KENG IMKONIYAT VA YUKSAK SAMARALAR
“O‘zbekiston matbuoti” V milliy ko‘rgazmasi ochildi
Kuni kecha poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston matbuoti” V milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizning yetakchi davriy bosma nashrlari va nashriyotlari ishtirok etib, matbuot va axborot sohasida erishilgan yutuqlari namoyish etildi.
Tadbir O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi va Vazirlar Mahkamasi ko‘magida o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma doirasida respublikamizda faoliyat yuritayotgan nashriyotlarning bosma mahsulotlarini, xususan, nashr etilgan bolalar kitoblarini keng jamoatchilik orasida targ‘ib etish hamda ma’naviy-badiiy jihatdan yuksak saviyadagi adabiyotlar nashr etilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shish maqsadida ikkinchi bor “Bolalar adabiyoti” ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda poytaxtda faoliyat yuritayotgan 30 ga yaqin nashriyot va matbaa korxonalari yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan ilmiy-badiiy adabiyotlar bilan ishtirok etdi. Mazkur ko‘rgazma doirasida nashriyotlar tomonidan so‘nggi yillarda chop etilgan yangi kitoblarning taqdimoti, ularning mualliflari, taniqli shoir va yozuvchilar hamda noshir va matbaachilar bilan bevosita muloqot qilish imkoni ham yaratildi.
Tadbirga tashrif buyurganlar ommaviy axborot vositalari va yetakchi nashriyotlar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma stendlarini tomosha qilishdi. Davriy bosma nashrlar, noshirlar, matbaachilar mehnati samarasining targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlarda o‘zbek matbuoti va adabiyoti, noshirchiligi va matbaachiligi yutuqlarini tahlil etish, bosma mahsulotlarga bo‘lgan aholi ehtiyoji, bozor kon’yukturasi va marketing masalalari borasidagi mavjud muammolar o‘rganildi, soha taraqqiyot yo‘nalishlari va tendensiyalari belgilandi.
Mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlashga, fuqarolarning so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarining yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston matbuoti” V milliy ko‘rgazmasi va “Bolalar adabiyoti” ko‘rgazmasi doirasida “Yilning eng yaxshi kitobi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’rifat TOLIPOVA