, biz bugun tish tirnog‘imiz bilan kurashayotganimiz “Ommaviy madaniyat”ning ta’sirlaridan biri.
O‘yinchoq bolani o‘ylashga, fikrlashga va shu tariqa dunyoni tanishga o‘rgatadi. Qizingiz Barbi emas, “Zumrad”ni, o‘g‘lingiz “Betmen”ni emas “Alpomish” yoki “Farruh”ni sevib o‘ynasa, bilingki u o‘zini, o‘zligini tanib olyapti.
Ko‘pchiligimiz bolalarimizning o‘yinchoqlariga unchalik e’tibor qaratmaymiz. “Ha, bu oddiygina o‘yinchoqku, shuni o‘ynab jimgina o‘tirsa bo‘lgani” deb o‘zimizni ovutamiz. Ammo, aslida masalaning eng e’tiborga molik jihati ham ana shu o‘yinchoqda. O‘yinchoqlar bola ruhiyati, uning fikrlashi va dunyoqarashini shakllantirishdagi eng samarali vosita ekanligi psixologlar tomonidan isbotlangan. Bola o‘zi yoqtirgan o‘yinchog‘ini o‘ynash barobarida u bilan bog‘liq har qanday detalni juda katta qiziqish bilan qabul qiladi. Masalan, aytaylik bolaga Alpomish timsolidagi o‘yinchog‘ni olib berdingiz. Bola har safar uni o‘ynash jarayonida o‘z-o‘zidan Alpomish to‘g‘risida ko‘proq narsa bilishga va unga o‘xshashga harakat qiladi. Va o‘z-o‘zidan siz Vatanni sevuvchi, mehnatkash va jasur farzandning ota-onasiga aylanasiz. Buning uchun esa siz farzandingizni ana shu qahramonga yetarlicha qiziqtira olsangiz bas. Agar e’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, deyarli har bir qo‘g‘irchoq va o‘yinchoq ma’lum film yoki multfilm qahramonlari ekaniga guvoh bo‘lamiz. Bundan kelib chiqadigan yana bir xulosa shuki, kino ijodkorlarimiz ham o‘yinchoqsozlik sanoati bilan hamkorlikda ish olib borishlari maqsadga erishishning yanada samarali usuli bo‘lardi. Biz bu gapimiz bilan bolalarimizni butunlay milliylik qoliplariga o‘rab tashlashimiz kerak, degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Mamlakatimizda yoshlarimizning ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lishlari uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan. Faqatgina biz ham ana shu jarayonga ozmi, ko‘pmi o‘z hissamizni qo‘shaylik demoqchimiz.
Fikrimizni boshda avtomobilsozlik yo‘nalishida aytgan gaplarimizdan davom ettirsak. O‘sha biz e’tirof etgan Mers singari dunyoga mashhur avtomobillarni ishlab chiqaruvchi Germaniya davlati avtomobilsozlik borasida dunyoda eng rivojlangan davlatlardan biri hisoblanadi. Mersedez Benz, BMV, singari avtomobil markalari dunyo brendlari qatoridan joy egallaganiga juda ko‘p vaqt bo‘ldi. Buni qarangki, uning bunday mavqe’ga erishishida ham fuqarolarning vatanparvarliklari juda katta rol o‘ynagan. Ehtimol, bu fikrim sizga biroz erish tuyulishi mumkin. Avtomobillar sifati buning asosiy sababi deyishingiz ham mumkin. Ammo, Germaniya fuqarolari o‘zlariga avtomobil xaridi vaqtida asosan faqat milliy avtomobillarini sotib olishgan. Bu borada bizda ham ko‘rsatkichlar yomon emas. Zero ko‘chalarimizni to‘ldirib yurgan NEXIA, SPARK, LACETTI, EPICA va CAPTIVA singari avtomobillarimizga ham yurtdoshlarimiz orasida talab nihoyatda katta. Ammo ularning o‘yinchoq nusxalarini yaratish borasida tan olib aytishimiz kerakki anchagina oqsayapmiz.
Malakatimizda barcha sohada bo‘lgani kabi milliy qo‘g‘irchoqsozlik sohasini rivojlantirishga ham juda katta e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2010 yil 7 oktyabrda tasdiqlangan “2010 — 2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturi” huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu san’atni rivojlantirish bo‘yicha o‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamg‘armasi va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Zero, qo‘g‘irchoqlarimiz milliy urf-odatlarimiz, madaniyatimiz, tariximizni o‘zida aks ettiruvchi ko‘zgudir.
Ko‘plab yakka tartibdagi tadbirkorlarimiz milliy o‘yinchoqlar ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishdi. Mamlakatimizda xar yili an’anaviy tarzda tashkil qilib kelinayotgan “Bazaar Art” festivali ham milliy qo‘g‘irchoqlarimizning dunyo miqyosida keng ommalashishiga sabab bo‘lmoqda.
Ammo, o‘zimizda ana shu milliy o‘yinchoqlarimizga talab u darajada yuqori emasligi dilimizni bir oz xira qiladi. Nima sababdan bolalarimizga o‘zimizning milliy qadriyatlarimiz ufurib turgan mahsulotlar o‘rniga G‘arbning umuman bizga yot tushunchasi orqali yaratilgan va qirg‘in, shafqatsizlik va behayolikni targ‘ib qiladigan o‘yinchoqlarni olib berishimiz kerak?
Bir qo‘shnim aytib bergan voqea menga juda ham qattiq ta’sir qildi. Xullas, uning qiziga ammasi Amerikadan katta qutiga solingan Barbi o‘yinchog‘ini olib kelibdi. Qizaloqning qo‘g‘irchoqqa juda ham mehri tushib qolibdi va uni yer-u ko‘kka ishonmay o‘ynashni boshlabdi. Bir kuni bobosi mexmonga kelganda, qo‘shnim qiziga:
– Qizalog‘im bobongga “amerikalik” qo‘g‘irchog‘ingni ko‘rsatmaysanmi – debdi.
– Yo‘q oyijon men uni hech kimga ko‘rsatmayman – deb javob beribdi qizaloq.
– Nimaga ko‘rsatmaysan?
– Axir uning egnida kiyimi yo‘q-ku. Men avval unga uzun qo‘ylak kiydirib keyin bobom va tog‘amga ko‘rsataman…
Butun dunyoda “Ommaviy madaniyat” deb atalgan milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan tuyg‘ular shiddat bilan ko‘pchilikni o‘z komiga tortib bormoqda. Ana shunday bir vaqtda kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizda milliy qadriyatlarimizdan bo‘lgan ibo, hayo, uyat va kattaga hurmat tushunchalarining mavjudligi meni nihoyatda xursand qildi. Shunday bo‘lsa-da, bolalarimizda go‘dakligidanoq milliy immunitet tushunchasini shakillantirishimiz dolzarb masala. Zero, butun dunyoda faxrlanishga arzigulik go‘zal tariximiz mavjud. Ana shu tarixga mos kelajakni esa o‘zimiz yaratamiz. Buning uchun esa bizdan ko‘p narsa talab qilinmaydi – o‘yinchoqlarni faqat ovunchoq emas, tarbiyaning bir qismi deb bilsak kifoya. Qadrli do‘stim, o‘ylab ko‘ring, bayramlarda bolangizga qanday o‘yinchoq sovg‘a qilishni ma’qul ko‘rasiz?
Farhod TOLIPOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri