Mavsum tamaddixonalardan sarishtalik talab etadi
Mashhur latifa bor. Xo‘randaning ovqatidan pashsha chiqadi. Bu haqda ofitsiantga aytganda “axir bu piyoz-ku” deb olib yeb qo‘yadi. So‘ng oshpazning oldiga borib: “Ablah, qozoningga qarasang bo‘lmaydimi? Bugun seni deb to‘rtta pashsha yedim” deydi.
Bu latifani bejiz eslamadim. Yaqinda umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan biriga tushlik qilish uchun kirdik. Hamma o‘ziga yoqqan taomni buyurtma qildi. “Oyog‘i yengil” ofitsiantning qadamini poylash bahonasida bu joyda ovqatni yaxshi tayyorlashi, ta’mi og‘izda qolishi, doimiy mijozlari talaygina ekani haqida o‘zaro suhbatlashib o‘tirdik.
Ofitsiant buyurtmani olib kelgach hamma ishtaha bilan tanovulga chog‘landi. Ko‘p o‘tmay sherigimning idishidan masalliqlarga qo‘shib qovurilgan qumursqa chiqdi.
– Kechirasiz, mana bu hasharot ovqatda nima qilyapti? – ofitsiantga savol berdi u.
– Aka, shuni olib tashlay qoling, – xotirjamlik bilan javob berdi ofitsiant.
Uning bu vaziyatga bee’tibor qarashini ko‘rib, mazkur holat birinchi marta bo‘lmayotganini angladim.
Eng achinarlisi, ular bunga shunchaki odatiy holdek qarab, vaziyatni tabiiy qabul qilishmoqda. Axir, oshpaz qozonga nazar tashlaganda avvalo uning tozaligiga e’tibor berishi va o‘zi ham bir bora bo‘lsin qozonni chayib olishi kerak emasmi?! Qanday qilib ovqat tayyorlash jarayonida unga har turli hasharotlarni ham qo‘shib qovurilishini ko‘rmaslik mumkin?
Shu bilan bir qatorda mahsulotlarning sifatiga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Yoz fasli kelishi bilan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash tartibi ham o‘zgaradi. Zero, issiq kunlarda ularning iste’molga yaroqsiz holatga kelib qolish ehtimoli ortadi. Bunday yaroqsiz mahsulotlarni tanovul qilish esa inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Disbakterioz (noto‘g‘ri ovqatlanish, ovqatdan zaharlanish yoki antibiotiklarni pala-partish ichish natijasida ichaklardagi ijobiy mikrofloraning buzilishi), gastrit (me’da shilliq qavatining yalig‘lanishi) botulizm (ovqatdan zaharlanish) hamda diareya (ichketar) singari kasalliklar esa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi hech kimga sir emas.
– Botulizm ovqatdan kuchli zaharlanishdir, – deydi Chilonzor tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi Munira Zuparova. – Bu kasallikni bakteriyalar, salmonellalar botulizm tayoqchalari keltirib chiqaradi. Ular qolib ketgan oziq-ovqat mahsulotlarida, sifatsiz ishlov berilgan konserva go‘sht hamda go‘sht mahsulotlari va qaynatilmagan suvda tez ko‘payish xususiyatiga ega.
Bu xastalikning xavfli jihati shundaki, ba’zan botulizm qo‘zg‘atuvchisi bilan zaharlangan mahsulotlarning ta’mi va sifati o‘zgarishsiz ham bo‘ladi. Ovqat toksikoinfeksiyalarining o‘ziga xos xususiyati – kasallikning bemor kishidan sog‘ odamga o‘tmasligidir. Xastalik yil davomida uchraydi, lekin yoz va kuz mavsumlarida ko‘proq kuzatiladi. Chunki bu davrda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash qiyinroq bo‘lib, bakteriyalarning ko‘payishi va to‘planishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Ovqat toksikoinfeksiyasi epidemiyalarning o‘ziga xos xususiyati – kasallik to‘satdan boshlanishi va bir xil ovqat mahsulotini iste’mol qilgan kishilarda ommaviy ravishda yuzaga kelishidir.
Bu kasallikning yashirin davri ancha qisqa bo‘lib, 30 daqiqadan 12 soatgacha, juda cho‘zilsa, 24 soatgacha boradi. Bemor to‘satdan ko‘ngli aynib, qayt qiladi. Ko‘pincha qusish ketma-ket qaytarilib, bemorni holdan toydiradi. Keyin ich ketishi boshlanadi. Bemorning qorni qattiq burab og‘riydi, ketma-ket qayt qiladi. O‘zi bo‘shashib qoladi, karaxt holda yotadi. Harorati ko‘tariladi. Bemorning rangi ko‘karib, oyoq-qo‘llari muzlaydi. Qorni paypaslab ko‘rilganda, me’da og‘riydi. Puls tez, sust uradi va qon bosimi pasayadi. Qusishi va ich ketishi natijasida bemor organizmida suvsizlanish kuzatiladi. Jigar va taloq kattalashadi, bemorning ahvoli og‘irlashadi.
Ovqatdan zaharlanish alomatlari kuzatilganda, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Shu bilan bir qatorda xastalik boshlanganidan bir necha soat, yoki kun o‘tgach, asab tizimining jarohatlanishi kuzatiladi. Bemorning ko‘rish qobiliyati pasayadi. Atrofdagi narsalar yaqqol ko‘rinmaydi, xuddi ko‘zga parda tushgandek tuyuladi, biror narsani o‘qish qiyinlashadi. Muskullar bo‘shashishi – miosteniya ham botulizmning o‘ziga xos belgilaridan hisoblanadi. Darmonsizlikdan bemor oyog‘ida tik tura olmaydi. Toksin yurak qon-tomir tizimiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Yurak urishi sekinlashadi. Botulizm xastaligini davolash uzoq muddatga, taxminan 20-30 kunga cho‘zilishi mumkin. Bunda bemor shartli ravishda shifoxonada, shifokorlar nazorati ostida davolanishi shart. Xastalik qachon boshlanganidan qat’i nazar, bemorning me’dasi yaxshilab yuvilib, ichagi tozalanadi. Botulizm davolanishida asosiy qo‘llaniladigan vosita bu – botulizmga qarshi zardobni organizmga yuborishdan iboratdir.
Shu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida hukumatimiz tomonidan mazkur sohaning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan.
1992 yil 3 iyulda qabul qilingan “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi hamda, 1997 yil 30 avgustda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ijrosini ta’minlash yuzasidan mamlakatimizda ko‘plab samarali ishlar amalga oshirildi. Buning natijasi o‘laroq, barcha hududlarda aholi sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va malakali tibbiy xizmat hamda sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan maishiy vositalar bilan ta’minlanmoqda.
Ammo “guruch kurmaksiz bo‘lmaydi” deganlaridek, kundalik hayotimizda yuqoridagi kabi holatlar ham uchrab turadi. Bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish esa o‘z-o‘zidan har bir fuqaroning vazifasidir.
Shu bilan birga issiq kunlarda Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazlari ham o‘z vazifalariga yanada e’tiborli bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.
Farhod TOLIPOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri