DANAKLARNI ISTE’MOL QILISH MUMKIN

Agar ular zaharli bo‘lmasa

Ko‘pchilik danaklar va urug‘lar juda ham foydali elementlarga boy bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Ayniqsa, kosmetologlar o‘rik, shaftoli, bodom danagidan olinadigan yog‘larni juda qadrlashadi. Diyetolog­ (parhezshunos)lar esa uzum danagi moyining ajoyib xususiyatlari haqida Sizga qimmatli maslahatlar berishi mumkin.

Ammo, barcha mevalarning ham danaklarini iste’mol qilib bo‘lmaydi. Chunki, ularning ba’zilarida inson organizmi uchun zaharli bo‘lgan modda–amigdalin glikozid mavjud.

– Ayniqsa, achchiq bodom, (shu jumladan, uning achchiq va shirin mag‘zi), olxo‘ri, shaftoli, olma, olcha, o‘rik danagi tarkibidagi bu modda me’dada parchalanib sinil kislotaga ajraladi. U esa zaharlidir, – deydi Yevropa tibbiyot markazi endokrinologi Irina Russ. Aynan amigdalin olma urug‘iga taxir va achchiq ta’m beradi. Ha, ularning tarkibidagi bu modda kam miqdorda. Biroq, ushbu dalilni e’tiborga olish zarur hamda organizmni zaharlanishdan asrash kerak. “Yana shuni ta’kidlash joizki, olma urug‘i yod manbai hamdir. U ko‘pgina vitaminlar va mineral moddalarga boy. Ammo uni bir kunda 5-6 donadan ortiq yeb bo‘lmaydi”, deydi I.Russ.

Uzum va anor donalarining urug‘i chaynamasdan yutilsa me’da-ichak tizimida xuddi kletchatkaday ta’sir etib, uning harakatini kuchaytiradi. Ya’ni, peristaltikaga ijobiy ta’sir etadi. Bundan tashqari uning tarkibida turli vitamin va mineral moddalardan tashqari o‘simlik fenol birikmasi, kuchli antioksidant mavjud. Urug‘larni shunchaki chaynash bilan bu birikma yaxshi o‘zlashtirilmaydi. Undan tindirma tayyorlash zarur. Anor urug‘i yadrosida ko‘pgina to‘yinmagan yog‘ kislotalar va Ye vitamini mavjud. Bu urug‘larni yeyish mumkin, agarda Sizda me’da-ichak tizimingizda muammo bo‘lmasa. Mabodo me’da-ichak tizimida yallig‘lanish yoki yara bo‘lsa urug‘larni iste’mol qilish natijasida bu jarayon yanada kuchayib ketadi. Shuningdek, tish emalini ham asrang. Chunki, qattiq mahsulotlar uni yemiradi.

Olcha danagi tarkibida ham kam miqdorda sinil kislota mavjud. Bus-butun yutib yuborilgan olcha danagi me’da-ichak tizimida parchalanmaydi. Olchaning danagini olmasdan undan kompot va murabbo tayyorlash mumkin. Chunki, yuqori haroratda amingdalin parchalanib ketadi. Biroq, kompotlarni yangi hosil pishguncha albatta iste’mol qilish zarur. Danagi bilan pishirilgan olcha, gilos va shu kabi mevalarni ham bir yil muddat davomida tanovul etish maqsadga muvofiq. Danaksiz tayyorlangan murabbo va jem, qiyomlarni ikki yil saqlasa bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Cport xabarlari (2015-33)

Shaftoli danagi ham iste’molga yaroqsiz. Avvalo bu danakni chaqish qiyin. Mabodo uni chaqib ko‘rsangiz hafsalangiz pir bo‘ladi. Chunki, uning tarkibidagi ko‘p miqdordagi amigdalin glikozid sababli u juda ham taxir, achchiq va nordon ta’mga ega bo‘ladi. Shaftoli danagidan sanoat usulida olinadigan moy juda ham shifobaxsh. Uning tarkibida yarim to‘yinmagan omega-3, omega-6 va omega-9 yog‘ kislotalari mavjud. Amigdalin suvda eriydi, yog‘da emas. Shu sababli amigdalin glikozid parchalanmaydi va sinil kislota yog‘ga ajralib chiqmaydi. Shaftoli moyini bosh­qa o‘simlik moylari kabi salatlarga solsa bo‘ladi.

O‘rik danagining shirin mag‘zi ham yarim to‘yinmagan yog‘ kislotalari, mineral moddalar va vitaminlardan tashqari sinil kislotani ham o‘zida saqlaydi. Kattalar uchun o‘n donadan ortiq o‘rik mag‘zi iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Ko‘pchilik o‘rik murabbosiga uning mag‘zini chaqib solishni xush ko‘radi. Ammo bu mag‘izlarni bir qaynatib, suvini to‘kib tashlab keyin murabboga solish tavsiya etiladi. Shuningdek, sho‘rdanakni sevib iste’mol qiluvchilarga ham uni ko‘p tanovul etish zararli ekanligini aytib o‘tmoqchimiz. U qancha mazali bo‘lmasin iste’mol qilishda me’yorni bilish shart. Ayniqsa, yurak, qon tomir tizimi xastaliklari va buyrak kasalliklari, shuningdek, me’da-ichak tizimida muammosi mavjud bemorlar sho‘rdanak yeyishdan tiyilishlari kerak. Nafaqat o‘rik danagi mag‘zidagi amigdalin glikozid, balki uning tarkibidagi tuz miqdorining ko‘pligi ham tanada ko‘p miqdorda suyuqlik to‘planib qolishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli a’zoi badanda shish hosil qiladi. Yana qabziyat(ich qotish) bezovta qiladigan bemorlarning ahvolini yanada tang qiladi.

Kavkaz orti va Yaqin Sharq mamlakatlari aholisi o‘rik mag‘zini issiq haroratda qizdirib (unga ishlov berib), keyin iste’mol qilishadi. Ya’ni, uni chala qovurib, turshak yoki asalga aralashtirib o‘zini tanovul qilishadi.

Himolay tog‘laridagi xunza qabilasi kundalik taomnomasida tariq va o‘rik ko‘p iste’mol qilishadi. Shu jumladan o‘rik mag‘zini ham. Ammo ular ham o‘rik mag‘zini tanovul etishda me’yorni bilishadi. Qachonki bu qabila ahli yevropaliklarga o‘xshab sivilizatsiya taomlari(ko‘proq go‘shtli va yog‘li, to‘yingan yog‘ kislotalarga boy margarin)ni iste’mol qilishni boshlashgan edi, saraton kasalligi ularda ham kuzatila boshlandi. Chunki, achchiq bodom, o‘rik, shaftoli, olma, olcha, olxo‘ri va shu kabi danaklar tarkibidagi V17 vitamini(uning yana bir nomi layetril, amigdalin hamdir) rak(saraton) hujayralarini nobud qilar ekan.

Yana o‘qing:  Hayotga tabassum ila boqing

Tabobat ilmining sultoni, buyuk qomusiy olim, bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ham o‘z ilmiy risolalarida achchiq bodomning qancha miqdorda va qanday kasalliklarga davo ekanligini yozib qoldirgan.Tabiblar tomonidan qadimgi Misr va Xitoyda achchiq bodom shifobaxsh dorivor vosita sifatida qo‘llanilgan. Bu quruq mevani O‘zbekistonda Xalq tabobati akademiyasi tomonidan litsenziya (ruxsatnoma)si mavjud tabiblar tavsiya etgan dorivor giyohlar qatorida iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Chunki, achchiq bodom zaharli. Uning shirin mag‘izlisini ham ko‘p yeb bo‘lmaydi. Xuddi shirin mag‘izli o‘rikni bir kunda 10 donagacha yeyish mumkin bo‘lganidek.

Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” kitobida“… achchiq bodomni tulki yesa, uni o‘ldiradi” deb ta’rif bergan. Shuningdek, achchiq bodom jigar, qorataloq va buyrakdagi tiqilmalarni ochadi. Bir so‘z bilan aytganda har narsada me’yor yaxshi. Va albatta, bilmaganlaringizni bilgan insonlardan so‘rab hamda tibbiy risolalarni o‘qib-o‘rganish nafaqat o‘z sog‘lig‘ingiz, balki oila a’zolaringizning ham salomatligini asrab-avaylash uchun muhimdir.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: