OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH

aholi salomatligini saqlashda muhim ahamiyatga ega

Yurtimizda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Xususan, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mazkur yo‘nalishdagi faoliyatlarni tartibga solish, aholimizni bir qator konstitutsiyaviy huquqlari, shu jumladan, iste’molchi huquqlari, ya’ni tashkiliy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy manfaatlari himoyasi kuchaytirilmoqda.

Bugungi kunga kelib mazkur soha “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar bilan yanada mustahkamlanib, qonuniy tartibga solinmoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga daxldor bo‘lgan davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyat organlari hamda ishlab chiqaruvchilarning harakatlarini birlashtiruvchi 1997 yilda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosiy ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan bir qatorda, savdoning globallashuvi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda unga ishlov berish sanoatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan yangi strategik yo‘nalishlarni talab etmoqda.

Bu haqda, meva va uzum, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha mamlakatimizda to‘plangan yirik tajriba va salohiyat hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishdagi xalqaro global muammolar va ularni hal etishda O‘zbekistonning ulushini kengaytirish imkoniyatlari bilan jahon hamjamiyatini tanishtirish maqsadida 2014 yilning 6 iyunida Toshkent shahrida “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zahiralari” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya ham muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Mazkur nufuzli anjumanda Yurtboshimiz o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar – oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tgan edi.

Hozirgi kunda respublikamizda 10 mingdan ziyod oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashgan korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda va ular yiliga 3, 5-4 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Ular tomonidan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavot va go‘sht-sutni qayta ishlash keskin ortayotganligini kuzatishimiz mumkin.

Mustaqillik yillarida aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 1, 3 barobarga, sut va sut mahsulotlari iste’moli 1, 6 barobarga, sanoat usulida qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari iste’moli deyarli 4 barobarga ortdi.

Yana o‘qing:  Sobiq turmush o‘rtog‘imdan pul so‘rashga haqqim bormi?

Bu holat aholining yashash sharoitlari tobora yaxshilanib borayotganligidan dalolat beradi. Umuman olganda ishlab chiqarilayotgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hajmi ehtiyoj hajmiga nisbatan ancha ko‘p. Bu mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanganligining ifodasidir. Bugungi kunda oziq-ovqat sanoati korxonalari tomonidan 3 mingdan ortiq nomdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, mahsulot turlari soni esa har yili 80-90 taga oshmoqda.

Qayd etish lozimki, aholining sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlashga, kasalliklarning oldini olishga, shuningdek, tibbiyot fani talablariga muvofiq aholi turli guruhlarining sog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyojlari qondirilishini ta’minlaydigan shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan sog‘lom ovqatlanish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish maqsadida 2015 yil 25 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari va sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan “Oziq-ovqat mahulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining joylarda ijrosi yuzasidan mavjud yig‘ma materiallar va uning boshqa qonunchilik hujjatlari bilan nomutanosib yoki muvofiq kelmagan normalari tahlili hamda xorij qonunchiligi amaliy tajribasi o‘rganib chiqildi.

O‘tkazilgan tahliliy o‘rganishlar natijasida “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

qonun matnida ishlatilgan tushunchalar ma’nolarini ochish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarda qo‘llanilgan atamalar ma’nosi bilan o‘zaro uyg‘unlashtirish, shu bilan birga xalqaro tajriba va “Alimentarius kodeksi” tavsiyasini inobatga olgan holda “oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi”, “oziq-ovqat mahsuloti sifati” tushunchalarini yanada teranroq talqin etish, “genlari modifikatsiyalangan organizmlar” tushunchasini kiritish, “gigiyenik sertifikat” atamasini “sanitar-epidemiologik xulosa”ga almashtirish nazarda tutilgan;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zahiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qilgan ma’ruzasiga asosan va xalqaro tajriba, iste’molchilar sog‘ligini va bolalar hamda bemorlarni GO‘M (geni o‘zgartirilgan mahsulotlar) zararli ta’siridan himoya qilishga bag‘ishlangan rasmiy ilmiy maqolalar asosida genlari modifikatsiyalangan organizmlar orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qonunning 6-moddasiga tegishli qo‘shimchalar kiritilmoqda;

Yana o‘qing:  TABIIY DORI VOSITALARINI ISHLAB ChIQARISH ORTDI

– “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi talablari asosida loyihada 7-modda “Oziq-ovqat mahsulotini, uni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va u bilan savdo qilishga mo‘ljallangan texnologiyalar, uskunalar, buyumlar va vositalarni sertifikatlash” nomiga o‘zgartirilmoqda;

– xalqaro tashkilotlarning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha talablari bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini muvofiqlashtirish zaruriyatini hamda 2015 yil 25 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 102-sonli qarori ijrosi asosida “Biologik (organik) mahsulot” markirovkasini joriy etish ishlarini inobatga olib qonunning 12-moddasiga “Oziq-ovqatlarni qadoqlash, o‘rash va tamg‘alash”ga qo‘shimchalar kiritiladi;

– 14-modda “Oziq-ovqat mahsulotini realizatsiya qilish” (to‘rtinchi qism) “Quyidagi hollarda oziq-ovqat mahsulotini realizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi: (uchinchi so‘z boshi) – yaroqlilik muddati yoki realizatsiya qilish muddati tugagan bo‘lsa, qaysiki, amaliyotda tez buziladigan alohida mahsulotlar turiga realizatsiya qilish muddati o‘rnatiladi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasini qabul qilish amaliyotdagi mavjud nomutanosibliklarni bartaraf etadi. Ishlab chiqaruvchilar va sohaga vakolatli organlarning javobgarlik mas’uliyatini oshiradi hamda oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash sohasida mo‘tadil shart-sharoitlar yaratilishiga olib keladi.

Muharram DADAXODJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: