Ustozning baxt qo‘rg‘oni
Ustoz – hamma yerda va har vaqt ustoz. Yurtimiz ziyolilari orasida domla haqida so‘rasangiz uni taniydiganlar minglab topiladi. Bu fidoiy inson pedagogik faoliyatini Toshkentdagi 81-o‘rta ta’lim maktabida boshlagan. Omonulla Madayevning shogirdlari ustoz haqida ko‘zlari yonib, yoshlik, o‘quvchilik yoki talabalikni eslatuvchi ko‘plab yorqin xotiralarini aytib berishadi. Yurtimizdagi ne-ne shifokorlar, tibbiyot xodimlari ham (boshqa o‘nlab kasbdagilar qatori) domla Omonulla Madayevni o‘zlariga ustoz, deb biladilar.
Keksalikning o‘ziga xos ko‘rki bor, albatta. Bu ko‘rkdan jo‘shqinlik va ehtiros emas, balki vazminlik, donolik va tafakkur ufurib turadi. Bu davr kimda qanday kechadi, lekin kamtar domlamiz uchun ayni hosil yig‘iladigan ajib payt. Bu hosil domlaning qariyb 57 yillik o‘quv, ilmiy-metodik faoliyatidagi minglab talaba, yuzlab shogird, yuzdan ortiq yozilgan ilmiy-metodik maqolalari, necha-necha darsliklari ko‘rinishidadir. Yana to‘rt farzand orqali topilgan 11 nevara, 5 nafar evara ham domlaning hayot hosili, deb ayta olamiz.
Insonnning mohiyati uning ishlarida, xatti-harakatlarida aks etadi. Domla o‘nlab shogirdlarining filologiya fanlari nomzodi bo‘lishga va yana o‘nlab fan nomzod va fan doktorlarining doktorlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
Odatda dono odamning xislati uch narsada namoyon bo‘ladi: birinchisi, boshqalarga bergan maslahatiga o‘zi amal qiladi; ikkinchisi, hech qachon haqiqatga qarshi bormaydi va uchinchisi, o‘z atrofidagi odamlarning nuqsonlariga sabr-toqat bilan chidaydi. Bu hikmat aynan Omonulla Madayevga tegishli, deb o‘ylayman.
Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari bilan yurtimizning turli viloyatlariga folklor ekspeditsiyasiga (professorlar Muhammadnodir Saidov, Yormat Tojiyev va boshqalar bilan) borardik. Surxondaryoda bir talaba qizimiz dugonasidan xafa bo‘lib Boysun tog‘idagi devordek tik qoyaga chiqib ketdi. Bir vaqt qarasam Omonulla Madayev bir soniya ham o‘ylamay, uning ortidan o‘sha qoyaga chiqib ketyapti. Juda qo‘rqdim. Chunki, qoyaning tikligi hayot uchun juda-juda xavfli edi. Yugurib borib, u kishining oyoqlaridan ushlab olib, qo‘yvormadim. Ustoz ortga qaytishga zo‘rg‘a ko‘ndi. Qoyadan o‘sha qizni ham pastga tushishga amallab ko‘ndirdik. Kechqurun domla ikkimiz xafalashib qolgan talaba qizlar bilan alohida suhbat qilib, o‘rtadagi nizoni bartaraf etdik. Omonulla domla ko‘p manfaati tarozining bir pallasiga qo‘yilsa yoki talaba, hamkasblari mushkul ahvolga tushib qolgan kezlari na o‘zini, na mablag‘ini ayamaganlar. Folklor ekspeditsiyalarida mehridaryo ustoz otadek mehribon, dilkash suhbatdosh, hazilkash insonga aylanib, talabalarni hayron qoldirsa, darslarda esa o‘sha qattiqqo‘l domla Madayevga aylanadi.
Ustoz Omonulla Madayev yurtimizning yetuk folklorshunos va yetakchi metodist olimlaridan biridir. O‘ttiz beshdan ortiq darslik, metodik qo‘llanma, tarjima adabiyotlar, yuzdan ortiq ilmiy-metodik maqola, AQSHning Filodelfiya shtatida rus tilidagi radioeshittirishida (audiodisk yuborish orqali) chiqishlar qilgan. Ommaviy chiqishlarda doimo o‘zbek folklori targ‘ibotchisi sifatida o‘zbek mentalitetining noziklikligini betakror suhbatlari orqali tushuntirib bormoqda.
Ustozning baxt qo‘rg‘oni mustahkam. Oilasi har kim havas qilsa arzigulik. Umr yo‘ldoshi – Muhabbat opa bilan bamaslahat va hamjihatlikda umrguzaronlik qilib kelyapti.
Uning ikki o‘g‘il, ikki qizi bor. Shukurkim, farzandlaridan oqil farzand bo‘lib ulg‘ayishdi. Barchasi el-yurt xizmatida. Biri tajribali huquqshunos, yana biri iqtisodchi. Qizlari esa falsafa fanlari doktori.
Domlaning samarali mehnatlari munosib taqdirlanib kelmoqda: “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, “Do‘stlik” ordeni sohibi. Sevimli adibimiz – Shukur Qurbonning “Omonulla Madayev saboqlari” nomli asarida domlaning hayoti va ijodi atroflicha yoritilgan.
Ustozimiz Omonulla Madayevga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilada farovonlik, bizdek shogirdlari, hamkasblari, farzandlari, nevara-chevaralari, do‘stlari, qarindosh va mahalladoshlari, barcha talabalari baxtiga OMON bo‘lishlarini tilab qolamiz.
Nodira DO‘STXO‘JAYEVA,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent