ASABINGIZ BUZILSA…

Odamlar faqat ochlikni his etganidagina ovqatlanishni, shunda ham ham yengil hazm bo‘ladigan, sifatli, yangi tayyorlangan va to‘yimli taomlarni iste’mol qilishni odat qilib olishganida edi, ular dard nimaligini bilishmasdi. Ular o‘z tanasi va ruhini erkin idora eta olgan bo‘lardilar. Taassufki, biz ba’zida nafsimiz qurboniga aylanib me’yor tushunchasini mutlaqo pisand etmaymiz. Buning salbiy oqibatlari ham o‘zini uzoq kuttirib qo‘ymaydi albatta. Tiyiqsizlik kezi kelib turli xil kasalliklarga sabab bo‘ladi. Tibbiyotda, ochofatlik yohud aksincha, haddan tashqari ochlikka (parhez tutishga) ruju qo‘yish tufayli yuzaga keladigan alohida xastaliklar bor.

Bizning maqolamiz aynan shunday xastaliklarning biri — bulimiya haqida. Umuman olganda, asab tizimining faoliyati bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan xastaliklar jumlasiga anoreksiya, bulimiya va kompulsiv ochofatlik (eb to‘ymaslik) kabi kasalliklar kiritiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yuqorida nomi zikr etilgan kasalliklarni barchasini klinik jihatdan mustaqil kasallik sifatida o‘rganish mumkin bo‘lsa hamki, ularning umumiy jihati mavjud. U ham bo‘lsa, anoreksiya, bulimiya va kompulsiv ochofatlik (eb to‘ymaslik) albatta asab tizimining faoliyati bilan chambarchas bog‘liq holda rivojlanadi. Tibbiyot xodimlarining amaliy tajribasidan ma’lum bo‘lishicha, har bir odam hayotining turli pallasida ovqat iste’mol qilish tartibida turlicha patologik buzilishlar namoyon bo‘lishi mumkin ekan.

Asab tizimining faoliyatida yuz beradigan buzilishlar tufayli yuzaga chiqadigan bulimiya kasalligiga chalingan odamlar vaqti — vaqti bilan yeb to‘ymaslik dardiga mubtalo bo‘lib, undan keyingi davrda aksincha, haddan ortiq parhezga berilishadi. Asabiylashish tufayli ortiqcha ovqat iste’mol qilib yuborganidan xijolat tortayotgan bemor qayt qilib sun’iy ravishda me’dasini tozalashga, tez-tez ichak faoliyatini yumshatuvchi dori vositalarini ichishga, huda-behuda parhez tutishga harakat qiladi. Asabi tarang tortgan bemor qanday qilib bo‘lmasin tanasidagi ortiqcha kaloriyalardan qutilishni istab qoladi. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, organizmni bu tarzda keskin rejimlarga moslashtirishga urinishlar oqibati juda yoqimsiz tugaydi.

Tibbiyot amaliyotida bulimiya anoreksiyaga qaraganda nisbatan ko‘proq uchraydi. Odatda anoreksiyaga chalingan asabiy bemorlar haddan tashqari parhez tutishi tufayli juda katta miqdorlarda vazn yo‘qotishadi va shunisi bilan to‘g‘ri tashxis qo‘yishga imkon beradilar. Bulimiyaga chalingan odamlarni esa normal odamdan ajratib olish juda mushkul. Bunday odamlar tashqi ko‘rinishidan boshqalardan aslo farqlanishmaydi. Biroq, ular og‘ir dardga mubtalo bo‘lishganini uzoq vaqt davomida sir saqlay oladi. Bulimiya aynan shunisi bilan xavflidir. Zero, xastalik bilan imkon qadar ertaroq kurashish zarur.

Yana o‘qing:  Chaqaloqlar nega cho‘chib uyg‘onadi?

Bulimiyaga asosan 13-35 yoshlar orasidagi qiz bolalar va ayollar chalinishadi. Klinik ma’lumotlarga qaraganda, bulimiya 15-16, 22-25, 27-28 yoshlilarda ko‘p uchraydi. Taassufki, so‘nggi vaqtlarda bulimiyaning yengil shakli har ikki jins vakillarida ham kuzatilmoqda. Buning xavfli tomoni shundaki, ularning xastaligi klinik jihatdan kasallik darajasiga yetishi mumkin.

Aksariyat hollarda bulimiyaga chalingan odamlar osonlikcha o‘z dardidan xalos bo‘lolmaydilar. Ular borgani sari ochofatlik qilib qo‘ygach, shu zahoti me’dasini ortiqcha ovqatdan bo‘shatishni istashadi. Bunday xatti-harakatlar pirovard natijada asabiy bemorda ovqatdan to‘yish hissining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi va o‘ta darajadagi tiyiqsizlikka olib keladi.

Bu esa o‘z navbatida bemorda beqarorlikni keltirib chiqaradi. Aniqrog‘i nafsini idora qilishga, ovqatlanish me’yorini bir maromda ushlashga harakat qiladi-yu, ammo, irodasizlik bu yerda ham unga pand beradi. Bu hol bora-bora mutlaq tiyiqsizlikka olib keladi.

Bulimiyaga chalingan asabiy bemorning xayolida faqat ovqat yeyish bo‘lgani sabab nafsini qondirish uchun asosan yuqori kaloriyali, tansiq ovqatlarni tanlaydi. Aksariyat hollarda ovqat yeyishdagi tiyiqsizlik dardiga chalingan odamlar ochofatlik bilan o‘zini — o‘zini ayblashdan, og‘ir tushkunlikdan, shunchaki zerikishdan qutilishga urinishadi. Oqibatda o‘zidan yana gina qila boshlagan asabiy bemor turli yo‘llar bilan organizmni tozalamoqchi bo‘ladi. Bu borada ham ular mutlaq tiyiqsizlik qilishadi va nimani tavsiya etishsa, oqibatlarini o‘ylamay shu uslubdan albatta foydalanishadi. Ilgari aytib o‘tganimizdek, bulimiyaga chalingan asabiy bemorlar eng avvalo, me’dani to‘ldirib turgan ortiqcha ovqatdan qutilish dardiga tushib qoladilar. Buning uchun sun’iy ravishda qayt qilishga urinishadi. Bunday vaziyatda ular bir narsani e’tibordan chetda qoldiradilarki, organizmdan zo‘rma-zo‘raki tarzda chiqarib yuborilayotgan suyuqliklar vaqti kelib yanada og‘irroq klinik o‘zgarishlarga, shu jumladan, odamning bevaqt nobud bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ortiqcha vazn muammosi esa hech bir o‘zgarishsiz qolaveradi.

Masalaning ta’sirlanarli jihati shuki, o‘z vaqtida ochofatlik qilib qo‘yib so‘ng qattiq xijolat ta’sirida parhezga o‘tishni kanda qilmaydigan asabiy bemorlar umuman to‘yish hissi nimaligini unutib qo‘yadilar. Shu boisdan bulimiyaga chalingan bemorning dardi fikri yeb-ichishdan iborat bo‘ladi. Bunday bemorlar uzoq vaqt davomida biron narsa haqida o‘ylay olmaydi. Kasallik rivojlanib boraversa, xasta odam toki me’dasida kuchli og‘riq hissini sezmagunicha ochofatlik qilaveradi. Lekin kuchli og‘riq ham ularni tiyqsizlikdan to‘xta olmaydi. Sun’iy ravishda qayt qilish yo‘li bilan me’dasini bo‘shatib yana qaytadan ovqatni iste’mol qilishda davom etadilar. Ayni vaqtning o‘zida ovqatni iste’mol qilish jarayonida og‘ir dardga chalingan bemor o‘zini aybdordek his qiladi, depressiyaga tushadi, o‘ziga nisbatan ishonch va hurmat tobora kamayib boraveradi.

Yana o‘qing:  Tabiiy immunitet manbai

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab ketmoqchimizki, bemor ham, ularning yaqinlari ham ochofatlikka iroda kuchi bilan chek qo‘yish mumkin deb hisoblashadi. Ammo aslida dard oldida iroda bukiladi. Bu hol qanchalik uzoq vaqt davomida takrorlansa, vaziyat shu qadar og‘irlashadi, kasallik kuchayib boraveradi.

Bulimiya kabi asabiy xastalikning tag zamirida juda chuqur psixologik sabablar, hissiy kechinmalar yotadi. Aslini olganda, bulimiyaga chalingan bemor ovqat iste’mol qilishdagi tiyiqsizlik bilan emas, balki shaxsiy hayotidagi muammolar bilan kurashadi. Aynan shu sababdan ham shaxsiy hayotdagi muammolarning yechimini topmay turib bulimiyaning davosini topib bo‘lmaydi. Shuning uchun asabiy odamning dardini iroda kuchi bilan yengib bo‘lmaydi.

Bulimiya ikki xil bo‘lishi mumkin. Bulimiyaning birinchi turi aksariyat hollarda 25-30 yoshli ayollarda uchraydi. Hayotiy muammolar iskanjasida qolib asablari tarang tortgan, o‘ta darajada ta’sirchan, xavotirlanishga moyil bo‘lib qolgan bemorlar avvaliga o‘zini tinchlantirish uchun biron bir narsani kavshashga odatlanadilar. Shunday qilib, dastavval, biron bir stress holatida o‘ylamasdan turib ovqat yeyish odati rivojlanib boradi. Bora-bora bulimiyaga chalingan asabiy bemor uchun stresslarning ham hojati qolmaydi. Tarki odat amri mahol deganlaridek, huda-behuda ovqatlanish o‘ziga xos rasm-rusmga aylanadi. Bunday odam ozginagina asabiylashsa, shu zahoti beixtiyor og‘ziga biron narsani solib kavshanishga tushadigan bo‘lib qoladi. Ertami-kechmi tiyiqsiz ovqatlanish hayot-mamot masalasiga aylanadi. Aslini olganda, normal odamlarda ham stress holatida biron bir narsani yeb o‘zini tinchlantirib olish istagi tug‘ilishi mumkin. Ammo, bu kabi alomat juda tez-tez kuzatiladigan bo‘lsa albatta mutaxassis shifokorga murojaat qilish kerak bo‘ladi.


BULIMIYa RIVOJLANA BOSHLAGANINI QUYIDAGI ALOMATLAR ORQALI BILIB OLISH MUMKIN:

· bir vaqtning o‘zida juda katta miqdorda ovqat iste’mol qilishga moyillik paydo bo‘lishi;

· ovqatni yaxshilab chaynamasdan yutib yuborish;

· tiyiqsiz ovqatlanishdan so‘ng nima qilib bo‘lsa hamki me’dani bo‘shatishga intilish;

· odamovilik, sirini hech kimga aytmaslik, kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi;

· o‘zini idora qilish qobiliyatining susayib ketishi, o‘zini yolg‘iz va ojiz his qilish;

· kamquvvatlik, o‘zini nosog‘lom his etish;

· tomoq sohasidagi kasalliklar (angina, faringit)ning tez — tez rivojlanishi;

· ovqatni hazm qilish tizimining ishdan chiqishi;

Yana o‘qing:  Sog‘lom hayot tarzi – uzoq umr garovi

· sun’iy ravishda qayt qilish sababli tish emalining yemirilishi;

· so‘lak bezlarining kattalashib ketishi;

· teri kasalliklarining rivojlanishi;

· suvsizlikning rivojlanishi;

· o‘zining betobligini inkor etish.


Bulimiyaning ikkinchi turi odatda pubertat yoshdagi (bolalikdan o‘smirlik davriga o‘tish pallasini boshidan kechirayotgan) qiz bolalarda kuzatiladi. Aslini olganda, bu davrdagi qiz bolalar uchun vaqti-vaqti bilan kuchli ishtaha bexosdan ovqatlanishga nisbatan mutlaqo befarqlik pallasi bilan almashinib turishi juda xos holatdir. Ammo, vaziyat nazorat ostidan chiqib ketsa, oqibatda bulimiya rivojlanishi ehtimoli paydo bo‘ladi.

Bulimiyani davolash uchun eng avvalo, ushbu dard borligini imkon qadar ertaroq aniqlab olish zarur. Kasallikning dastlabki bosqichlarida dardni psixoterapiya uslublari yordamida davolash mumkin. Bemorga bu nisbatan arzonroq tushadi. Mutaxassis – shifokorlarning ta’kidlashicha, kasallikning dastlabki bosqichlarida to‘g‘ri tashkil etilgan psixoterapiya seanslari, medikamentoz davo uslublari hamda to‘g‘ri belgilangan parhezlar bilan uyg‘unlikda kutilgan samarani beradi.

Xulosa qilib aytganda, me’yor — tabiatning yo‘ldoshi, sog‘likning posbonidir. Binobarin, yeb-ichishda ham, yurib-turishda ham me’yorni saqlay bilish darkor.

Halima RUSTAMOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: