BO‘LAY DESANG SOG‘ – OMON…
Yurakka quvvat mahsulotlar
Xalqimizda to‘rt muchang sog‘lom bo‘lsin, deya ezgu duo qiladi. Bu bejizga emas albatta. Zero, inson tanasidagi har bir a’zo bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ulardan birining kasallanishi shubhasiz boshqalariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu sababdan salomatlikni doimiy nazorat qilib borish uzoq umr garovidir. Bugun biz yurakka quvvat beradigan mahsulotlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Yurakning sog‘lom faoliyat yuritishida dengiz mahsulotlari asosiy o‘rin tutadi. Ayniqsa, baliqda to‘yinmagan omega-3 yog‘ kislotalari mavjud. Go‘sht mahsulotlari tarkibidagi to‘yingan yog‘ kislotalaridan ko‘ra to‘yinmagan yog‘ kislotalari organizm uchun foydali. Chunki, bu moddalar yurakning toj tomirlari xastaliklariga chalinish xavfini kamaytiradi. Rossiyalik mutaxassis-shifokorlarning fikriga ko‘ra muntazam ravishda baliq iste’mol qilish miokard infarktining oldini olar ekan.
Qon bosimi me’yorda bo‘lishini istagan insonlar kundalik taomnomaga albatta birorta yormani kiritgani ma’qul. Zaytun moyi salatlarga qo‘shiladigan va eng foydali o‘simlik yog‘i hisoblanadi. Bu yog‘ tabiiy antioksidantlarga boy. Shuningdek, uning tarkibida yog‘da eruvchi A va Ye vitaminlari mavjud. Ushbu darmondorilar yurak mushaklarini ozod radikallardan asraydi. Yana zaytun moyi tarkibidagi yog‘ kislotalari organizmdagi ortiqcha xolesterinning chiqib ketishiga ko‘maklashadi. Bu esa o‘z navbatida ateroskleroz (yog‘simon modda (lipoid)lar almashinuvi buzilib, ularning arteriya ichki qavatida to‘planishi va biriktiruvchi to‘qimaning o‘sib ketishi natijasida kelib chiqadigan surunkali kasallik)ning oldini oladi. Ammo zaytun moyi yuqori kaloriyali bo‘lganligi sababli uni bir kunda bir osh qoshiqdan ziyod iste’mol qilmagan ma’qul.
Meva va sabzavotlar tanti ona tabiatning insonga katta ehsonidir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular nafaqat yurak uchun balki organizmdagi barcha a’zo va tizimlar uchun ham foydalidir. Brokkoli karami tarkibiga kiruvchi sulforpan moddasi aterosklerozga sabab bo‘luvchi yog‘li tiqilmalarning paydo bo‘lishining oldini oladi. Bu karam tarkibida ko‘p miqdorda S vitamini, lyutein karotinoid, zeaksantin hamda beta-karotin moddalari mavjud. Shu sababli organizmni ozod radikallarning salbiy ta’siridan asrab, erta qarishning oldini oladi.
Karam dimlab yoki bug‘da pishirilsa uning tarkibidagi foydali vitamin va minerallar ko‘proq saqlanib qoladi. Shuningdek, sarimsoqpiyoz ham yurak uchun foydali mahsulotlar sirasiga kiradi. Uning tarkibidagi 70 dan ziyod foydali mikro va makroelemetlar hamda darmondori (vitamin)lar yurak mushagi bo‘lmish miokardga ijobiy ta’sir etadi. Biroq, me’da-ichak tizimida yallig‘lanish va yara mavjud bemorlarga bu mahsulot tavsiya etilmaydi. Argentinalik shifokorlar sarimsoqpiyozni maxsus bo‘yalmagan yog‘och qoshiqda ezib, uni 30 daqiqadan so‘ng taom va salatlarga qo‘shishni tavsiya etishadi. Shundagina undagi foydali moddalar yana faollashadi, deyishmoqda mutaxassislar.
Shuningdek, yong‘oqlar ham yurak faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Ayniqsa, grek va kedr yong‘og‘i, shuningdek, bodom tarkibida ham baliq mahsulotlari kabi omega-3 nomli to‘yinmagan yog‘ kislotalari bor. Bu modda esa yuqorida ta’kidlaganimizdek yurak va qon tomir tizimiga ijobiy ta’sir etadi. Bundan tashqari yong‘oqlar tarkibida ko‘p miqdorda kaliy va magniy elementlari, V, S, RR vitaminlari bor. Ammo “asalning ham ozi shirin” deganlaridek ushbu yong‘oqlar juda yuqori kaloriyaga ham egaligini unutmaslik kerak. Shu sababli ularni ma’lum miqdorda iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir.
Yana bir yurak ishini yaxshilaydigan mahsulotlar sirasiga olmani kiritish mumkin. Chunki, uning tarkibida flavonoid moddasi mo‘l. Bu modda esa yurak ishemik kasalliklari(stenokardiya-yurak sanchig‘i, miokard infarkti-yurak qon tomir kasalligi) va boshqa shu kabi yurak-qon tomir kasalliklarining oldini oladi.
Shuningdek, olma iste’mol qilish ayniqsa, uning yashil tuslisi qondagi zararli xolesterinni kamaytiradi. Yana bu meva tarkibidagi kversetin moddasi nafaqat antioksidant ta’sir etadi, balki qon tomirlarda yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ham ega. Qon tomirlarda qon laxtasi (tromb) hosil bo‘lishining ham oldini oladi. Fransuzlar bejizga “kunda 2-3 dona olma yegan odam yosh va sog‘lom ko‘rinishga ega bo‘ladi”, deyishmaydi.
O‘rik va uning qoqisi (turshak) ham yurak kasalliklari profilaktikasida muhim ahamiyatga ega. Chunki, uning tarkibidagi kaliy elementi yurakning ritmik (bir maromda) urishiga ijobiy ta’sir etadi.
Turshak sharbatini tayyorlash:
Turshakni iliq suvda yuvib, sirli yoki sopol yohud kattaroq chinni idishga solib, ustidan qaynatilgan iliqdan issiqroq suv quyasiz. Ammo suv shaqqillab qaynab turgan bo‘lmasin. Chunki, haddan ziyod qaynoq suv o‘rik qoqi tarkibidagi foydali moddalarni parchalab tashlaydi. Ivitilgan turshak xona haroratida 5-6 soat tindirib qo‘yiladi. Keyin uni och qoringa nahorda iliq holda ko‘nglingiz tusaguncha ichasiz. Oradan ikki soat o‘tib ovqatlanish mumkin. Bu sharbat me’da-ichak tizimiga ijobiy ta’sir etib, qabziyat (ich qotishi)ni bartaraf etadi. Organizmni zaharli va zararli toksinlar va xiltlardan tozalaydi. Shuningdek, shifobaxsh turshak suvi yurakni baquvvat qiladi.
Kuzning xushta’m, yoqutdek chiroyli, donador mevasi anor ham tabiatning yana bir mo‘jizasidir. U ham yurak-qon tomir tizimi ishini yaxshilaydi. Anor tarkibida polifenol moddasi mavjud. Bu modda qon bosimini tushiradi. Qondagi xolesterinni me’yorga keltiradi. Yana polifenollar qon tomirlarida qon aylanishini yaxshilaydi hamda ularning devorlarida xolesterinli tiqilmalar paydo bo‘lishining oldini oladi. Kun davomida 150 ml. yangi siqib olingan sarxil anor sharbatini ichish yetarli bo‘ladi. Faqat anor ichni qotirishini ham e’tiborga olish zarur.
Xorijdan keltirilgan turli-tuman sitrus mevalar O‘zbekiston bozorlarida ham sotilmoqda. Shu kabi mevalardan biri avokado hisoblanadi. U organizmda xolesterin almashinuvini yaxshilaydi. Avokado tarkibidagi fermentlar organizmda vitaminlar o‘zlashtirilishini tezlashtiradi. Bu esa yurak faoliyatini yaxshilaydi hamda uning mushaklarida yuzaga keladigan tiklab bo‘lmaydigan o‘zgarishlarning oldini oladi.
Rezavor (buta holida o‘suvchi yoki mayda) mevalar ham foydali xususiyatlari bilan ajralib turadi va qarishni sekinlashtiradi. Ular tarkibidagi kaliy organizmdagi ortiqcha suyuqlikni haydab, shishlarning oldini oladi. Kaliy moddasi yurak ritmi buzilganda va surunkali yurak yetishmovchiligida foydali. Rezavor mevalar tarkibidagi magniy moddasi kaliy kabi tanadagi ortiqcha suyuqlikni yo‘qotadi va qon tomirlarini kengaytiradi. Natijada bemorning qon bosimi me’yorga keladi.
Mayda mevalar (qora va sariq hamda qizil qorag‘at (smorodina), malina (xo‘jag‘at), maymunjon, chakanda (oblepixa), yertut (yovvoyi qulupnay) tarkibidagi S vitamini qon tomirlar devorini mustahkamlaydi. R vitamini esa tomirlar devoridagi o‘tkazuvchanlikni kamaytiradi. Agar tomirlar devorining o‘tkazuvchanligi oshsa to‘qimalarda ortiqcha suyuqlik yig‘iladi. Shuningdek, soya va undan tayyorlangan mahsulotlar, jumladan tofu ham yurak uchun foydali mahsulotlar sirasiga kiradi. Soya ko‘rinishi moshga o‘xshash, ammo loviyadan kichikroq dukkakli mahsulot.
Bundan tashqari soyada tarkibi ayollar jinsiy gormoniga o‘xshash izoflavonlar bor. Bu modda esa saratonning ayrim turlari va yurak-qon tomir tizimi xastaliklarining oldini oladi. Yana nozik jins vakillarini yoshartiradi. Yurak kasalliklarining oldini olishda qora, achchiq shokolodning ham o‘ziga xos o‘rni mavjud. Chunki, uning tarkibida 70 foiz kakao bor. Bu esa qon tomirlarda tromb hosil bo‘lishining oldini oladi. Shuningdek, qonning shakliy elementlari bo‘lmish qon tanachalar sifati va miqdorini yaxshilaydi.
Kakao donlari tarkibidagi flavonoidlar shifobaxsh xususiyatga ega. Bir kunda 25 gramm qora shokolod iste’mol qilish Sizni yurak kasalliklaridan asraydi. Shuningdek, chekish, ichish va giyohvand moddalar iste’mol qilish, surunkali charchoq, uyqu buzilishi hamda stress (ruhiy zo‘riqish) yurakka kuchli zarba berishini unutmang. Ayniqsa, tamaki mahsuloti tarkibidagi zaharli modda nikotin qonni quyultirib, uning kislorod bilan ta’minlanishini izdan chiqarishini unutmang. Uzumning barcha navlari, qulupnay, malina va olcha, gilos (ularning qoqisi ham bo‘laveradi) qonni suyultiradi. Malina va qulupnay kuzda ham hosil beradi. Qandli diabet xastaligi mavjud bemorlar tarkibida glyukoza va uglevodlar mavjud mahsulotlarni faqat shifokor ruxsati bilangina iste’mol qilishlari kerak.
Shu o‘rinda
Suli yormasi, kepakli un, dukkaklilar, shu jumladan, loviyaning yurak faoliyatiga ijobiy ta’sir etishining siri bu mahsulotlar tarkibida o‘simlik klechatkasining mavjudligidir. O‘simlik klechatkasi esa qon tomirlarini zararli xolesterindan asraydi.
Gulchehra ShIRINOVA