ChORCHINORGA SAYOHAT
Asrlar davomida ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan navqiron chinorlarni ko‘rganmisiz?! Shoxlari xalqning boshidan kechirgan o‘tmishidan so‘z ochadi go‘yo. Agar Samarqand viloyati Urgut shahrining markazida oqib o‘tadigan soy bo‘ylab yuqoriga yuraversangiz bir-biriga ulanib ketgan, navqiron chinorlarni uchratasiz. Azim chinorlarning poyi soya salqin. Hatto yozning chillasida ham bu yerning havosi mo‘tadil.
Daraxtning azim shoxlari shu qadar quyuqki, samodagi quyoshning zarrin nurlari ahyon-ahyonda ko‘rinadi. Chinorzor poyidan zilol suv oqib o‘tadi. Bu obihayot sal nariroqdan qaynab chiqayotgan buloq ko‘zlaridan otilib chiqadi. uning musaffoligidan hovuchingni to‘ldirib suvdan sipqorasan. Lunjingni to‘ldirib sipqorasanu suvdagi shirin ta’mi jismingizga yengillik baxsh etadi. Bu manzilni mahalliy aholi Chorchinor deb ataydi. Yilning to‘rt faslida ham bu yerdan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Olti asrlik o‘tmish haqida so‘z ochib turgan chinorlarga boqib, tarixning asriy sahifalari kishining ko‘z oldidan o‘tadi go‘yo. Shuning uchun ahyon-ahyonda chinorlar poyida yolg‘iz yurib xayollar og‘ushiga g‘arq bo‘lgan sayyohlarni uchratish mumkin. Tabiiyki, bu yerga kelgan insonlar chinorlarning yoshi va ular kim tomonidan ekilganligini bilishni xohlaydi. Chorchinorga yaqin joyda yashagan, ko‘pni ko‘rgan keksa nuroniy Qurbon boboning aytishicha Chinorni Xoja Abu Tolib Sarmat degan kishining nomi bilan atasharkan. Rivoyatlarga qaraganda, bu yerga ulug‘ Xoja Abu Tolib Sarmat dafn etilgan. Taroqsozlik bilan shug‘ullangan asli arabistonlik bo‘lgan bu ulug‘ zot dinga e’tiqodi baland bo‘lib, dastlab Buxoro, Samarqand so‘ngra Urgutga kelib shu yerda muqim yashab qolgan ekan. Ehtimol mazkur go‘shaning ajib manzarasi, so‘lim tabiati uni o‘ziga maftun qilgan bo‘lsa ajab emas. Bu yerni ko‘zdan kechirar ekansizu kishining qabr toshidagi bitilgan arab va fors tillardagi yozuvga ko‘zingiz tushadi. Soya-salqin, fayzli bu ziyoratgohda Shayh Muhiddinxon Eshon Valixon o‘g‘li qurdirgan madrasa ham bor. Aytishlariga qaraganda XIX asrlarda ulkan chinorning ichida maktab tashkil etilgan. Hozirgacha ham undan qolgan yodgorliklar saqlanib qolgan. Xoja Abu Tolib Sarmastning nomi va hayotiy faoliyati Urgut tumani Chorchinor mavzesi bilan bog‘langan. U kishini mazkur maskanni aziz qadamjoga aylantirganligi haqida iliq fikrlar yuradi. Mahalliy aholi bu joyni Xoja Chorchinor deya e’zozlashadi. Aytishlaricha, Xoja Abu Tolib Sarmast Eronda, Buxoroda, Samarqand va Urgutda ko‘plab muridlar orttirgan. Urgutning xushmanzara soya-salqin go‘shalardan biri bo‘lgan mazkur manzil – Chorchinorning nomi o‘tmish va hozirda bir qator tarixiy manbalarda, ko‘plab ilmiy badiiy adabiyotlarda ham tilga olingan.
Darhaqiqat, O‘zbekiston ko‘plab tarixiy qadamjolar, muqaddas ziyoratgohlarga boy yurt hisoblanadi. Bunday maskanlarni ziyorat qilgan kishi ko‘ngliga iliqlik inib, undan hikmat topadi. Shuning uchun yurt bo‘ylab tarixiy ziyoratgohni tez-tez ziyorat qilib turish lozim. Shunda millatimiz nechog‘lik yuksak ma’naviyatli, uzoq o‘tmishga ega xalq ekanligini guvohiga aylanasiz.
AHMADJON QIYOMOV,
Chorchinor ziyoratgohi direktori