ER VA XOTINNING UMUMIY MULKLARI
Yurtimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash, katta hayot ostonasida turgan yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ortda qolgan 2012 yilni “Mustahkam oila yili” deya nomlanishi bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Har bir oilada mulk va daromad umumiyligi bor. Ana shu umumiylik nimalardan iborat ekanligi barchani qiziqtirishi tabiiy hol. Yurtimizda oilalar farovonligi uchun bir qator qonunlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida belgilab qo‘yilgan. Jumladan, Oila kodeksining 23-moddasida er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha xol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadlarga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqga ega bo‘ladi.
Er-xotinning huquq va majburiyatlarini faqat qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan nikoh yuzaga keltiradi. Nikohni fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishning afzalligi shundaki, u er-xotin orasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Er va xotinning nikohga qadar bo‘lgan bo‘lgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ularning har birining mulki hisoblanadi.
Er-xotindan faqat bittasiga tegishli bo‘lgan va u tomondan tasarruf etiladigan mulk xususiy mulk hisoblanadi.
Xususiy mulkka quyidagilar kiradi:
Er yoki xotinning nikohga qadar faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan mulki, masalan: uy, uy jihozlari, omonat kassaga qo‘yilgan pul, qimmatbaho qog‘ozlar, nikoh davomida hadya yoki meros tariqasida olgan mulklari, to‘y sovg‘alari ularning umumiy mulki tarkibiga kirmaydi. Aksariyat hollarda nikohni bekor qilish holatlarida asosiy mojaro xususiy mulk yuzasidan bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 29-36-moddalarida er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi — nikoh shartnomasi instituti kiritilgan. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlnishi lozim.
Nikoh shartnomasi oilaviy munosabatlar barqaror bo‘lishida muhim sanaladi. Zero, nikohga kirayotgan kelin-kuyov birgalikdagi hayotlari uchun zarur deb hisoblangan ba’zi shartlar oldindan hujjatda ko‘rsatiladi. Shu bois oilaviy, mulkiy va boshqa munosabatlardagi aksariyat muammolar o‘z-o‘zidan bartaraf etiladi. Shuningdek, nikoh shartnomasi er-xotindan har birining huquqlarini, o‘rtada bolalar paydo bo‘lgandan so‘ng esa ularning ham huquqlarini yuridik jihatdan mustahkamlash imkonini beradi.
Shubhasiz, oila negizida moddiy emas, balki ma’naviy asos, ya’ni mehr-muhabbat, manfaatlar mushtarakligi, hamjihatlik bo‘lishi kerak. Biroq, mazkur qadriyatlar beqarordir. Shuning uchun ham nikoh shartnomasi har bir erkak va ayol hayotini moddiy, ma’naviy saqlanishini kafolatlashga umid baxsh etadi.
N.ADILOVA,
Yunusobod tumani 1-sonli davlat notarial idorasi notariusi