Mittivoyning mitti ulovi
Ona farzandi bilan eng ko‘p vaqtini o‘tkazadigan asosiy tarbiyachidir. U farzandini turli xil kasalliklardan muhofaza qilib, butun vujudi bilan shirintoyni sog‘lom o‘sishiga ko‘maklashadi. Ona nafaqat farzand tarbiyasi, balki uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan ham shug‘ullanadi.
Aynan shunday paytlarda ular kattalarning yordamisiz, kichkintoyning mustaqil harakatlana olishiga yordamlashuvchi aravachalarga ehtiyoj sezadi. Mazkur vositalar nafaqat ona uchun ko‘makchi, balki, bolaning mustaqil harakatlana olishida, uning ilk qadamlarini tashlashida yaqin yordamchi vazifasini o‘taydi.
Bola olti oylikdan boshlab tanasini to‘g‘ri ushlashga harakat qiladi. Bu esa uni yurishga qaratilgan ilk qadamlari hisoblanadi. Uning yurishiga ko‘maklashuvchi aravachadan bola hali kattalarning ko‘magisiz, o‘zi bemalol yura olmagan holatlarda foydalaniladi.
Aravacha tanlash
Aravachaning balandligi bola bo‘yiga qarab tanlanadi. Agar bola moslamaga o‘tkazilganda uning oyog‘i yerga tegib tursa, u oyog‘ini egiltirgan holatda harakatlanadi bu esa tayanch-harakat tizimidagi jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi.
Har bir aravachaning o‘z ma’lumotlari yozilgan hujjati bo‘ladi unda bolaning bo‘yi va vazni belgilab qo‘yiladi. Belgilangan tana vazniga rioya qilish bola salomatligi uchun juda muhim. Hozirgi kunda aravachalarga qo‘shimcha imkoniyatlar ham yaratilmoqda. Xususan bola yig‘laganda uni ovutish uchun maxsus musiqa chaladigan moslama va o‘yinchoq aravacha stoliga biriktirilgan. Mazkur stoldan musiqiy qismni olib qo‘yib, foydalansa ham bo‘ladi.
Aravachadan farzandingiz mustaqil ravishda tik turishni boshlagan paytdan foydalanishingiz mumkin. Agar farzandingiz bilan bog‘liq turli muammolar bo‘lsa, ushbu moslamadan foydalanishdan oldin bolalar shifokoriga murojaat qilib maslahat oling.
Aravachaning asosi keng va mustahkam bo‘lishi kerak. Bola engashganida yoki qaltis harakatlar qilganida aravachadan ag‘darilib ketishi mumkin. Bola harakatlanish jarayonida biror buyumga urilganda aravacha old qismi rezina yordamida himoyalanishiga e’tibor qaratish lozim.
Mazkur vositaning g‘ildiraklari soni qancha ko‘p bo‘lsa, u shuncha yaxshi harakatlanadi. G‘ildiraklar turli tomonga osonlik bilan harakatlanishi uchun kerak. Aravacha o‘rindig‘i chuqur bo‘lsa bola unga yaxshi joylashadi. Mazkur moslamaga o‘tirganda barcha og‘irlik kichkintoyning oyoq sohasiga tushishini inobatga olgan holda o‘rindiq keng va mustahkam bo‘lishi lozim. Baland va mustahkam suyanchiq yordamida bola harakatlanish davomida ag‘darilib ketmaydi. Va asosiysi o‘rindiq yuvishga qulay, uning almashtiriladigan astari mavjud bo‘lishi kerak.
Bolangizni hech qachon qarovsiz aravachada uzoq muddat qoldirmang. Terisida qizarishlar, yallig‘lanishlar borligini sezsangiz tuzalib ketguniga qadar aravachadan uzoqroq tuting. Farzandingizda raxit kasalligi belgilari bo‘lsa undan foydalanmang.
Oyoq mushaklari tarangligining juda yuqori va o‘ta past holatlarida hamda uning tayanch-harakat tizimida muammolar bo‘lsa aravachadan foydalanmang. Bolaning kayfiyatiga ham e’tibor bering, agar u o‘tirishni istamasa yaxshisi uni majburlamang.
Dastlab o‘tirishni uch daqiqadan boshlash kerak. Keyinchalik uning vaqti asta-sekinlik bilan 40 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirib boriladi. Uning umurtqa pog‘onasiga haddan tashqari og‘irlik tushirmang. Kun davomida 1-2 marotaba aravachadan foydalaning.
Yurishga ko‘maklashuvchi aravachaning o‘ziga xosligi
Kichkintoy aravachada turli xil harakatlarni bajarishi mumkin. Masalan: tik holatda turishi, tez harakatlanishi, yurishi natijasida uning mushaklari rivojlanishi osonlashadi.
Bola aqlan rivojlana boradi. Chunki, tik holatda bola ma’lumotlarni o‘ziga tez qabul qiladi. U oldin ahamiyatsiz bo‘lib ko‘ringan buyumlarni endilikda qiziqish bilan kuzatadi va moslamada yurib borib, ularni qo‘li bilan ushlashga o‘rganadi. Faol harakatlanish va ko‘tarinki ruhiyat natijasi uning ichki a’zolari rivojlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Uning salbiy xususiyatlari
Bola aravachadan uzoq muddat foydalansa mustaqil ravishda harakatlanishga ehtiyoj sezmaydi. Shu sababli bu kabi aravachalardan foydalangan bolalar boshqalarga nisbatan kechroq yura boshlaydi. Uzoq vaqt davomida tanaffuslarsiz mazkur vositada harakatlanish natijasida oyoqlarga og‘irlik tushadi. Natijada oyoq shaklining o‘zgarishiga olib keladi, umurtqa suyagi qiyshayadi.
Moslamadan foydalanish barobarida o‘zingiz ham kichkintoyning yurishiga yordamlashing. Havo ochiq kunlari kichkintoyni tabiat qo‘yniga ko‘proq sayrga olib chiqing. Unutmang, bu kabi yordamchi moslamalar xizmati onaning himoyachi qo‘llari o‘rnini bosa olmaydi. Bu moslama sizga shunchaki yordamchi vazifasini o‘taydi.
Xurshida Husenova