TIL O‘RGANISHDA SAMARADORLIKNI OSHIRISH
Mamlakatimizda chet tillarini o‘rganish va o‘qitishni takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlar tahsinga sazovor. Jumladan, mazkur muassasa hamda Buyuk Britaniya kengashi (British Council) tomonidan ishchi guruh tashkil qilinib, respublika ta’lim muassasalarining ingliz tili o‘qituvchilaridan to‘rt yuz nafarga yaqini saralab olinib, ularni Buyuk Britaniyaning nufuzli ta’lim markazlarida malaka oshirish kurslariga yuborish rejalari amalga oshirilmoqda.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida universitet tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida professor-o‘qituvchilar tomonidan atroflicha so‘z yuritildi. Hususan, O‘zDJTU huzurida Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Markaz 1-4 bosqich talabalarining 21 ta modul asosida bilim olishini nazorat qilib bormoqda. Shuningdek, Muassasada “O‘zbekistonda xorijiy tillar” nomli elektron jurnal va Internet portali (www. fledu. uz) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu shart-sharoitlar o‘quvchilarning samarali bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishilari hamda chet tillarini mukammal o‘rganishlari uchun yordam beradi.
D. Murodova,
“Sog‘lom avlod” muxbiri