Fotih va faylasuf
Buyuk fotih va “ustozi avval” deb tan olingan faylasuf Arastu va Iskandar Zulqarnayn munosabatlari haqida yunonistonlik mashhur muarrix Plutarx “Iskandar Maqidunli” asarida shunday yozadi:
“Iskandarning tabiatan o‘jarligini, achchiqlangan paytda esa har qanaqa kaltagu, azobga ham bo‘yin bermasligini va aksincha, yaxshi gap bilan to‘g‘ri qaror qabul qilishga yetaklash mumkinligini sezgani uchun Filippshoh o‘g‘lini buyruq emas, maslahat berish yo‘li bilan tarbiyalashni afzal ko‘rardi. Umumiy ta’lim doirasiga kiruvchi musiqa va boshqa fanlarning o‘qituvchilariga ham o‘g‘lini butunlay topshirib qo‘yishdan istihola qilardi. Shoh farzandining tarbiyasi ancha murakkabligini tushunardi. Sofokl aytganidek:
Bu yerda qattiqqo‘llik bilan birga aql ham kerak.
Shuning uchun shoh o‘g‘lining tarbiyasiga yunon faylasuflarining eng mashhuri – Arastuni jalb qildi…
… Chamasi Iskandar nafaqat axloq va davlat haqidagi ta’limotlarni o‘zlashtirgan, balki sirli va yanada teran, faylasuflar “og‘zaki” va “yashirin” deb nomlaydigan, keng omma uchun oshkor qilinmaydigan ta’limotlarni ham o‘rgangan. Keyinchalik, Iskandar Osiyoni zabt etib yurganida, Arastuning mana shu xufiyona ta’limotlaridan ba’zilarini kitoblarida yoritgani haqida bilgach, jahli chiqqanini yashirmay xat yozib yuboradi. Xatda shunday so‘zlar yozilgandi: “Iskandar Arastuga omadlar tilaydi! Faqat og‘zaki o‘gitga taalluqli bo‘lgan bilimlarni ommaga oshkor etib, noto‘g‘ri ish qilibsan. Biz tarbiya topgan bilimlardan barcha odamlar bahra oladigan bo‘lsa, bizning ulardan nima farqimiz qoladi? Men boshqalardan kuch-qudratim ila ajralib turishni qanchalik istagan bo‘lsam, oliy teran narsalar haqidagi bilimim bilan ajralib turishni undan-da kuchliroq istaganman. Omon bo‘l!” Iskandarning poymol bo‘lgan g‘ururiga malham surgandek, Arastu: sirli bilimlar oshkor etilgan taqdirda ham, sirligicha qolaveradi, chunki, tabiat haqidagi chuqur bilimlar eng sara va eng o‘qimishli odamlarga mo‘ljallangandir. Ularni oddiy odamlarga o‘rgatish yoki mustaqil o‘qib o‘rganish mumkin emas, degan mazmunda javob yozadi”…