POYABZALNING AFZALI

DARDNI YIROQ, MANZILNI YAQIN QILADI

Xalqaro ma’lumotlarga qaraganda, bolalar kiyim-kechaklarini ishlab chiqarish sanoatda yetakchilik qilar ekan. Bundan ko‘rinib turibdiki, talabga yarasha taklif ham ortib boradi. Bu esa o‘z navbatida raqobatni yuzaga keltiradi. Ushbu jarayonning uzluksizligi yaxshi-yu, ammo ba’zi hollarda ishlab chiqarishda sifat darajasi pasayishi kuzatiladi. O‘sib kelayotgan yosh avlod uchun kiyim-kechaklarning sifati ularning jismonan sog‘lom o‘sishini ta’minlaydi. Ayniqsa, oyoq kiyim tanlash masalasiga jiddiy yondashgan ma’qul.

Hozirda bozor peshtaxtalari va do‘konlardan istalgan turdagi zamonaviy bolalar poyabzalini topish mumkin. Ammo ularning aksariyati sun’iy charm yoki boshqa tabiiy bo‘lmagan mahsulotlardan tayyorlangan. Bunday oyoq kiyimlarda havo almashmagani bois, oyoqning rivojlanishiga salbiy ta’sir etadi. Ana shunday xastaliklardan biri yassioyoqlik.

Bu kasallik va uning ilk belgilari haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Bir oyoqning ikkinchisiga nisbatan kaltaligi, son sohasidagi ichki teri burmalarining past-baland joylashib, bir-biriga mos kelmasligi, oyoqni tizza bo‘g‘imidan bukilgan holatda tanadan uzoqlashtirishning cheklanganligi, tizza chanog‘ining bo‘rtib chiqishi, bo‘yin va umurtqa pog‘onasining qiyshiqligi, maymoqlik, qo‘l va oyoq suyaklaridagi o‘qning buzilishi kabi holatlar ortopedik kasallik hisoblanadi.

Ortopedik kasallik tug‘ma yoki orttirma bo‘ladi, ana shunday xastalik bilan og‘rigan bolaga noto‘g‘ri oyoq kiyim tanlangani sabab u rivojlanib boradi. Buning oldini olish uchun esa albatta shifokor tavsiyasiga ko‘ra ortopedik oyoq kiyim xarid qilish zarur.

– Mamlakatimizda poyabzal ishlab chiqarish sanoati rivojiga muntazam e’tibor berib kelinmoqda, – deydi Charm mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqaruvchi hunarmand Sodiq Riqsiyev. – Xususan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2009 yilning 17 iyunda e’lon qilingan “Charm-poyabzal sanoati korxonalarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish hamda tayyor charm tovarlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda sohadagi ishlab chiqarish hajmi o‘sib borishini ta’minladi. Ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan xorijiy mahsulotlar davlat bojlaridan ozod qilinishi ham qarorda qayt etilgan.

Yaratilayotgan imkoniyatlar samarasida hunarmandchilik ustaxonamiz samarali faoliyat olib bormoqda. Yurtimiz hududlarida ham filiallarimizni ochishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari poyabzallarni atlas, adras va beqasam bezaklar bilan ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bu oyoq kimlarning sifatini yanada yaxshilash bilan birga dizaynini ham o‘zgacha uslubda bo‘lishini ta’minlaydi.

Yana o‘qing:  SIZ QANDAY O‘ZGARASIZ?

Darhaqiqat, dizayn borasida ota-onalar qimmat bo‘lsada bejirimgina oyoq kiyim xarid qilishni istaydi, sifatga kelganda esa….

– Charm bo‘lmagan materiallardan tayyorlangan oyoq kiyimlar salomatlik uchun zararlidir, – deydi usta S.Riqsiyev. – Bunday poyabzallar oyoqning terlashiga, zamburug‘li kasalliklar va pufakchali shishlarga olib keladi. Oqibatda, oyoqdagi zararli bakteriyalar qon orqali inson tanasining qolgan a’zolariga ham tarqalib, boshqa kasalliklarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois hech bo‘lmaganda poyabzalning uch va tovon qismi charmdan bo‘lishi zarur.

Muxtasar aytganda, bolalarning qadami ravon bo‘lishi uchun doimiy ravishda profilaktika ishlarini olib borish lozim. Yassioyoqlikning oqibatlari yoshlikda uncha bilinmasligi mumkin, katta bo‘lgan sayin u o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bolangizning qadami tekis bo‘lishini istasangiz uning yurishidan tortib, sotib olinayotgan poyabzalning sifatiga ham alohida ahamiyat qarating.

Dildora QARSHIBOYEVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

SHU O‘RINDA

Ortopedik kasallikning kelib chiqish sabablaridan eng asosiysi qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh. Chaqaloqda biror xastalik uchramasa, bu butunlay xavfdan holi degani emas. Ba’zi kasalliklar bola ulg‘aygani sayin paydo bo‘ladi. Shuning uchun uni shifokor, xususan, ortoped qabuliga olib borish kerak.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: