YURT BOR, YURAGING SOG‘ URAR, BOLAM!

Tun yarmidan oqqan mahal. Shohruhjonning ingaragani endigina uyquga ketgan Gulmirani uyg‘otib yubordi. Sho‘rlik onaizor sapchib turdi-da, o‘rinda yotgan o‘g‘liga asta yaqinlashib behalovatgina razm soldi. To‘rt yashar bolakay nafas olishga qiynalar, hansirar, peshonasida marjon kabi tizilgan ter chakkasiga tushib, bolishni jiqqa ho‘l qilgan edi. Bola bezovtalangancha oyoqlarini o‘ringa ishqalab, goh o‘nga, goh so‘lga ag‘darilardi. “Yana oyog‘i bezovta qilyapti shekilli”, deya xayolidan o‘tkazdi u. O‘g‘lining kiyimlarini almashtirdida, tokchada turgan yog‘dan olib bolasining oyog‘iga surta boshladi. Bola og‘riqdan xoli bo‘ldi chamamda biroz tinchlandi:

“O‘g‘lim tokaygacha shunday azoblanadi? Keyingi paytlarda oyog‘idagi og‘rig‘i ham tez-tez qaytalaydigan, dard zo‘rayganidan bolam bardosh berolmaydigan bo‘lib qoldi-ya”

Shohruhbek oilada ikkinchi farzand. Opasi Elmiradan so‘ng o‘g‘lining tug‘ilishi To‘rayevlar xonadoniga yana bir olam quvonch olib keldi. Bola ko‘zga yaqin bo‘lib, durkun o‘sa boshladi. Uning xushqiliqlari oilaga olam shodligini to‘kib solar, bobosi Murod aka nabirasiga boqarkan “Katta bo‘lsa yelkamga opichlab bog‘chasiga, maktabiga o‘zim olib boraman”, deya niyat qilardi. Falakning sinovini ko‘ringki, boboning bu niyati amalga oshmadi. Bir yoshga to‘lar-to‘lmas Shohruhbekning salomatligi orqaga keta boshladi. Rangi kun sayin sinib borayotgan bolaga endi hech nima yoqmaydigan, avvalgi sho‘xliklarining o‘rnini injiqlik, qaysarlik egallagandi. Har kuni bexosdan issig‘ining ko‘tarilib ketishi ota-onasini shoshirib qo‘yardi. Ularning bolasini ko‘rsatmagan tabibu, shifoxona qolmadi.

… Ammo umidning nihoyasi bo‘ladimi?! Gulmira yana bir bor Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasiga murojaat etdi. Shifokor qabulidan rangi o‘chgan bir ahvolda qadamini zo‘r-bazo‘r bosganicha chiqib keldi.

– Ha, do‘xtir nima dedi? Shohruhbekka qanday tashxis qo‘yishdi?

Gulmira turmush o‘rtog‘i Shavkat akaning so‘zlarini anglay-anglamay!

– Yuragim… yuragi… teshik ekan, – deya javob berdi.

Gulmiraning o‘sha kezda nima deyayotganini anglash mushkul edi. Aslida buning farqi bormikin?! Har bir inson vujudiga bitta yurak posbon bo‘lsa, hayotda shunday insonlar borki, yuragini nuridiydalariga bo‘lib bergan. Bu shubhasiz – ona siymosi. “Yaqinda shifoxonamizga yurak sohasi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” fondi tashabbusi bilan Koreya Respublikasidan bir guruh shifokorlar kelishadi. Bolani tekshiruvga olib keling”. Bu so‘zlar Gulmira opa va Shavkat akada farzandining sog‘ayib ketishiga umid bag‘ishladi.

Yana o‘qing:  Ona yurtning olis manzillarida

… Fond tomonidan Shohruhbek belgilangan tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Xorijlik shifokorlar bolaning salomatligi borasida o‘zaro suhbatlashib, muhokama qilishdi. “Sog‘lom avlod uchun” fondi mutaxassislari Gulmira opa va Shavkat akaning uy manzili, telifon raqamlarini olib qolib, tez orada qo‘ng‘iroq qilamiz, deyishgandan beri ularning tinchi bo‘lmadi. Tiq etsa eshikka qarar, jiring etsa go‘shakka oshiqardi. Gulmiraning behalovatligini ko‘rgan qo‘ni-qo‘shnilar orasida umid qilmang. Sizlar allaqachon ularning yodidan ko‘tarilib ketgandirsiz!? Bu ko‘riklar nomiga. Ma’lumotlaringiz to‘la papka ham shkafning bir burchida chang bosib yotgandir”, – deganlar ham bo‘ldi.

– Ehtimol, ularning aytganlarida jon bordir, – deya o‘yladi Gulmira. – Oradan ozmi-ko‘pmi vaqt o‘tgan bo‘lsa. Hech zamonda quruqdan-quruq operatsiya qilishadimi? Unga ham katta mablag‘ kerakdir-ov…

Joriy yilning sentyabr oyida fond tomonidan kelgan qo‘ng‘iroq shubha-gumonlarga chek qo‘ydi:

– Tayyorgarligingizni ko‘ring. 15 kundan so‘ng Shohruhbekning yurak operatsiyasi uchun Koreya Respublikasiga jo‘nab ketasiz.

– Nima? Koreyaga?… 15 kundan so‘ng… Axir men… men… hujjat… viza…

– Xavotir olmang. Hammasi joyida. Muammo bo‘lmaydi. O‘zimiz yordam beramiz.

Chindan ham safar tadorigida muammo bo‘lmadi. 4 kun ichida safar hujjatlari fond ko‘magi bilan tayyorlandi. Joriy yilning 15 sentyabrida besh nafar yurak nuqsoni bilan og‘rigan bolalar bepul sog‘lomlashtirilishi uchun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan Koreya Respublikasiga jo‘nab ketishdi.

Safarning ikkinchi kunidan boshlab, Shohruhbekni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, navbatdagi kunida operatsiya xonasiga olib o‘tishdi. Nuridiydasini shifokorlar qo‘liga topshirar ekan, onaning ko‘nglidan nimadir “shig‘” etdi-yu, mijjalariga yosh quyila boshladi. Ko‘ngli to‘lib ketdi. Taskinu, daldalarga qaramay o‘zini to‘xtatib turolmadi. O‘ksib-o‘ksib, yig‘lagisi keldi, yig‘ladi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Ammo yuragidan bir so‘z kuch bilan otilib chiqdi. “Omon bo‘l, bolam! ”

Shohruhbekning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Operatsiyadan so‘ng, bolalarni ko‘rgani klinika shifokorlari, jurnalistlar tashrif buyurishdi. Bolalarga sovg‘a-salomlar, turli o‘yinchoqlar olib kelishdi. Ikki kundan so‘ng bolalar uchun shahar bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Bularning barchasi Gulmira uchun go‘yo tush misoli bo‘ldi. Bir necha oy avval farzandi tashvishida kuyinib yurgan onaning chehrasiga xotirjamlik va baxt ingan. Ana shu baxtni unga boshidagi posboni, g‘amxo‘ri – Vatani in’om etdi. Qalbidagi kechinmalarni faqatgina u va atrofidagi u kabi farzandining salomatligidan shodlanayotgan onalar his eta oladi. Onaning qalbidagi minnatdorlik izhori dunyoga sig‘maydi… sig‘dira olmaydi… Zero, onaning hayotiga mazmun qaytgan edi.

Yana o‘qing:  Jamiyatda o‘zbek ayollarining roli qanday?

Hozir serharakat, chaqqon, bir gapirib ikki kuladigan quvnoq bolaga aylangan o‘g‘liga boqib ona dildan quvondi.

Endi Gulmiraning har bir kuni halovatli, osuda. O‘g‘lining boshidan silab “yuraging dard chekmasin, bolam! Seni ardoqlagan Vatan uchun munosib farzand bo‘l”, deya duo qiladi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: