NAVOIY VA BOBO PIRIY

Inson shuuriga muhrlanib qoladigan hikmatlar, juda oddiy va ayni chog‘da, hayotiy-ibratli misollar umrboqiy kitoblarni bezaydi. O‘quvchiga ma’naviy ozuqa beradi, ruhini yuksaltiradi, tozalikka undaydi. Alisher Navoiy asarlarini o‘qigan odam yangidan-yangi ma’nolarni kashf etadi.

Barchaga ma’lumki, shoir “Nasoyim ul muhabbat” asarida ko‘plab ulug‘ zotlarni zikr etadi. Ularning hayot tarzi, noyob insoniy fazilatlari, dunyoqarashi xususida qisqa, ammo juda nodir ma’lumotlarni keltiradi. O‘rni kelganida o‘sha ulug‘ zotlarning hikmatlarini eslab o‘tadi.

Navoiy Abu Amr Nujaydni zikr etib yozadi: “Uning so‘zidirki, “sukut so‘zga nisbatan ta’cirliroq va tez yetib boradi”. Albatta, bunday mulohazalar odamni sukutga o‘rgatadi, nafsini tarbiyalash va o‘ziga nazar solishga undaydi. Boshqa bir sahifada “Orif kim?” degan savolning javobi keladi: “Orif qalbini mavlosiga, jasadini xalqiga bag‘ishlagan kishidir”. Nihoyatda qisqa, g‘oyatda o‘rinli mulohaza. Orifning ko‘nglini Yaratguvchi o‘z nuri bilan yoritadi. Orif U zotga bo‘ysunadi, ayni choqda, dunyodan uzilmaydi, go‘yo yer yuzida abadiy qoladigandek butun vujudi bilan ishlaydi. Bu bizga hazrat Bahouddin Naqshbandning “Dil bayoru dast bakor” – “Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin”, degan hikmatini eslatadi. Ulug‘ zotlardan biri hamisha nafsini tergab umr kechirgan ekan. U aytadiki: “Muntazam nafsga xilof ish qilish barakadir. Hayotimda bir marta unga bir qadam hamrohlik qildimu yillar davomida buning jabriga chora topa olmadim”. Nafsni o‘z erkiga qo‘yish, nafs qutqusiga, hoyu-havaslarga berilish, unga hamrohu hamqadam bo‘lish oqibatida odamning rizqidan, oilasi va umridan baraka ko‘tariladi. Bir nafas nafsning yo‘rig‘iga yurgan odam ustiga yog‘ilgan balolarni o‘zidan ketkazish uchun yillar davomida tavba va taqvoni kuchaytirishi lozim bo‘ladi.

Alisher Navoiy “Nasoyim ul muhabbat”da juda ibratli hikoyat va rivoyatlarni, o‘ziga xos “xoriqul odat” zotlarning karomatlarini qalamga oladi. Bir o‘rinda Bobo Piriy degan devonatabiat kishini eslaydi. Uning jazbalari o‘ta-haddan tashqari kuchli bo‘lib, ko‘p hollarda u borliqni, voqea-hodisalarni mutlaqo anglamaydi. Bu zotning g‘alati bir odati bo‘ladi: odamlarni juda yomon-axloqsiz so‘zlar bilan haqoratlaydi. Shu sabab xaloyiq undan o‘zini uzoq tutadi. Alisher Navoiy ham Bobo Piriy maskaniga yaqin kelganda, yo‘nalishini boshqa ko‘chaga burib, garchand bir oz uzoqroq bo‘lsa ham, o‘z manziliga aylanma yo‘l orqali ketadi. Bu holatni bir necha kuzatgan topqir hamrohi Navoiydan: “Har doim Bobo Piriyning manziliga yetgandan, yo‘lni boshqa tomonga burib ketasiz. Boboning oldidan o‘tmaysiz, buning sababi nima?” deb so‘raydi. Shunda Hazrat Navoiy: “Bobo Piriy juda adabsiz so‘zlar bilan odamlarni so‘kadi, haqoratlaydi, menga shu xulqi xush kelmaydi. Uning fahsh so‘zlarini eshitishni istamaganim uchun yo‘lni boshqa tomonga buraman”, deydi. Shunda hamrohi: “Aytishlariga qaraganda, Boboning karomati bor emish. Yaxshisi, bir uning yonidan o‘tib ko‘ring-chi. Agar karomati rost bo‘lsa, sizga beadablik qilmagay”, deb Navoiyni imtihon yo‘liga boshlaydi. Alhosil, bir kuni Navoiy Bobo Piriyning oldidan o‘ta boshlaydi. Boboning og‘izidan birorta beadab-haqorat so‘zi chiqmaydi. Aksincha, u doimiy odatiga xilof ravishda tavoze’ bilan Alisher Navoiy haqiga yaxshi so‘zlar bilan duolar qiladi…

Yana o‘qing:  Erkaklarning akusherlik va ginekoliya sohasini tanlashi borasidagi savol bahsga sabab bo‘ldi

Bu voqea odamni tafakkurga yo‘llaydi. Alisher Navoiydek ulug‘ shoir qalbini, ma’naviy olamini hammani birvarakayiga bo‘rab so‘kadigan Bobo Piriydek devonatabiat kishi ham his qilishini anglatadi. Bobo Hazratning ichki olamini farosat ko‘zi bilan ko‘radi, fahmlaydi, ulug‘ligini e’zozlaydi. Doimiy so‘kinchga odatlangan til Hazratni ko‘rganida ezgu so‘zlarni so‘zlaydi. Ko‘ngil ko‘ngil bilan sirlashadi; ma’naviy rishtalar ichdan bog‘lanadi; nurlar tutashadi, ruhlar uchrashadi, dillar g‘oyibona gurunglashadi. Hammani haqoratlaydigan so‘kong‘ich devona behushlik, aqlsizlik, nodonlik manzilidan ezgulik maqomiga ko‘tariladi. Tosh qotgan yurak, so‘finaqsh kimsalar ba’zan aqalli o‘sha telbavor odam darajasida inson ko‘ngilini anglamaydi; tanishlari ko‘ngli bilan hisoblashmaydi. Zotan manfaatlar to‘qnashgan, nafs jilovi qo‘ldan chiqqan, ko‘zlar o‘g‘rincha o‘ynoqlagan muhitda ko‘ngil kirlanadi. Yurakni vahshat buluti qoplaydi. Gohida odam odamni anglamaydi va hatto anglashni istamaydi. Ko‘z ko‘ngildan, ko‘ngildagi iymon bulog‘idan suv ichsagina odamning nazari tiriladi. Zero, ko‘z ildizi ko‘ngilda bo‘ladi.

Alisher Navoiyning tabarruk dargohida bunday tafakkur darslari uzluksiz davom etajak.

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: