TURONNING ALP QIZLARI

Andijon viloyati Xonobod shahrida tug‘ilgan Muhtaram Aliyeva haqida

MXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatidagi hamkasblarimiz chegarachi ayol haqida gazeta sahifalarida yoritish uchun ularda munosib nomzod borligini bildirdilar. Va u haqida ko‘pdan ko‘p iliq fikrlar aytib, polvon ekanligini alohida ta’kidladilar. Bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildik. Chunki har doim ham polvon ayollar bilan uchrashavermaymiz-da.

“O‘rta Osiyo xalqlari eposlarida kuylangan Qonikey, Qorabo‘rk, Oqiloy, Qarlig‘a, Oybarchin, Ozoda Chehra, Malika Ayyor, Oysuluv, To‘maris, Bayansuluv, Yunus pari, Gulnor pari, Guloyim, Sayqal, Orzigul kabi jangovar ayollar obrazlarida ozmi-ko‘pmi tarixiy haqiqat mavjud”.

Musina G‘olimaning “Turonning alp qizlari” kitobidan

“U KELDI…”

Uchrashuv vaqtini belgilab, polvon ayolni kuta boshladim. U haqida dastlab eshitganimdayoq ko‘z o‘ngimda baland bo‘yli, yelkalari keng, zabardast, ovozlari ham o‘ktam jaranglaydigan inson ko‘z o‘ngimda gavdalangan. Chegarachi ayol haqida ana shunday boy tasavvurlar bilan vaqt o‘tgani ham sezilmadi. Nihoyat u keldi. Ammo… Uning o‘rniga boshqasini yuborganga o‘xshaydilar.

Qarshimda baland bo‘yli bo‘lmagan, nozikkina, ovozi mayin ayol turardi. Kichik serjant Muhtaram Aliyeva deb tanishtirdilar uni. Bu ayolni darhol tanidim. U 2011 yili Qurolli Kuchlarimizning shonli o‘n to‘qqiz yilligi bayrami munosabati bilan muhtasham “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda mamlakatimiz Prezidentining Farmoniga ko‘ra davlatimizning yuksak mukofoti “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi. Bu ko‘pchilikning yodida bo‘lishi kerak: kichik jussali, xatti-harakatlari dadil harbiy ayolni butun zal o‘zgacha mehr bilan uzoq olqishlagan edi, o‘sha dam.

Kichik serjant Muhtaram Aliyeva aslida ham polvon degan martabaga har jihatdan munosib. U sportning og‘ir atletika turi bilan shug‘ullanadi.

“…Barchin, Guloyim, Yunus pari, Misqol pari, Xoldorxon, Gulchehra, Malika Ayyor, Gulixiromon va Xon Dalli kabi ayollar go‘zalligi, oqilaligi, ishqda vafodorligi, jangu jadallarda qo‘rqmasligi va epchilligi bilan ajdodlarimiz xotirasida chuqur iz qoldirgan. Ular qadim zamonlarda yashagan Go‘ro‘g‘li, Avaz singari alplar bilan teng kurasha oladigan pahlavon qizlar timsollarini eslatadilar”.

Musina G‘olimaning “Turonning alp qizlari” kitobidan

“SHERNING ERKAGI HAM URG‘OCHISI HAM SHERDIR”

…Muhtaram bolaligida juda nimjon bo‘lib, tez-tez kasal bo‘lardi. Bir gal juda qattiq og‘rib qoldi. Hech o‘ziga kelavermagach, shifokorlar qizaloqni ota-onasiga “umid yo‘q” deb qaytarib berdilar. “Bunday bo‘lishi mumkin emas, Muhtaram yashaydi, yashaganda ham hammani qoyil qoldirib yashaydi” – ota shunday o‘yladi, umidsizlikka tushmadi. Xudoyberdi aka qizalog‘i uchun jonini berishga tayyor edi. Shu kundan boshlab qizaloqqa o‘zi qaray boshladi. Hammani hayratga solib, qizaloq sekin-asta o‘nglandi.

Yana o‘qing:  Ustoz – kelajak ijodkori

Ota anchagina o‘ziga kelib qolgan qizalog‘ini yetaklab Xonobod shahridagi sport to‘garagiga olib bordi. Bu yerda umuman qizlar yo‘q edi. Hayron bo‘lgan murabbiyga ota vaziyatni tushuntirdi. Va shu kundan boshlab, sport qizning hayoti mazmuniga aylandi. Maktabda o‘qib yurgan kezlari u sardorlik qilgan jamoa “Quvnoq startlar” sport musobaqasida bir necha bor respublika bosqichida muvaffaqiyat bilan ishtirok etdi.

1997 yildan sportning og‘ir atletika turi bilan shug‘ullana boshladi. 2003 va 2008 yillarda pauerlifting bo‘yicha Osiyo chempionatida ikki bora bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2010 yilda jahon chempionati bahslarida muvaffaqiyatli qatnashib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bunday yutuqlarida xonobodlik jismoniy tarbiya muallimi Bozorboy aka Jumanov, sport ustasi Albert Valeev, xalqaro toifadagi sport ustasi Zufar Bibarsevlarning alohida xizmatlari bor.

Sharqda “Sherning erkagi ham urg‘ochisi ham sherdir” deb bejizga aytilmagan.

“Qipchoqlar, xunnlar va boshqa turkiy qavmlarning bahodirligi Ovruponi larzaga keltirgan edi.

Ularning xotinlari ham erlariday pahlavon va jangovar edi. Rus knyazlari bu xalqlar bilan goho jang qilar, goho do‘stlashar, ayniqsa, Kiyev va Novgorod knyazliklari bir-biriga qarshi urushda turkiy xalq xonliklaridan yordam olardilar. Pahlavon o‘g‘illar ko‘rish uchun turkiy xalqning qizlariga uylanar, o‘g‘illariga kelin qilishga intilardilar…”

Ko‘hna tarix bergan xabarlardan

ShARAFLI KASBNI

ARDOQLAB

Muhtaram g‘ayrat-shijoatiga munosib ish bilan band bo‘lishni istardi. Uning nazarida harbiy xizmat aynan orzusidagi kasb edi. Uzoq o‘ylab o‘tirmay maqsad sari dadil harakatni boshladi. Sinovlarning murakkabligiga qaramasdan muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Qisqa vaqt ichida harbiy jamoada o‘z o‘rnini munosib ravishda egalladi. Uning ovozasi o‘zi tug‘ilib, voyaga yetgan Xonobod shahridagi mahallaga-da tarqaldi. Ko‘pchilik o‘g‘ilu qiz uning ortidan ergashdi, sharafli kasbni tanladi.

– Harbiy xizmatning o‘ziga xos murakkab tomonlari ham bor, – deydi kichik serjant Muhtaram Aliyeva. – Ammo kasbingizga chin yurakdan mehr qo‘ysangiz, sevsangiz qiyinchiliklar deyarli sezilmaydi. Sharafli kasb menga unutilmas lahzalarni tuhfa qilgan. 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov harbiy qismimizga tashrif buyurganlar, nima uchun harbiy xizmatni tanlaganim bilan qiziqqanlar, harbiy xizmat og‘irlik qilmayaptimi, deb so‘raganlar… bunday e’tibordan to‘lqinlanib ketganman. Bu unutilmas uchrashuv haqida eshitganlarida ota-onam, opa-singillarim ham quvonishgan… Bunday paytlarda hayotimda qanchalar to‘g‘ri qaror qabul qilganimni yurakdan his qilaman.

Yana o‘qing:  YURT – OBOD, EL – BAXTIYOR

“Turkiy xalqlarning harbiy qo‘shinlari bo‘linmalarga bo‘linib, ularga o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi tayinlangan. Tinch hayotda ham shunday hayot tarzi hukm surgan. Bunday boshliqlar ba’zan ayollardan ham saylangan”.

L.Gumilyovning ilmiy

tadqiqotlaridan

“GINNESNING

REKORDLAR KITOBI… O‘ZBEK QIZI HAQIDA”

– Orzularim ko‘p… Men Ginnesning rekordlar kitobida o‘zbek qizining ham nomi qayd etilishini istayman. Bu faqat istak emas, astoydil harakat qilyapman. Avval Neksiya rusumli avtomashinaning bittasini tortib yurg‘azdim. Hozir esa bunday avtomashinalardan birvarakayiga to‘rttasini o‘rnidan siljita olaman. Ayni kunda bir nechta vagondan iborat poyezdni tortish uchun mashq qilyapman. Aynan mana shu ishim bilan yangi rekord o‘rnatish orzusidaman.

“Ko‘kaldosh olp turib aytdi:

O‘zbek qizining dami baland ekan: Ko‘kamon! Tushib sudrab chiq bu yoqqa! “Ko‘kamon olp otdan tushib, otni uyining bedoviga ildirib, bohona qimiz so‘rab alamzada bo‘lgan uyning ichkarisiga kirdi. Barchinning kanizlari qo‘rqib, uyning to‘riga to‘planib turgan edi. Barchin ibo qilib, teskari qarab turib edi, Ko‘kamon olp Barchinning burumidan ushlab, poygaga qarab torta boshladi. Barchin o‘zini o‘ngarib, qo‘lini uzatdi, bir qo‘li Ko‘kamonning yoqasiga yetdi, bir qo‘li bilan belbog‘idan tutdi-yu, “Yo pirim!” – deb ko‘tarib, chalqaraman qilib yerga qo‘ydi. Chap tizzasini ko‘kragiga qo‘yib turdi. Ko‘kamonning og‘zi-burnidan drak-drak qon keta berdi. Ko‘kaldosh alp turib aytdi: – Ko‘kamonga qaranglar, u nimaga chiqmadi?

Birovi kelib, ot ustidan qarab, Ko‘kamonni ko‘rib: – E, o‘zbekning qizi Ko‘kamonni bosib o‘ldirib qo‘yibdi, – dedi.

Bu so‘zni eshitib, bir kam to‘qson olp otdan o‘zini tashlayberdi”.

“Alpomish” dostonidan

VATAN…

– Uni ta’riflashga urinsam bo‘g‘zimga nimadir tiqilib keladi… Ta’rifi bemisldir, so‘zlar bilan ifodalashga ojizman, – deydi Muhtaram.

Chegarachi ayolning onasi Mahbuba opa qirq yil davomida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq bergan. Muallimlik – fidoyilik demak. Muhtaram fidoyi muallimaning fidoyi qizidir. Onasi kabi vazmin, nojoiz so‘z aytmasligi. O‘ylab gapirishi ham unga o‘xshaydi. Shunday bo‘lsa-da, u ko‘proq otasi haqida gapiradi:

– Otam bo‘sh vaqtlarida bog‘da daraxtlar parvarishi bilan band bo‘lardilar. “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan gapni ko‘p takrorlardilar. Men ham bo‘sh vaqtlarimda shunday ishlar bilan shug‘ullangim keladi. Xuddi otam kabi gullarga, daraxtlarga mehrim baland. Bog‘ yaratishni orzu qilaman, rejalar tuzib qo‘yganman. Kelgusi yili qirq yoshga to‘laman. Bog‘ yaratish orzuim ayni amalga oshadigan palla. Qirqta mevali daraxt ko‘chati o‘tqazib, parvarishlashni niyat qilib qo‘ydim. Bu bog‘ bolalar maydonchasining oldida bo‘lsa deyman. Umr insonga bir marta beriladi. Shunday ekan, inson o‘zidan yaxshi iz qoldirmog‘i lozim. Umrimni xayrli ishlarga sarflab, uni mazmundor o‘tkazsam, deyman.

Yana o‘qing:  OPPOQ QORGA BURKANAR OLAM

“Qadimda malika Semiramida hukmronligi davridan qolgan yozuvda bir ayol qudratining nechog‘lik yuksakligi shunday ifodalanadi: “Men daryolarni o‘zim xohlagan tomonga oqishga majbur etdim, men ularning foydali bo‘lgan joylargagina oqishini istardim. Men hosilsiz yerni daryolarim suvi bilan sug‘orib, serhosil qildim…”

Qadimgi yozma manbalardan

Darhaqiqat, ayol qo‘llari mo‘jizakor kuchga ega. Farzandlar o‘stirib, avlodlar davomiyligini ta’minlagani kabi, qaqragan yer yuzini ochib, o‘lik zaminga abadiyat tirikligini bag‘ishlaydigan ham ayoldir.

Inobat IBROHIMOVA,

Bahrom ABDURAHIMOV olgan suratlar.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: