“NOSHIR”NING MAHORAT MAKTABI
“O‘zbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyi qoshida tashkil etilgan “Noshir” mahorat maktabining navbatdagi seminar-mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan ushbu seminarda O‘zbekiston Jahon tillari universiteti professori, filologiya fanlari doktori, taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining “Tahrir san’ati mohiyatini anglash va uni ish jarayonida takomillashtirish” mavzusidagi ma’ruza-suhbati bilan ishtirok etdi. Tadbirda muharrirga qo‘yiladigan barcha talablar, mavzu tanlay bilish, tahrir mahorati, muallif bilan ishlash prinsiplari, sarlavha mazmun-mohiyatini anglash, asarning tushunarliligini oshirish, kitob va muqova dizayni kabi qator masalalarda muharrirning yondashuvi misollar bilan tushuntirib berildi.
– Kitob muqovasi katta bo‘lmaydi, ammo shu bir parcha qog‘ozga butun olamni, koinotni sig‘dirsa bo‘ladi, – deydi Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining kitob dizayni haqidagi fikrlarini bildirarkan, – Bunda ham muharrirning o‘z o‘rni bor. U asarning rivojlanib, o‘quvchi qo‘liga tayyor holatda yetib borishida mas’ul bo‘lgan birdan bir shaxsdir.
Seminarda davlat va xususiy nashriyotlar, gazeta-jurnallarning ijodiy xodimlari qatnashdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Alisher FAYZULLAYEV