OGOHLIK – SALOMATLIK GAROVI
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Aholi orasida tabiiy va is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi natijasida chaqnashlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” hamda “Odamlarni ovqatdan ommaviy zaharlanishi – botulizm hamda quturish kasalliklarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar” mavzularida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qish mavsumida aholining tabiiy gazga nisbatan ehtiyojining ortishi sir emas. Shu bilan birga sovuq mavsumda konservalangan mahsulotlarning iste’moli tobora ortib borishi tabiiydir. Bular esa o‘z navbatida, aholi orasida is gazidan hamda sifatsiz konserva mahsulotlaridan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnash holatlarini qayd etilishiga olib kelmoqda.
Bunday noxush holatlarning statistikasiga hamda ularning kelib chiqish sabablariga nazar tashlasak, 2015 yilning o‘tgan davrida respublikada 17 marotaba is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnash bilan bog‘liq favqulotda vaziyatlar qayd etilib, ularning oqibatida 47 nafar fuqaro turli darajada zaharlanish va kuyish belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Sodir bo‘lgan noxush vaziyatlarning 11 tasida fuqarolar tomonidan gaz va isitish uskunalari va pechlaridan foydalanishda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmaganliklari yoki nostandart, sertifikatga ega bo‘lmagan isitish uskunalaridan foydalanganliklari natijasida sodir bo‘lgan.
Hammamizga ma’lumki, qish-bahor mavsumida aholi tomonidan konservalangan mahsulotlar iste’moli ko‘payishi hamda hayvonlar o‘rtasida urchish jarayoni kechishi sababli, qarovsiz hayvonlar, xususan, daydi it va mushuklardan jabrlanish hamda botulizm kasalligi kabi ovqatdan zaharlanish holatlari soni keskin ortadi.
Botulizm og‘ir kechishi va o‘lim ko‘rsatkichlari yuqoriligi sababli unga qarshi jiddiy choralar ko‘rilishini talab qiladi. Bu kasallikning murakkab tomoni shundaki, uni gripp singari emlab yoki dizenteriya singari antibiotiklar bilan davolab bo‘lmaydi.
Ushbu kasalliklardan fuqarolarni muhofaza qilish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan hamkorlikda joylarda profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan tartibda amalga oshirib kelinmoqda. Bundan tashqari aholining barcha qatlamlarini targ‘ibot-tushuntirish ishlari bilan qamrab olish maqsadida, o‘quv muassasalarida, tashkilot va korxonalarda suhbatlar, seminarlar va ma’ruzalar tashkil qilindi.
G. ShIRINOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri