ARPABODIYON – ShIFOGA KON
Abu Ali ibn Sino arpabodiyon haqida shunday deydi: “U ko‘zni o‘tkir qiladi hamda ko‘zga suv tushish (ya’ni, katarakta) boshlangan vaqtda foyda qiladi. Buyrak va qovuqqa nafi bor. Urug‘ini ildizi bilan qo‘shib yeyilsa, ichni qotiradi”.
Ovqatga ziravor mahsulot sifatida arpabodiyonning to‘liq pishib yetilgan urug‘lari qo‘llaniladi. Arpabodiyon mevasi tarkibida 1, 2-3, 2 foiz (ba’zan 6 foizgacha) efir moyi, 28, 4 foizgacha moy, oqsil va boshqa moddalar bor. Arpabodiyon efir moyi rangsiz yoki sarg‘ish rangli suyuqlik bo‘lib, o‘ziga xos yoqimli hid va shirinroq mazaga ega. U 80-90 foizgacha o‘zining asosiy tarkibiy qismi – anetoldan tashkil topgan. Uning urug‘ining tarkibida kaliy, kalsiy, temir, mis, rux, xrom, alyuminiy, selen, molibden, stronsiy, nikel, bor va boshqa makro va mikroelementlar tuzlari bo‘ladi.
Qadimgi tabiblar o‘zlarini davolash jarayonida arpabodiyon mevasini keng ishlatganlar. Yuz va oyoq shishlarida, jigar, qorataloq, buyrak, qovuq kasalliklarida, qiyinlashgan nafas olishda, bosh og‘rig‘ida, ko‘z va boshqa kasalliklarda hamda peshob haydovchi vosita sifatida tavsiya qilingan.
Xalq tabobatida arpabodiyon mevasidan tayyorlangan damlama bilan me’da-ichak kasalliklari davolanadi. Bu damlama yana ishtaha ochuvchi, peshob va o‘t haydovchi, terlatuvchi, yengil surgi hamda chanqovni bosuvchi dori sifatida qo‘llanadi.
Arpabodiyoning efir moyi antiseptik, yallig‘lanishga qarshi hamda shilliq qavatlarga kuchli qitiqlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun arpabodiyon mevasi, efir moyi va ulardan tayyorlangan dori turlari ilmiy tibbiyotda bronxit va nafas olish yo‘llarining boshqa yallig‘lanish kasalliklarida balg‘am ko‘chiruvchi, yo‘talni to‘xtatuvchi dori sifatida hamda ovoz bo‘g‘ilishi hollarini davolash uchun ishlatiladi. Mevasi va efir moyi yana buyrak, siydik pufagi va peshob yo‘llari kasalliklarida, ich dam bo‘lganda yel haydovchi vosita sifatida, ichak faoliyatini yaxshilash uchun hamda ba’zi gripp (O‘RVI) kasalliklarining davolashda qo‘llaniladi.
Arpabodiyon mevasi surgi sifatida ishlatiladigan hamda yuqori nafas yo‘llari yallig‘laganda qo‘llaniladigan balg‘am ko‘chiruvchi, ko‘krakni yumshatuvchi va uni og‘rig‘ini qoldiruvchi yig‘malar – choylar tarkibiga kiradi. Farmatsevtika amaliyotida efir moyi yoqimsiz ta’mli dori turlarini mazasini va hidini yaxshilash uchun ishlatiladi.
Maqsuda NODIROVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji “Kattalarda hamshiralik parvarishi” kafedrasi o‘qituvchisi