Botir o‘g‘lonlar yurt xizmatiga otlanmoqda

Saf tortib turgan bo‘lg‘usi Vatan posbonlarini ko‘rib faxrga to‘lasan, kishi. Orzulari osmon, maqsadi teran, g‘ayrati to‘lib-toshgan bu yigitlar yurt tinchligini yanada mustahkamlash uchun harbiy xizmatga otlanishmoqda. Ha, bu yoshlikka xos bo‘lgan ishtiyoq, nurli kelajakka ishonch va intilishdir.

Vatan himoyachisi bo‘lish, askarlik libosini kiyish bugun yigitlar uchun faxr, iftixor. Ular ulug‘ ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish uchun astoydil harakat qilayotgani sir emas. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “… minglab yoshlar uchun armiya saflarida xizmat qilish ularning shaxs sifatida shakllanishida o‘ziga xos poydevor bo‘lmoqda, hayot yo‘llarini tanlashda, oliy ma’lumot, shu jumladan, harbiy ma’lumot olishda keng imkoniyatlar ochib bermoqda. Bugungi kunda aynan mana shu yoshlar mamlakatimizning puxta tayyorlangan kadrlar zahirasini, O‘zbekiston kelajagining tayanchi va suyanchini tashkil etmoqda”. Ayni kunlarda mamlakatimizda belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘g‘lonlarni Qurolli Kuchlar safiga kuzatish tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari yig‘in punktlarida ham muddatli harbiy xizmatni o‘tashga otlangan yigitlarning kuzatuviga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

– Har bir ota-ona uchun farzandi kamolini ko‘rishning o‘zi bir baxt. Harbiy kiyimi o‘ziga yarashgan farzandimga qarab, ana shunday baxt sururini his qilayapman. Endi u ham azamat yigitlar safida tinchlikka qalqon bo‘ladi, – deydi Sabohat aya Mirsaidova hayajon bilan. – Bundan behad shodman. O‘g‘limning yurtga tirgak bo‘ladigan yoshga yetganidan, Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek ulug‘ ishga bel bog‘laganidan juda baxtiyorman. Uning harbiy libos yarashib turgan qaddi-bastiga tikilib to‘ymayapman. Nazarimda yanayam ulg‘aygandek. Armiyada xizmat qilish Mirazizjonning bolalik orzusi edi. Mana, orzusi amalga oshdi. Farzandimning yigitlik burchini vijdonan ado etishiga ishonaman.

Ha, ushbu kun ota-onalar xotirasida quvonchli va unutilmas sana sifatida muhrlansa, ajabmas. Bu ko‘tarinkilik kuzatuvchilarning mehr balqib turgan yuz-ko‘zlaridan, samimiy so‘zlaridan ham bilish mumkin.

Darhaqiqat, armiya maktabida toblangan o‘g‘lon borki, kelajak yo‘lini yorqin belgilay oladi. Ayni damda muddatli harbiy xizmatga otlanayotgan yigitlarni ham suhbatga tortdik.

– Toshkent aloqa kasb-hunar kollejini tamomladim. Bugun Vatanim oldidagi burchimni o‘tashga yo‘l olyapman. Ota-onalar bizga ezgu tilak va istaklar bildirishdi. Bu ishonch zamirida tinchlikparvar xalqimizning cheksiz mehri borligini sezdim. Bundan g‘ururlandim, – deydi chaqiriluvchi Miraziz Xoliqov. – Muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga o‘qishga kirmoqchiman. Insonda izlanish, intilish bo‘lsa, albatta, orzulari ro‘yobga chiqadi. Men ham mana shu hayotiy haqiqatga amal qilaman va albatta, ko‘zlagan maqsadimga yetaman.

Yana o‘qing:  Pensiya va nafaqalar – ijtimoiy himoya asosi

Mustaqil yurtda voyaga yetgan qaddi raso, aqli zako farzandlar, albatta, ezgu ishlarga intiladi. Poytaxtimizning “Anorzor” mahallasida voyaga yetgan Miraziz singari yuragi yurt mehri bilan yoniq yigitlar esa Vatanimizning, hurligimizning jonfido posboni bo‘lishiga ishonamiz.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: