Mamnun tilaklar

– Tug‘ilib o‘sgan yurtga xizmat qilish, shu el koriga yarash har bir er yigitning muqaddas burchidir. Mana yurtimizga qish fasli o‘zining kutilmagan sovg‘alari bilan kirib keldi. 12 yillik xizmat faoliyatim davomida “Qamchiq” dovonida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, dovondagi avtotransport vositalarini uzluksiz qatnovini ta’minlashdagi kamtarona xizmatlarim, Hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, davlatimizning yuksak mukofoti – “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandim. Bu nafaqat men uchun, balki butun otryadimiz uchun berilgan mukofot deb bilaman.

Aziz yurtdoshlar, sizlarni kirib kelayotgan 2013 yil – Obod turmush yili bilan butun harbiylar, otryadimiz nomidan muborakbod etaman. Sizlarning xavfsizligingiz va osuda hayot kechirishlaringiz uchun biz xarbiylar, jumladan, qutqaruvchilar doimo shaymiz. Yangi yilingiz yana bir bor qutlug‘ bo‘lsin!

Alixon SOPOROV,

“Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi,

Qamchiq qidiruv qutqaruv otryadi, yo‘riqchi-qutqaruvchisi

***

– Baxt insonning o‘z qo‘lida ekanini hayotiy tajribamdan o‘tkazdim. Men avvalo onaman, turmush o‘rtog‘im Luqmon aka Yusupov bilan to‘rt qiz, ikki nafar o‘g‘ilni hamjihatlikda, mehnatsevar etib voyaga yetkazdik.

2006 yilda 3,7 gektar yer olib bog‘dorchilik fermer xo‘jaligini tashkil etdik. Oilamiz bilan birgalikda mehnat qildik. Keyinchalik 2010 yilda Niderlandiyaning “super elita” kartoshkasini olib keldik va 2 gektar yerdan 260 sentner hosil oldik. Fermer xo‘jaligimizda 30 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.

Bu yil “Mustahkam oila yili”da “Eldorbek-Abrorjon Luqmonovich” fermer xo‘jaligimiz 80 gektarga yetdi. Sabzavot, uzum va kartoshkadan tashqari 30 gektar yerga g‘alla ekib, mo‘l hosil yetishtirib xalqimiz dasturxoniga yetkazib berdik.

Qolaversa, bu yil “Yil ayoli” an’anaviy milliy tanlovining tuman, viloyat bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishim hayotimda muhim voqelik bo‘ldi. Buning barchasi menga bildirilgan ishonchda deb bilaman.

Bizning yurtda ayollar e’zozlanadi, ularning mehnati qadrlanadi. Shu bois ham o‘zbek ayollari chinakamiga baxtlidir.

Yangi yil – oilaviy bayram. Men bo‘sh vaqtlarimni oila davrasida o‘tkazishga harakat qilaman. Har yili ushbu bayramda to‘kin dasturxon atrofida butun oilamiz bilan Yangi yilni qarshilaymiz.

Yana o‘qing:  AVVALO, KO‘NGIL OBOD BO‘LSIN

Barcha yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan “Obod turmush yili” bilan samimiy tabriklayman. Oilamiz tinch-totuv, hayotimiz farovon bo‘lsin. Yangi yil barchaga omad olib kelsin!

Nasiba NUROVA,

“Yil ayoli – 2012” an’anaviy tanlovi g‘olibi

***

Yakunlanib borayotgan 2012 yil men uchun omadli yil bo‘ldi, deb bemalol ayta olaman. Joriy yilda “Yilning eng yaxshi maktab direktori – 2012” ko‘rik tanlovi respublika bosqichida birinchilikni qo‘lga kiritganim hayotimda muhim voqea bo‘ldi.

Bunday tanlovlar muallimning o‘z ustida tinimsiz ishlashini, atrofdagi hamkasblari bilan soha bo‘yicha fikr almashish imkonini beradi. Pedagog o‘z vaqtini va mehnatini ayamasdan ta’lim sohasida fidoyi mehnat qilsa, ta’lim sifati yuqori bo‘ladi.

Kelayotgan Yangi yilga barcha yangi orzu-umidlar bilan qadam qo‘yadi. Orzulari ushalishiga ishonadi va shu maqsad yo‘lida harakat qiladi. Istagim, kirib kelayotgan Yangi yilda oilalarimiz tinch-totuv bo‘lsin, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Farida ShARIPOVA,

Toshkent shahri Yunusobod tumani 258-maktab direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: