BALKI, UCHRASHARMIZ…
Yangi yil bayrami arafasida uyida yolg‘iz o‘zi qolib, boshidan ko‘plab qiziqarli sarguzashtlarni o‘tkazgan yigitcha Kevin Makkalister to‘g‘risidagi “Uyda yolg‘iz” filmini ko‘rmagan tomoshabinning o‘zi bo‘lmasa kerak. Yangi yil kelishi bilan ko‘pchiligimiz aynan mana shu film namoyishini kutishimiz ham sir emas. Bugun shu filmning qahramoni Kevin roli ijrochisi Makoley Kalkin haqida suhbatlashamiz.
Makoley Karson Kalkin 1980 yilning 26 avgust kuni Nyu-York shahrida dunyoga keldi.
Uning otasi Kit Kalkin ham aktyorlikka mehr qo‘ygan bo‘lib, sayyor teatrda faoliyat yuritadi. Onasi Patritsiya Berntrap oilasining nochor ahvoli sabab telefon stansiyasida oddiy xodim bo‘lib ishlardi. Olti farzandning uchinchisi bo‘lgan Makoley dastlab bolalar maxsus maktabida aktyorlik sirlarini o‘rgana boshladi. Kichik aktyor 4 yoshidan boshlab Nyu-York filarmoniyasi sahnasida turli xil rollar o‘ynash bilan mahoratini oshira bordi. Nihoyat kino sohasidagi ilk debyuti 1985 yilda “Yarim tun” filmida boshlandi. Ammo Makoley Kalkinga olamshumul shuhrat keltirgan, unga muvaffaqiyat olib kelgan kinokartina “Uyda yolg‘iz” filmi bo‘ldi. Ushbu kinofilm dunyo kinoixlosmandlari orasida shu darajada shuhrat qozondiki, natijada qahramonimiz Gollivudda eng ko‘p maosh oladigan bolakayga aylandi. Bir qator mukofotlar qatorida Makoley Kalkin “Yilning eng yaxshi komik aktyori” deya tan olindi hamda 1990 yilning eng mashhur bolakayi unvoniga ham sazovor bo‘ldi. E’tiborlisi, “Uyda yolg‘iz” kinokartinasi yarim yil davomida 500 mln. AQSH dollari to‘plashga erishdi.
“Uyda yolg‘iz-2” va “Boyvochcha Richchi” filmlari ham katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilgach, yosh aktyorning shuhrati yana ham ortib ketdi va endi rejissyorlar u bilan birga ishlash uchun ketma-ket takliflar jo‘nata boshlashdi. Ammo yosh aktyorning menejeri sifatida otasi Kit Kalkin endilikda o‘g‘lining egallagan mavqe’idan asosan mablag‘ orttirish maqsadida foydalanadi va bu o‘z navbatida Makoley Kalkinning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshlaydi.
Bora-bora uning ijrosidagi filmlar juda ham omadsiz natijalarni qayd eta boshlaydi, U 1994 yilda “Yilning eng yomon aktyori” sifatida e’tirof etiladi. Shundan so‘ng onasining iltimosi bilan kinoda qatnashishga chek qo‘yadi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham Gollivudning eng omadli aktyor-bolakaylaridan biri bo‘lgan Makoley Kalkin hali ancha vaqtgacha ko‘pchilikning eng sevimli qahramoni sifatida tilga olinadi. Zero, u bizning bolalik xotiramizda har doim o‘sha sho‘x va yoqimtoy Kevin Makkalister bo‘lib qolaveradi.
Farhod TOLIPOV