Qalbida quyosh yashaydi

Gazeta tahririyatida ish boshlagan kunlarimda qo‘shni “Tong yulduzi” tahririyatida ishlaydigan sinchalakdek serharakat, sermulozamat ayol e’tiborimni tortdi. U ochiq chehrasi bilan doimo salom-alikni kanda qilmas, atrofida “g‘ujg‘on” ijodkor bolalar bilan doimo suhbatda bo‘lar edi. Jamila Haydarova bilan shu yo‘sinda tanishgandik.

Falakning gardishini qarangki, yillar o‘tib Jamila opa tahririyatimizga ishga o‘tdi. Qotmadan kelgan, kichik jussasida hamisha kimningdir og‘irini yengil qilishdek ulkan mas’uliyati bor. Tahririyatdan berilgan topshiriqlarni, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni vaqtida bajarar, yangi-yangi mavzularga qo‘l urar, shuningdek, tahririyat qoshida o‘zi tashkil etgan “Nafis g‘unchalar” to‘garagi a’zolariga ijod sir-asrorlarini o‘rgatish uchun ham vaqt topar edi.

Ro‘zg‘or tashvishlariyu, farzandlar tarbiyasidan ortib, ijodga sho‘ng‘igan opaning ba’zan o‘ychan boqishlari, ba’zan g‘ayrat aks etib turgan nigohiga qarab barcha ishlarga qanday ulgurar ekan, deb o‘ylab qoladi kishi.

Tushlik paytlari o‘zaro suhbat chog‘i bolaligi haqida ko‘zlari yonib gapirayotgan Jamila opaga qarab, o‘zi ham yana bolaga aylangandek bo‘lganini ko‘rardim. Aniq fanga asoslangan hisob-kitob ilmi iqtisodchilikdan ijodkorlikkacha yo‘lni bosib o‘tgan hamkasbim ustozlari haqida to‘lqinlanib gapiradi:

– Menda ijodga bo‘lgan havasni ota-onam uyg‘otgan. Chunki, padari buzrukvorim Musoqul ota biz qatori o‘yinqaroq qo‘ni-qo‘shnilarning bolalarini kechqurun atrofiga yig‘ib Fuzuliy, Navoiy, Muqimiy, Furqat kabi buyuk o‘zbek mutafakkirlarining g‘azallarini ularga o‘qib berar edi. Onajonim Maxfirat aya esa uy ishlari bilan band chog‘ida shirali ovozda “Qora ko‘zim”, “Fig‘onkim” kabi mumtoz qo‘shiqlarni kuylardi. Ota-onam oiladagi sakkiz nafar farzandning diliga yo‘l, tarbiyasiga vaqt topgan.

Jamila opaning otasi Musoqul bobo qurilishda brigadir va ish boshqaruvchi bo‘lib ishlasada, ijodga havasi baland bo‘lgani bois qizining ishtiyoqini hamisha qo‘llab – quvvatlar edi.

Uning ilk she’rlari “Paxtakor ovozi” tuman gazetasida chop etildi. Bir kuni Narpay tumani yoshlar anjumanida u o‘zining tinchlik haqidagi she’rini o‘qib olqishga sazavor bo‘ldi. Yuqori sinf o‘quvchisining ishtiyoq bilan jarangdor ovozda o‘qigan she’riga zal suv quygandek jim bo‘ldi. So‘ngra anjuman ishtirokchilari qatori tuman rahbari Azim Tillayev (rahmatli) ham o‘z hayratini yashira olmay uni olqishlab qo‘ydi. Keyin tuman gazetasi bosh muharriri Umar Aliqulovga qarata “Bu o‘quvchiga e’tibor beringlar, u kelajakda Narpay tumanining sha’nini ulug‘laydi… ”dedi.

Yana o‘qing:  Diqqat, tanlov: “Baxtiyor onalik va bolalik”

Bu so‘zlarga farishtalar omin, degan ekanmi yillar o‘tib J. Haydarovaning “Ona yurtim – Narpayim” nomli kitobi dunyo yuzini ko‘rdi.

Bir kuni chaqalog‘i Nuriddinjonni shifokor ko‘rigidan o‘tkazib qaytayotgan Jamila opaga ustozi, tuman gazetasining keyingi bosh muharriri Toshpo‘lat Toshmurodov duch keldi. Salom-alikdan so‘ng ustoz shogirdiga tanbeh berdi. “Ha, qiz bola turmushga chiqqach, ro‘zg‘or tashvishlari bilan o‘ralashib, so‘nib qolar ekanda-a?! Nega gazetamizga yozmay qo‘ydingiz? Sizdan yangi she’rlar kutib qolamiz”. Bu so‘zlar unga qattiq ta’sir qildi. Tonggacha mijja qoqmagan opa dam go‘dagini ovutib, dildagi tug‘yoni aks etgan ijod namunalarini ertalab bosh muharrir stoli ustiga qo‘ydi. “Ana ish boshqacha bo‘libdi, yashang” degan Toshpo‘lat akaning daldasi unga kuch bag‘ishladi go‘yo. Tuman gazetasi qoshidagi “Umid g‘unchalari” to‘garagi uni havaskor ijodkor sifatida kashf etgan bo‘lsa, hayotda olgan saboqlari uning irodasini tobladi.

Jamila Haydarovaning ilk she’riy to‘plami “Oq tonglardan izlayman” deya nomlandi. Keyinchalik opa oilasi bilan poytaxtga ko‘chib keldi. Bu yerda u “Tong yulduzi” nomli Respublika bolalar va o‘smirlar gazetasida bo‘lim muharriri, mas’ul kotib, keyinchalik “G‘uncha” jurnali va “Sog‘lom avlod” gazetalarida ham mas’ul vazifalarda faoliyat yurita boshladi. “Bahor elchilari turnalar”, “Kamalak”, “Ona yurtim – Narpayim” kabi she’riy va nasriy to‘plamlar uning mashaqqatli mehnat va ijod mahsulidir. J. Haydarovaning bolalarga bag‘ishlangan eng sara ijod namunalari kichik maktab yoshidagi bolajonlarning darsliklariga ham kiritilgan. Ko‘plab shogirdlari qator respublika tanlovlari g‘oliblari, oliy o‘quv yurti talabalari bo‘ldi.

J. Haydarova “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining mukofotiga sazovor bo‘ldi. “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi sovrindori, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibiga aylandi. “Yil ayoli” respublika tanlovida faol ishtirok etdi.

Har bir inson o‘tayotgan hayot yo‘liga boqib, avvalo undan o‘zi qoniqish his etishi kerak. Bu ham shukronalikdir aslida. Jamila opa turmush o‘rtog‘i bilan farzandlari Nuriddinjon va Mohinurxonni el xizmatiga kamarbasta etib tarbiyaladi. Kelini Gulnozaxon ham nabirasi Nurmuhammadjon tarbiyasida oyijonisi o‘gitlaridan andoza olmoqda. Uning umr yo‘llarini nafaqat farzandlarining yutuqlari, balki shogirdlarining zalvorli muvaffaqiyatlari ham nurafshon etayotir. Demak, Jamila opaning qalbida quyosh yashaydi…

Yana o‘qing:  Muolajasi mehriga payvand

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: