OILAGA E’TIBOR — KELAJAKKA E’TIBOR
Yangi qurilayotgan oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan barcha ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, jismonan sog‘lom, har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda sohada olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyatga ega.
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida tashkil etilgan tadbirda “Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqaror”, degan insonparvar tamoyildan kelib chiqib, oilalarni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash, xususan oilalarimizda sog‘lom muhitni ta’minlash borasida 2012 yil davomida amalga oshirilgan ishlar xususida so‘z bordi.
“Mustahkam oila yili” Davlat dasturi doirasida Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tizimida olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari haqida markaz rahbari G‘ulom Mirzayev shunda dedi:
– Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va uning mintaqaviy-hududiy bo‘limlari tomonidan shu kungacha jami bo‘lib yigirma mingdan ziyod ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Yuzlab uchrashuv va davra suhbatlari, tanlov va seminarlarda 8,5 milliondan ortiq aholi ishtirok etdi, – deydi G‘.Mirzayev.
Shuningdek, markazning Namangan viloyati bo‘limi rahbari Ilhom Rahmatov, Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘limi rahbari Gulchehra Do‘stmatovalar ham so‘zga chiqib, amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tishdi. Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
J. HAYDAROVA