KICHKINTOY QANDAY OVQATLANADI?
Bolaning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida to‘g‘ri ovqatlanishning o‘rni katta. Zero, o‘z vaqtida sifatli va kerakli mahsulotlarni iste’mol qilish organizmning to‘g‘ri va sog‘lom rivojlanishida muhim omildir.
Bola uch yoshdan keyin o‘zi mustaqil ovqatlanishga harakat qiladi. Bu davrga kelib sut tishlarining ko‘pi to‘liq chiqqan bo‘ladi. Bolaning o‘z qoshiqchasi va ichimlik ichish uchun finjoni bo‘lishi kerak. Zero, bu yoshdagi bola buyumlaridan foydalanishga harakat qiladi. Uning ovqatlanish ratsioni kattalarga yaqinroq bo‘ladi. Ammo bu farzandingiz hamma narsani bemalol iste’mol qilishi mumkin degani emas. Maktab yoshiga to‘lgunga qadar bola ovqatlanish ratsionining kaloriyalik qiymati bir oz past bo‘lishi kerak. Ya’ni, bolaning 1 kg vazniga 90 kkal to‘g‘ri keladi. Kichik yoshdagi bolajonlarda bu 110 kkalni tashkil qiladi.
Bolangiz serharakat bo‘lishiga qaramay ovqatning kaloriyalik miqdori me’yordan ortishi kerak emas. Agar bola muntazam ko‘p kaloriyali ovqatlarni iste’mol qilsa, uning vazni ortishiga qaramay organizmi holsizlanib qoladi. Bola semiz bo‘ladi, ammo uning immuniteti va qonda gemoglobin miqdori past bo‘ladi. Bu holat kaloriyali taomlarda vitaminlar, makro va mikroelementlar yetishmasligi sababli yuz beradi. 3-6 yoshdagi bolaning ovqatlanish ratsionida ko‘proq uglevod va kamroq oqsil bo‘lishi kerak. Sabzavot, meva va un mahsulotlarininig miqdorini oshirish lozim. Uglevod asosiy quvvat manbaidir. O‘simlik oqsili va yog‘lari o‘rniga kichkintoy taomnomasiga asta-sekinlik bilan hayvon oqsili va yog‘larini kiritish zarur. Kichik yoshdagi bolaga juda yog‘li va achchiq taomlarni berish tavsiya etilmaydi. Dudlangan va konservalangan mahsulotlarni bola taomnomasidan olib tashlash shart. Yog‘li ovqatni go‘dakning me’da-ichak tizimi qiynalib o‘zlashtiradi. Yaxshi hazm bo‘lishi uchun turli xil bo‘tqalar, non, makaron va sabzavotlar berish lozim. Turli yormalardan qilingan taomlar, sabzavotlar, go‘sht yoki baliq, sarxil sabzavotlardan tayyorlangan salat tavsiya etiladi. Shuningdek, bola taomnomasida sarsabil, ismaloq, ko‘kpiyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, qovoqcha (kabachka), sholg‘om va turli xil ko‘katlar bo‘lishiga alohida e’tibor bering. Bu yoshdagi go‘dakning kundalik taomnomasining umumiy hajmi 1,5-1,7 l. bo‘lishi kerak. Bundan 200 gr. sabzavotli va yormali ovqatga, 200-250 gr. birinchi taomga, 100 gr. qayla, ikkinchi ovqatga, salatlarga 50 gr. ichimliklarga 250 gr. taqsimlanishi lozim. Agar bola qo‘shimcha ovqat so‘rasa moddalar almashinuvi faollashishi uchun unga boshqacha taom tavsiya etiladi.
Bu yoshdagi bolalarga yog‘siz go‘sht, sut, sabzavot va mevalarni har kuni berish mumkin. Ammo ba’zi bir mahsulotlarni, masalan, tuxumni kun ora chala qaynatib, baliq mahsulotlarini esa haftada bir marotaba bug‘lab yoki dimlab berish darkor.
Ovqatlanish mahali suyuqlik ichish mumkinmi?
Ayrim ota-onalar ikkinchi taom bilan gazli yoki gazsiz mineral suv ichishadi. Bu odat bolaga “ma’qul” kelishi mumkin. Diyetologlarning ta’kidlashicha me’dada quyuq ovqatni hazm qilish jarayonida suyuqlik ichilsa, ovqatning hazm bo‘lishini qiyinlashtirar ekan.
Ota-onalarga yana shuni alohida ta’kidlashni istar edikki, ya’ni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga choy berish mumkin emas. Chunki, uning tarkibidagi tanin moddasi organizmda temir moddasining so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa o‘z navbatida go‘daklarga kamqonlik (anemiya) rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Yana turli kimyoviy va sun’iy bo‘yoqli gazli ichimliklar ichish ham bolajonlarga tavsiya etilmaydi. Sababi bu rang-barang sun’iy bo‘yoqli ichimliklar turli allergik xastaliklarni keltirib chiqaradi.
KUNLIK RATSION
Sut va sut mahsulotlari –
500-600 ml.
Tvorog – 50 gr.
Sariyog‘ – 30 gr.
Pishloq – 10 gr.
Yog‘siz go‘sht – 110-120 gr.
Tuxum –1 dona(kun ora).
Yorma yoki makaron mahsulotlaridan – 60 gr.
Non – 100-150 gr.
O‘simlik yog‘i – 10-15 gr.
Sabzavot – 230-250 gr.
Kartoshka – 100-150 gr.
Mevalar – 230-250 gr.
3-6 yoshli bolaning kundalik ovqatlanish tartibi
Go‘dak o‘sgan sari uning ovqatga bo‘lgan talabi oshib boradi. 4-5 yoshli bolalarning me’yordagi ovqat hajmi quyidagi miqdorda berilgan.
Ertalabki nonushta:
Sabzavotli yoki yormali taom – 200 gr.
Go‘shtli yoki baliqli taom – 70 gr.
Sut yoki kakao – 150 gr.
Tushlik:
Sabzavot va ko‘katlar qo‘shilgan salat – 50 gr.
Go‘sht yoki baliq qo‘shilgan suyuq taom – 150 gr.
Go‘sht, baliq yoki tovuq go‘shtidan tayyorlangan taom – 100 gr.
Yormali qayla – 120-130 gr.
Kompot yoki mevali sharbat – 150 gr.
Kechki choy:
Sut yoki kefir – 200 gr.
Pechenye yoki shirin kulcha(bulochka) 1 dona.
Smetana (kefir, atsidofilin) – 30-50 gr.
Meva – 150-200 gr.
Kechki ovqat:
Yormali yoki sabzavotlardan tayyorlangan taom – 200 gr.
Sut va sut mahsulotlari–200 gr.
Meva – 100-150 gr.
Gulnoza EGAMBERDIYEVA