HARBIY TIBBIYOTNING ISTIQBOLLARI

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson va uning manfaati, yurt tinchligi, el farovonligi uchun xizmat qilmoqda. Mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Bunday o‘zgarish va yangilanishlar harbiy tibbiyot sohasiga ham xos.

Mudofaa vazirligi Frontorti bosh boshqarmasi Tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Erali Hojimurodov bilan bo‘lgan suhbatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratdik.

– Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi mudofaa qudratimizni oshirishda muhim omil hisoblanadi. Ayting-chi, so‘nggi yillarda qo‘shinlarning tibbiy ta’minoti borasida qanday ustuvorlikka erishildi?

– Ma’lumki, mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Ana shunday islohotlar samarasi o‘laroq, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilanib, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalarida ijobiy o‘zgarishlarga erishildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan jihozlangan, malakali tibbiyot xodimlari faoliyat olib borayotgan yigirmadan ortiq davolash-profilaktika muassasasi, tibbiy xizmat ko‘rsatishning birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan ko‘p sonli harbiy tibbiyot punktlari, shu bilan birga, harbiy sanatoriyalar va boshqa maxsus harbiy tibbiyot muassasalari faoliyat yuritayapti.

O‘tgan davr mobaynida Mudofaa vazirligida qo‘shinlarning tibbiy ta’minotini takomillashtirish borasida bir qator ustuvorlikka erishildi. Jumladan, 2014–2015 o‘quv yilida davolash-diagnostik va profilaktik ishlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha tegishli yo‘riqnoma tayyorlanib, qo‘shinlarga jo‘natildi. Ta’kidlash joizki, mazkur hujjat davolash-diagnostik va profilaktik ishlarni muvofiqlashtirish, ularning amalga oshirilishidagi izchillikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, hozirgacha qo‘shinlarda 34 dan ziyod tadbir – o‘quv-dala mashg‘ulotlari, yig‘inlar, sport tadbirlari, ko‘rik-tanlovlar amalga oshirildi. Masalan, 2015 yilning 30 may kunidan 2 iyuliga qadar barcha harbiy okruglarda frontorti xizmati turlari, shu jumladan, tibbiy ta’minot xizmati mutaxassislarining o‘quv-uslubiy yig‘inlari bo‘lib o‘tdi.

– Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, harbiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, anjomlar bilan jihozlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalsangiz.

– Masalan, 2014 yilning o‘zida jahon standartlariga to‘liq javob bera oladigan umumiy qiymati 1, 5 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni harbiy tibbiyot muassasalariga olib kelib o‘rnatish va ishga tushirish ishlari tugatildi. Birgina Markaziy harbiy klinik gospitaliga o‘n to‘rt turdagi eng zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatildi. Bularga so‘nggi rusumdagi multispiral kompyuterli tomografiya uskunasi (MSKT), ultratovush tekshiruv apparati (“Aplio 300”) hamda zamonaviy universal rentgen diagnostika apparati, exokardiografiya, veloergometr apparatlari, bir necha funksiyaga ega fizioterapiya jamlanmasi, boshqariluvchi jarrohlik stoli, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun o‘pkaning sun’iy ventilyasiyasida qo‘llaniladigan uskunani keltirishimiz mumkin. Mazkur zamonaviy tibbiyot apparatlari bir qator afzalliklarga egaligi bilan bemorlarda kasallikni erta va o‘z vaqtida aniqlash imkonini bermoqda.

Yana o‘qing:  O‘smirlik davri taomnomasi

2015 yilda ham ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada harbiy tibbiyot muassasalari uchun 1 milliard 700 million so‘mlik 15 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar xarid qilindi.

Ayni kunlarda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2015–2018 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda. Unga muvofiq, belgilangan muddat mobaynida gospital butunlay yangi qiyofa kasb etadi. Eski binolar o‘rniga yangilari quriladi, davolash-diagnostika bo‘limlari jahon standartlariga javob beradigan to‘liq tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. 2015 yilning avgust oyida gospitalning qayta rekonstruksiya qilinib ishga tushirilgan, bemorlarning to‘liq davolanishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan ruhiy kasalliklar bo‘limi fikrimizni tasdiqlaydi.

– Respublikamizning eng chekka hududlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining sihat-salomatligini saqlash va mustahkamlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayapti? Shu xususda ham ma’lumot bersangiz.

– Harbiy xizmatchilarimiz qayerda, qanday sharoitda xizmat qilmasin, ularga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Prezidentimizning tegishli farmoyishiga muvofiq har yili respublikamizning chekka hududlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ko‘rikka eng malakali shifokorlar jalb qilinadi. Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikning sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida Mudofaa vazirligining “Tezkor tibbiy otryad”i umumiy qiymati 2, 2 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan tibbiy asbob-uskuna va texnikalar bilan jihozlandi. Jumladan, 2015 yilda yurtimizning chekka hududlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolaridan 4 ming 115 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 1 ming 549 nafari harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari, 2 ming 388 nafari yosh bolalar, 178 nafari harbiy xizmatchilar. Tibbiy ko‘rik jarayonida tekshiriluvchilarda biror-bir kasallik yoki nuqson aniqlansa, ular joylardagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan to‘liq nazoratga olinadi.

Gulnora HOJIMURODOVA

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: