MOMOLARDAN MEROS KASHTALAR

Yoz. Devorlari pastakkina chorkunjak hovli. Oftobro‘yaga to‘shalgan kigiz gilam ustida quroq ko‘rpachalar. To‘kingina dasturxon. Kattagina xumchoynak shohpiyolalarga bir-bir egilib, choy suzadi. “Oling, oling” manziratidan so‘ng to‘rida o‘tirgan, mo‘jaz davradagilarning hammasidan yoshi ulug‘roq bo‘lgan Misrat momo asta dasturxonga qo‘l uzatadi. Robiya momom boshqalarni ham takror imlab, qo‘liga piyolani oladi. Keyin menga – poygak tomonda tizzasiga daftar-qalamini o‘ng‘aylab, yozishga shay turgan talabaga yuzlanadi:

– Qani, ol, gulim! So‘raganlaringni keyin manavi momolaring aytib beradi…

– Hay, menga qarang, Xosiyat kelin, huv o‘sha, keyingi boshlagan katta joypo‘shingiz bitgandimi? Ishlatmadingiz, shekilli, – deydi momom.

– Ha, allaqachon bitgan, o‘zim bir boshlab, ko‘zim o‘lgur o‘tmadi, tikmay sandiqqa tashlab qo‘yuvdim, bir ochganimda, Mahfuza ko‘rib qoldi-da, olib ketib, bitkazdi. Raufga beraman-da endi.

– Yaxshi qilibdi bitkazib, baraka topsin! Nechta oyli qilgandingiz?

– Kattagina bo‘ldi, o‘n to‘rt oyli joypo‘sh-da, opa…

Momom menga ma’nodor qarab qo‘yadilar, men esa allaqachon daftarimga birinchi kashta atamasini yozib qo‘yganman: o‘n to‘rt oyli joypo‘sh. Lekin ma’nosini uncha anglamayman, Misrat momo ziyraklik qilib, xayolimdagi savolni uqqandek, izoh beradilar:

– Joypo‘shga to‘lin oyga o‘xshagan dumaloq gul chizib tikiladi. Matoga nechta oy sig‘sa, o‘sha raqam uning nomiga qo‘shib aytiladi.

– Biz oygul, oyshakl, deb tikardik, hamma har xil aytadi-da, – suhbatga aralashadi momomning dugonasi, ham qo‘shnisi Buvish momo.

U kishi aytgan har ikki so‘zni daftarga shosha-pisha yozishga kirishaman. Uning so‘zini Misrat momo bo‘ladi:

– Eskida bir odat bo‘lgan, onalar kashta tikkanda, biror gulini atayin tikmay qoldirishgan, qizim ulg‘ayib, qo‘liga igna ushlasa, tikadi, deb. Qizlar onaning merosiga javobgar, o‘g‘il otaning. Xosiyat kelin boshlagan kashtani shuning uchun kelini emas, qizi tikib tamomlagan, tushundingmi, qizim?

Bosh irg‘ab qo‘yarkanman, berilgan topshiriqni bajarish men o‘ylaganchalik mushkul emasligini anglab, yengil tortaman. Momolarimning kashta gullari haqidagi gurunglari davom etaveradi, daftarimning varaqlari yangi-yangi so‘zlar bilan to‘lib boraveradi: to‘ldirma, iroqi, jelak, kultapishak, yo‘rma, yo‘rmabigiz…

CHINDA TIKKAN – CHIN QIZ

Ertasiga yana qishloq oralayman. Onamning chechasi To‘xtash momoni usta chevar deb maqtashgan, bisotida kashtali ko‘ylaklaru so‘zanalar ko‘p emish. Rost aytishgan ekan. Maqsadimni obdon so‘rab bilgach, momo kashtalarini ko‘rsatadi. Katta-katta so‘zanalar, ikki-uchta jelak, joypo‘sh-u joynamozlarni xona o‘rtasiga yoyib, gullarini tomosha qilaman, nomlarini so‘rayman.

Yana o‘qing:  FOTOIJODKOR NIGOHI “QUYOSHLI TOMONLARDA”

– So‘zanani biz so‘zani, deymiz, manavi so‘zanini Tursun ammang tikkan, – tushuntiradi To‘xtash momo.

So‘zanaga tikilgan bir gul diqqatimni tortadi, kashtaning bu shakli xuddi xo‘roz tojiga o‘xshaydi. Gulning nomlanishiga qiziqaman.

– Ha, bumi? Bu – chindaxiyol, degan gul! – deydi momo. – Kashtalarga eng ko‘p tikiladigan shakl mana shu. Yoshligimizda otalarimiz ishlatadigan bir maqol bo‘lgich edi: chinda tikkan – chin qiz.

– Qanday ma’noda ishlatilgan bu maqol? – so‘rayman daftarga yozib olarkanman.

– Bu gulni kashtaga chizmaydilar, tavakkal tikadilar. Chindaxiyolni o‘xshatib tika olgan qiz haqiqiy kashtado‘z bo‘lgan hisoblanadi. Shuning uchun chinda tikkan – chin qiz, ya’ni rostakamiga kashtachi qiz, deyishgan…

Xullas, o‘sha kuni lug‘atim yana bir qancha so‘zlar va bitta men uchun noyob maqolga boyiydi…

“BESH JIVI BORMIDI?”

Kunlarim kashta bilan boshlanib, kashta bilan tugaydi. Har kuni yangi ma’lumot, yangi so‘z o‘rganaman. Bu orada ta’na-malomatga ham qolaman: ovsinidan kashtalarni ko‘rib yurganimni eshitgan buvim – Rohat momom ginalaydi:

– Gulginasi, nega menikiga bormaysan? Momongniyam qo‘li bor, uyam vaqtida kashta tikkan, bolam!

Endi Rohat momomning sandig‘iga “sayohat” boshlanadi. Buvamning eski tuya chakmonidan tortib, katta momom yopingan jelakkacha uy yuziga yoyib olib, bir-bir tomosha qilamiz. Momom bilganlarini aytib ketaveradilar, men shosha-pisha, xuddi xazinaga uchragan kishiday oshiqib, yozib olaveraman.

– Xo‘sh, manavi gul – qo‘shqayirmagul, qara, qo‘sha bo‘lib, ikki yonga qayrilib turibdi. Bunisini mijja deymiz. Kashta chetiga tikilgani uchun shunday nomlanadi. Bunisi chivinqanot, jelakka, yaktakka tikiladi, ko‘rayapsanmi, xuddi chivin qanotiga o‘xshaydi. Choponning chetiga tikilgan manavi mag‘iz chiroz, deyiladi. Chiroz qo‘lda ikki-uch xil ipni chiyratib tayyorlanadi, keyin kiyimga tikib chiqiladi. Bunisi qo‘shgajak, bunisi xarritishi…

– Xarritishi nima, momojon?

– Arra tishi-da, xarri – arra. Qaragin, xuddi arraning qator turgan tishiga o‘xshamaydimi?

Men momom ko‘rsatgan shaklga diqqat bilan razm solib, haqiqatan ham arra tishiga o‘xshataman. Keyin qalin qilib yo‘rma chokda tikilgan, rang-barang yo‘lga o‘xshash, har birining orasiga yana mayda, murakkab naqshlar tushirilgan shaklni ko‘rsataman:

– Bu gulning nomi nima?

Yana o‘qing:  TIL O‘RGANISHDA SAMARADORLIKNI OSHIRISH

– Bu – besh jip, deyiladi, – tushuntiradi momom. – Beshta ipli yo‘rma bor, buni yo‘rmabigizda tikish kerak, hammasi baravar tikilib borilishi shart, bo‘lmasa chiroyli chiqmaydi.

Shu tariqa qishlog‘imizdagi kayvoni momolarimning menga qorong‘u bo‘lgan ko‘pgina jihatlari yuz ochdi, ularning sandiqlari esa shunchaki bir buyum emas, g‘aroyib javohirotni o‘zida yashirgan g‘orday tuyulgandi. Amin bo‘lamanki, xalq bisoti bamisli xazina – o‘rganganing sari yangidan-yangi sirlarni kashf etaverasan. Bu sirning kaliti yoshi ulug‘ kayvoni momolarda, bobolarda.

Xurshida ABDULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: