XAYRLI OY HIKMATLARI

Kecha hamkasbimning mashinasida ishdan qaytayotib svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtadik. Shunda 7-8 yoshlar chamasidagi bolakay yugurib kelib:

– Ramazon aytib keldim moshiningizga, deb ramazon aytishni boshladi. Sherigim hech qanday ajablanishsiz unga pul uzatdi. Men uchun bu holat bir oz g‘alati tuyuldi. O‘zim mashina haydamaganim sabab bunday voqeaga birinchi bor duch kelishim edi.

– Qo‘ysangizchi, nahotki birinchi marta ko‘rib turgan bo‘lsangiz, – deganicha sherigim mening “sodda”ligimdan kuldi. – Shu shaharda yashaysizmi ishqilib. Bular ham tirikchilik qilyapti-da. Uch-to‘rt so‘m yig‘ib olishsa yomonmi? Qayoqdagi tilanchilarga ham beramizda shu pulni, o‘z ishidan mamnun dedi do‘stim. Mana shu gap menga alam qildi. Chunki, Ramazon aytimlarini aytish odamlarga ezgu niyatlar bildirish qayoqda-yu, uni tilanchilik bilan tenglashtirish… Aslida bu borada do‘stimda ayb yo‘q. Ayb o‘sha “tadbirkor” bolalarda. Ularning ota-onalarida. Axir bolasini ko‘chaga chiqarib bemalol uyida o‘tirgan ota-ona farzandining katta yo‘lda hayotini xavfga qo‘yayotganini o‘ylamayapti…

Bir necha kun avval ham shunga o‘xshash voqeaning shohidi bo‘lgandim. Endi iftorlikka o‘tirganimizda darvozamiz taqillab, tashqarida bolalar qo‘shiq aytib qolishdi.

Assalomu alaykum boyvachcha,

O‘ng qo‘limda to‘pponcha.

“Paq-puq” otamiz,

Ming so‘m bersangiz ketamiz.

Tavba, buyog‘i endi ochiqchasiga ta’magirlik emasmi? Jahlim chiqqanidan bolalarga baqirib yuboribman.

– Bu nima qilganing, bolam, – dedi onam. – Bu xalqimizning qadimgi udumi. Tabarruk oyda bir-biriga tilak bildirishning bir ko‘rinishi. Bizning bolaligimizda Ramazon aytimlarini aytish eskilik sarqiti sanalardi. Ro‘za tutish kabi Ramazon qo‘shiqlarini aytish ham qattiq qoralanardi. Bizga buvilarimiz uyimizda ramazon ayttirib ko‘zlarida yosh bilan tinglashar, etagimizga, cho‘ntagimizga qand-qurs, mayiz, turshak solib duo qilishardi. Nega desang bu aytimlar mavjlarida odamlarning bir-biriga mehru oqibati, bir-birining holidan xabardor bo‘lish, qo‘li kaltalarga ko‘maklashishdek ezgu, savob amal yotadi. Mustaqillik tufayli ko‘plab urf-odatlarimiz qatori Ramazon aytimlari ham o‘zligimizga qaytarildi. Ma, mana bu shirinliklarni bolalarga ulashib ber, xursand bo‘lishsin, – shunday degancha onam qo‘limga bir likopga qand-qurs tutqazdi…

Onam bir jihatdan haq. Chunki, bolalar ham mehr ko‘rib, mehrga suyanib o‘sishgani ayni muddao. Ammo nazarimda hamma narsada ham me’yor bo‘lishi kerak ekan. Onam aytgan bir-biriga ezgu tilak bildirish har kuni takrorlanaversa tilak emas ta’magirlikka aylanar ekan. Yuqoridagi singari “misra”lar esa bolalarga biror ezgulikni o‘rgatishi mushkul…

Yana o‘qing:  Kitob – ulkan mo‘jiza

Ramazon qo‘shiqlari aslida xalq og‘zaki ijodining marosimlar bilan bog‘liq boy merosini o‘zida ifoda etadi.

Ro‘zani uch kun tutib keldik Sizga,

Ro‘zaning zakotini bering bizga…

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga,

deya boshlanadigan Ramazon qo‘shiqlari xalq orasida “Yo, Ramazon”, “ravgon” singari turli nomlar bilan atalgan. Bu qo‘shiqning ham boshqa marosim aytimlari kabi ijro doirasi chegaralangan, ya’ni yilda bir marta Ramazon oyida, uning ham uchinchi kunidan boshlab aytilgan. Maxsus tayyorgarlik va ma’lum guruhni talab etadigan ravgonlar, odatda iftorga yaqin kuylangan. Guruh ishtirokchilari orasida bir kishi asosiy aytuvchi, qolganlar esa jo‘rovoz hisoblanadi. Uyma-uy, ko‘chama-ko‘cha yurib aytilgan qo‘shiq matni katta va xilma-xil bo‘lgan. Ular zamirida esa rivoyatu hikoyatlar, xalqona qarashlar, ezgu niyat, shuningdek, turmush tarzi manzaralarini ko‘rish mumkin.

Bu hovlining yuzida qo‘yning izi, molning izi,

Kerilib kashta tikar boyning qizi…

deyiladi bir aytimda. Ya’ni, bu ta’rifda aytilayotgan xonadon turmushi farovon, hovlidagi tuyoq izlari shundan dalolat. Kerilib kashta tikayotgan uy sohibining qizi kelajagidan ko‘ngli to‘q, hozirgi turmushidan rozi, shu uchun ham kashtani kerilibroq, ya’ni bemalol tikadi u. Ravgonning keksalar tilidan yozib olingan ayrim turlarida xalqona ertak, rivoyatlarning she’riy ifodasini ko‘rasiz.

Qadimda (hozir ham) “ravgon” kuylaydigan kishilarni “ravgonchi”lar deyishgan. Manbalarning dalolat berishicha, qishlog‘u mahallalarda, shahar ko‘chalarida Ramazon oyi oqshomlarida ravgonchilar kirmagan biror xonadon bo‘lmagan. Ashulaning o‘ziga xos ohangdagi xirgoyisi ostida uyma-uy, hovlima-hovli yurgan guruhni ko‘z oldingizga keltiring. Ular kuylayotgan qo‘shiq xonadoningizga tinchlik, quvonchli damlarni tilaydi, sizga ezgulik, yaxshilik so‘raydi:

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Qo‘chqordayin o‘g‘il bersin beshigingizga…

Umuman olganda, Ramazon qo‘shiqlari xalq og‘zaki ijodining eng boy, mahsuldor namunasi sanaladi. Ilgari uni katta yoshdagi odamlar ijro etishgan bo‘lsa, keyinchalik bu yumush asosan o‘smir bolalar, yosh yigitlar “zimmasiga tushgan”. Ammo hamisha birday ezgulikni tarannum etgan.

Shu o‘rinda yana bir mulohazani o‘rtaga tashlamoqchiman. Bugungi kunda aytilayotgan Ramazon qo‘shiqlarining mazmun-mohiyati ham bir oz o‘zgargandek go‘yo. Aniqrog‘i, asosan shahar joylarda Ramazon qo‘shiqlarida ezgulik o‘rniga anchayin qo‘pol so‘zlar yetakchilik qilmoqda. Masalan, “O‘choqda kul, karmonda pul, chiqara qoling ming so‘m pul” yoki “Amakim yashasin, qo‘limizga ming so‘m tashlasin” singari ochiqchasiga ta’magirlik bilan aytilayotgan Ramazon qo‘shiqlari o‘z mazmunini yo‘qotib qo‘yayotgandek.

Yana o‘qing:  “AQLLI TARELKA” YARATILDI

Asrlar davomida ezgulikni targ‘ib qilib kelgan, kishilarga faqat yaxshilik sog‘ingan madaniy merosimiz mazmunining bu darajada sayozlashib ketishi dilimni ranjitgani bois ham yuqoridagi fikrlarni aytgim keldi. Aslida muqaddas ramazon oyi kirishidan sal oldin nafaqat ota-onalar, balki o‘qituvchilar ham bu oyning mohiyati, Ramazon qo‘shiqlarining mazmunini bolalarga o‘rgatishi kerakka o‘xshaydi. Aks holda milliy madaniyatimizning bu ko‘rinishi asl maqsadini yo‘qotib, tinglovchining “me’da”siga tegadi, Ramazon aytimlari haqida noto‘g‘ri fikr uyg‘otadi.

Nima bo‘lganda ham dillarimizni poklagan, sog‘lig‘imizni tiklashga ko‘makdosh bo‘lgan Ramazon oyi hammamiz uchun xayrli o‘tgan bo‘lsin. Kirib kelayotgan Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: