GO‘ZALLIK – SALOMATLIK BILAN UYG‘UN
yoki oziq-ovqat mahsulotlarining organizmga ijobiy ta’siri xususida
Inson to‘rt muchasi sog‘lom bo‘lsa u o‘zini bardam-baquvvat, har ishga qodir his etadi. Hayotga qiziqishi ortib, dunyo ko‘ziga yanada go‘zal ko‘rinadi. Chunki, xalqimizda “Chiroy – og‘izdan kiradi” degan ibora bor. Agar odam o‘z vaqtida to‘yimli va sifatli ovqatlansa, to‘yib uxlasa hamda kun tartibiga rioya etib dam olsa, sog‘lom turmush tarziga rioya etsa hamisha sog‘lom bo‘ladi. Sog‘liqning o‘zi har birimiz uchun ulkan davlatdir. Shuningdek, oila a’zolarmiz, jonu jigarlarimiz sog‘-omon bo‘lsa ko‘nglimiz xotirjam tortadi. Ishimizda unum va rivojlanish bo‘ladi. Quyida biz inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan ayrim oziq-ovqat mahsulotlari xususida sizga ma’lumot beramiz.
TERINI YOSHARTIRUVCHI SAKKIZ XIL MAHSULOT
Britaniyalik olimlar terini yoshartiruvchi, tishlar va sochning umumiy holatiga ijobiy ta’siri etuvchi 8xil mahsulotining nomini e’lon qilishdi, deya xabar beradi “Tibbiyot xabarnomasi”.
Oshqovoq urug‘i – terining umumiy holatini yaxshilaydi. Diyetologlarning aytishicha uning tarkibidagi rux moddasi yuz va tana terisidagi husnbuzar va maddali yaralarni davolashda samarali ta’sirga ega ekan. Shuningdek, sochning to‘kilishi va jilosi yo‘qolishining oldini oladi.
Kress salat (oshko‘k) – yuz terisini yoshartiradi. Ushbu mahsulot tarkibidagi temir moddasi yuzga sog‘lom ko‘rinish beradi. Yangi uzilgan oshko‘kni ezib tayyorlangan bo‘tqa yuz terisiga surtilsa husnbuzar va maddali (yiringli) yaralarni tuzatadi. Kress — salatning sarxil sharbati soch ildiziga surtilsa boshdagi qazg‘oqqa foydali.
Shuningdek, shifokorlar ko‘z kasalliklari profilaktikasi uchun bu oshko‘kni iste’mol qilishni tavsiya etishadi. Yana kress salatni muntazam tanovvul qilish DNK “dezoksiribonukleinkislota” – irsiy genlar majmuasi shikastlanishining oldini oladi.
Ismaloq – ko‘z uchun foydali. Yana u tish va milklarni mustahkamlaydi. Har kuni bir-ikki stakan ismaloq barglarini yeb turish kerak.
Olma tish emalini choy, kofe va qizil vinodan qolgan dog‘lardan tozalaydi. Bundan keyin esa sizning tabassumingiz yanada jozibali bo‘ladi. Shuningdek, bu meva og‘iz bo‘shlig‘ini badbo‘y hiddan tozalaydi.
Yashil dukkaklilar – ko‘k loviya, ko‘k no‘xat, mosh, soya (moshdan yirikroq dukkakli o‘simlik) tarkibidagi kremniy moddasi sochlarining quyuq va sog‘lom o‘sishni ta’minlaydi.
Zig‘ir urug‘i – terining qipiqlanishi va qizarishini oldini oladi. Bu mahsulot tarkibida omega-3 kislotasi bor. Ushbu kislota terining namlanib turishiga yordam beradi. Quruq terini esa tez ajinlar qoplab oladi. Diyetologlar zig‘ir urug‘ini kam miqdorda salat, yogurt va xamirga qo‘shishni tavsiya etadilar.
Kivi – ekzotik mahsulot hisoblansada hozir uni o‘zimizning bozorlarda ham ko‘p uchratish mumkin. Ushbu meva ham terini oziqlantirib, yoshartiradi. Shu sababli parhezshunoslar uni kundalik taomnomalarga kiritishni tavsiya etadilar. Kivi tarkibida ko‘p miqdorda s vitamini mavjud. S darmondorisi organizmda kollagen ishlab chiqarishda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, bu mevadan olingan sharbatdan yuzga niqob qilish mumkin. Uning sharbati yuz terisini tarang qilib, yoshartiradi.
Tuxum – taomnomada uyda boqilgan tovuq tuxumining yetarli miqdorda bo‘lishi ham katta ahamiyatga ega. Chunki, uning tarkibidagi biotin moddasi — V guruhiga kiruvchi vitamin tirnoqlarning tuzilishiga ijobiy tasir etadi. Yana sochlar holatini ham yaxshilaydi. Biotin moddasi organizmda yetishmasa teri qurib, mushaklar bo‘shasha boshlaydi.
SALATLAR VA ULARNI TAYYORLASHDAGI UMUMIY QOIDALAR
Salat — turli mahsulotlar, sabzavotlar, shuningdek, mevalar aralashmasidan mayonez, qatiq, o‘simlik yog‘i aralashtirib tayyorlanadigan xushxo‘r yegulik. Salatlarni turfa bezatib, dasturxonga tortish mumkin. ammo salatlar albatta ishtaha qo‘zg‘atishiga e’tibor qaratish zarur. Ularni juda chiroyli, maxsus idishlarga ajoyib va bayramona bezatib, so‘ngra dasturxonga qo‘ysangiz taklif etilgan mehmonlar ham sizning bekalik mahoratingizga tan beradi. Salat tayyorlashda bir xil mahsulot ishlatilgan bo‘lsada, unga qo‘shilgan ingridiyentlar qanday aralashtirilgani va to‘g‘ralganiga qarab, yana bezatish uchun nimalar qo‘llaganinggizga hamda yana qanday idishda dasturxonga tortishingizga qarab ham uning mazasi turlicha bo‘lishi mumkin.
Aralashtirilgan, aralashtirilmagan va ustiga sous quyilgan ko‘rinishda salatlar tayyorlanadi. Yuqorida ta’kidlangandek birinchi holatda salat uchun tayyorlangan mahsulotlar aralashtiriladi, ikkinchi holatda sabzavotlar aralashtirilmaydi. Sousli salatlar tayyorlashda qirqilgan maydalangan, kesilgan yoki qirg‘ichdan o‘tkazilgan mahsulotlar maxsus idishlar yoki salat solinadigan turli shakl-shamoyildagi chinni yoki shisha, billur buyumlarga solinib ustidan sous quyiladi. Bu xil salatlar meva yoki sabzavotlarning rangiga qarab qavat-qavat yoki aralashtirib idishga solinadi. Idishlarga salatni solib chiqqaningizdan so‘ng uni bezatishga ham katta e’tibor qaratasiz. Ammo salatning ustidagi bezak butunlay uni yopib qo‘ymasligi kerak. Har narsada me’yor zarur. Agar siz dasturxonga turfa salat tortmoqchi bo‘lsangiz uni turlicha bezating. Xren o‘simligi, piyoz, garmdori, sarimsoqpiyoz kabi o‘ziga xos ta’mli mahsulotlarni salat ustidan oson olinadigan qilib idishga joylang. Sababi, hamma ham bu mahsulotlarni xush ko‘ravermaydi.
Ko‘k piyoz, petrushka va shivitni maydalab to‘g‘rab salat ustiiga sepish mumkin. Lekin bu osh ko‘klarning sarxil va endi unib chiqqan, navnihol bandlarini yuvib, butunligicha salat ustini bezatish ham mumkin. Pomidorning kichikroqlarini tanlab, olib, uni xalqasimon yoki bo‘lak-bo‘lak qilib kesish mumkin. Shuningdek, undan qo‘ziqorin va turli gullar shaklini yasash mumkin. Bodringni esa yupqa, dumaloq shaklda to‘g‘rash yoki o‘rtasini kesib, ikki bo‘lak bo‘lgach, har bir bo‘lagini toj shaklida qirqib chiqish mumkin. Bu bezak ham dasturxonga o‘zgacha ko‘rk beradi.
Shirin bulg‘ori qalampirini somoncha, yulduzcha yoki uchburchak shaklda to‘g‘rash mumkin. Rediska, sabzi(xom yoki qaynatilgan holda) va qaynatilgan tuxumdan ham salatlar uchun chiroyli va turfa, bayramona bezaklar tayyorlash mumkin. Maxsus va yapaloq idishlardan tashqari salatlarni uzum, yashil salat, oshko‘k, barglariga ham solib dasturxonga qo‘yish mumkin. Yana non bo‘lagi, quritilgan nonqoqi, vetchina bo‘lagi, kolbasa, pishloq ustiga qo‘yib hamda ichi o‘yib tozalangan pomidor va bodringga joylashtirib, shuningdek, shakarli, qavat-qavat xamirdan tayyorlangan savatchalarga ham salatlarni solib mehmonlarga tuhfa etish mumkin.
TAVSIYALAR
Qizil lavlagi va sabzidan tashqari boshqa sabzavotlarni tuzli suvda qaynatgan ma’qul. Ularni ezilib ketmasdan oldinroq suvdan oling. Shunda ulardan tayyorlangan salatlar ishtahani ochadigan va chiroyli ko‘rinishga ega bo‘ladi. Qaynatilgan sabzavotlar tez tozalanishi uchun ularni sovuq suvga chayib oling.
Baliq va go‘shtdan tayyorlangan salatlarga marinadlangan meva va sabzavotlar qo‘shing.
Sabzavotlar tarkibidagi vitamin va mineral moddalar yaxshi saqlanib qolsin desangiz, ularni sirli idishlarda qaynating.
Tayyorlagan salatingizda S vitamini ko‘proq saqlanib qolishini istasangiz shu zahoti unga bir necha tomchi limon sharbati yoki sirka kislotasi tomizing.
Salat yoki vinegret xushbo‘y va mazali bo‘lishini istasangiz unga bir oz muddat limon po‘stlog‘ini solib qo‘ying.
Salat nomli katta, yashil bargli oshko‘kni bevosita dasturxonga tortishdan oldin idishga soling. Chunki, uni oldinroq yuvib tayyorlab qo‘ysangiz, suv va sirka kislotasi ta’sirida barglari so‘lib, qoramtirroq tusga kiradi. Dasturxonga qo‘ysangiz ko‘rimsiz holatga keladi.
Sabzavotlar ezilmay va yaxshi pishishini istasangiz ularni og‘zi yopiq idishda past olovda pishiring.
OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARINI SAQLASH USULLARI
Ko‘pgina mevalar sovuqni yoqtirmaydi. Misol uchun, tropik mevalardan banan va kivini xona haroratida saqlash kerak. Albatta bunda xona juda issiq va dim bo‘lmasligi kerak. Mevalarni muzlatgichga solishdan avval ozgina sirka kislotasi solingan suvda yaxshilab yuvish kerak. Go‘sht va baliqni muzlatgichning quyi qismida ya’ni, muzxonasida saqlagan ma’qul.
Meva va sabzavotlarni yopiq selofan paketlarda yoki idishlarda qoldirmang. Chunki, ularga havo kirib turishi kerak.
Oshko‘klar hamisha sarxil bo‘lishi uchun ularga namlik kerak. Shuning uchun ularni sovuq suvda yaxshilab, tozalab yuvib keyin qog‘oz sochiqqa zich qilib o‘rab qo‘yish shart. So‘ngra plastik xaltachaga solib, muzlatgichda saqlash lozim. Kartoshkani salqinroq joyda saqlasangiz, ko‘karib, bemaza bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun issiq kunlarda uni ham muzlatgichning quruq va sovuq joyida asrash lozim. Ammo juda sovuqda kartoshka muzlab qoladi. Muzlatilgan kartoshka erigach qay ahvolga tushishi esa hammaga ma’lum.
Makaron, un va guruchni yonida dafna (lavr) yaprog‘i tursa ularni turli zararkunandalardan himoya qiladi.
Bir bo‘lak qand yoki yarim osh qoshiq iste’mol sodasini pishirilgan sutga solsangiz uzoq muddat achimaydi.
Tuxumlarni kichikroq qutilarga solib ustidan yog‘och qipig‘i yoki quruq qumni ko‘madigan qilib sepib qo‘ying.
Tuz nam tortib qolmasligi uchun unga bir oz quruq sholi yoki guruch aralashtirib qo‘ying.
Havo o‘tkazadigan qopni juda sho‘r suvga solib keyin uni quritib un solib qo‘ysangiz zararkunanda hasharotlar tegmaydi.
Oq va qora nonni yog‘och idishning alohida-alohida qismida saqlash kerak. Yoki bu mahsulotlarni sirli, qopqoqli idishda havo o‘tkazadigan sochiq yoki dasturxonga o‘rab qo‘yish kerak. Non solingan idishga olma, sabzi yoki kartoshka ham solib qo‘ying. Shunda non yumshoq holda turadi. Lekin bu sabzavotlarni har kuni almashtirib turish zarur.
Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi