MAMLAKAT OBODLIGI MAHALLADAN BOSHLANADI
Toza-ozoda xonadonga kirgan kishining bahri dili ochilgani kabi obod va ko‘rkam mahallada ham doim xushkayfiyat hukm suradi. Odamlar hayotidan rozi bo‘lib, tinchlik-xotirjamlikda umrguzaronlik qiladi.
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, obod deganda, xalqimiz, millatimiz nafaqat ko‘rkam va chiroyli, shu bilan birga, tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat, ahillik, fayz-baraka hukmron bo‘lgan joylarni, doimo pok niyat va sog‘lom intilish bilan yashashni tasavvur qiladi. Hayotimizni obod qilishning muhim sharti – bu avvalo, mahallani obod qilish demakdir.
Mamlakatimizda “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining izchil hayotga tatbiq etilishi natijasida mahallalarning hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanayotir. Bugungi kunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ilgari davlat hokimiyati mahalliy organlari vakolatida bo‘lgan o‘ttizdan ko‘proq ijtimoiy-iqtisodiy vazifani samarali bajarmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 9 iyulda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni mazkur sohada xizmat qilayotgan xodimlarning mehnatini, yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, oila institutini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, jamiyatimizda barqarorlik va totuvlikni ta’minlashdagi hissasini munosib rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. – Prezidentimiz 2013 yilni Obod turmush yili deb e’lon qilarkan, ushbu ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishda mahallaning o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirishni ta’kidlagani bizni g‘oyat quvontirdi, – deydi Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi “Ko‘kcha Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sobit Imomov. – Bu mamlakatimizda mahalla va oila institutlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Ushbu islohotlar samaralari mazkur mahalladagi ozoda va fayzli xonadonlar, odamlarning farovon hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda. Qariyb o‘n bir mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan mahallada jamoatchilik faoliyatining har bir yo‘nalishi tizimli tashkil etilgan. El orasida obro‘-e’tibor qozongan maslahatchilar, faol ayollar, posbonlar, komissiyalar raislari, tashabbuskor yoshlar hamkorlikda ish olib bormoqda.
Mahalla binosiga kiraverishdagi turkum plakatlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining huquqiy va amaliy faoliyati, davlatimiz tomonidan ularga qaratilayotgan e’tibor haqida yaqqol tasavvur beradi. Zamonaviy guzar doimo nuroniylar va yoshlar bilan gavjum. Bu yerda avlodlar uchrashuvlari va muloqotlarini tashkil etish, sport, madaniy, ma’rifiy tadbirlar uyushtirish yaxshi an’anaga aylangan.
Mahallada “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi asosida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turli to‘garaklarning tashkil etilgani yoshlar, ayniqsa, qizlarga hunar o‘rgatish, ularni oilaga tayyorlashga xizmat qilmoqda. “Tengdosh-tengdoshga” tamoyilining hayotga samarali tatbiq etilishi darslarni o‘zlashtirishda ortda qolayotgan, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilarning muammolarini hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda mahalla maslahatchisi va posbonining alohida o‘rni bor. Ular har bir oiladagi ahvol, yoshlarning fe’l-atvori, yurish-turishidan doimiy xabardor bo‘lib, zarur paytda kerakli maslahat va tavsiyalar beradi. Ayniqsa, yoshlar, yangi oila qurayotgan yigit-qizlar bilan alohida suhbatlar uyushtirib, ularni turli yot g‘oya va ta’sirlardan asrash, har jihatdan sog‘lom va mustahkam oila barpo etishiga alohida e’tibor qaratadi.
Maktab bitiruvchilarini ta’limning keyingi bo‘g‘inlariga to‘liq qamrab olish, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida ham maxsus hamkorlik dasturi asosida ish olib borilmoqda. Bu yoshlar bandligini ta’minlash bilan birga mahalladagi ma’naviy muhitni yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda. Keyingi yillarda bu yerda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari qayd etilmadi. Mahalladan yetishib chiqqan yoshlar sport, ta’lim va boshqa sohalarda salmoqli natijalarga erishmoqda.
Mahalla hududida tozalik, ozodalikni ta’minlashda obodonlashtirish va yoshlar bilan ishlash komissiyalarining faoliyati alohida e’tiborga sazovordir. Har bir ko‘chada faoliyat yuritayotgan ko‘chaboshilar xonadonlar, ko‘chalar, hududda joylashgan infratuzilmalardagi tozalik ishlarini muntazam nazorat qilib boradi. Chiqindilarni tashib ketishdan tozalik-ozodalikka rioya etishgacha bo‘lgan ishlar ham tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Mahallada “Maxsustrans” mashinalari kelib-ketish grafigi qayd etiladigan maxsus daftar tutilgan. Shu bois, ko‘chalar bo‘ylab yurarkansiz, biror joyda xazon, shox-shabba yoki chiqit to‘planib yotganini ko‘rmaysiz.
Mahalla ahli nafaqat o‘zi yashayotgan hudud, balki tumanning boshqa joylarini ham obodonlashtirishga o‘z ulushini qo‘shmoqda. O‘tgan yillarda ularning faol ishtirokida tumandagi bir qator tibbiy-ijtimoiy va ta’lim muassasalari atrofida yangi bog‘lar yaratildi. Bu yil mahalla hududida bo‘sh yotgan o‘ttiz sotixdan ko‘proq joyga ko‘chat ekilib, obodonlashtiriladi.
Bu yerda oilaviy tadbirkorlik, xususan, tikuvchilik, hunarmandlik tobora rivojlanmoqda. Hozirda o‘nlab yoshlar mohir hunarmandlardan kasb sirlarini o‘rganmoqda. Aholiga bu borada huquqiy va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Xalq bankining Uchtepa tumani bo‘limi mutaxassislari ishtirokida muntazam uchrashuv va muloqotlar tashkil etilayotir.
To‘y-marosimlarni milliy qadriyatlarimizga mos tarzda o‘tkazish borasida ham o‘ziga xos tajriba shakllangan. Kimdir to‘y-ma’raka boshlamoqchi bo‘lsa, avvalo, mahalla oqsoqolidan maslahat oladi. Ortiqcha mablag‘ esa mahallani obodonlashtirish va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanmoqda. Joriy yilning o‘zida ana shunday saxovat ishlari samarasida ikkita ko‘cha ta’mirlandi, kam ta’minlangan xonadonlarga to‘y-marosimlarni o‘tkazish va uy-joylarini ta’mirlashda ko‘maklashildi.
– Mahallamizda o‘ziga to‘q oilalar ko‘p, – deydi S.Imomov. – Kunda-kunora biron to‘y-marosim o‘tkaziladi. Xayriyatki, keyingi paytlarda falon kilo osh damlab, faloncha odam chaqirsam, degan hoyu xavaslar barham topayotir. Odamlarning ongu tafakkuri va dunyoqarashi o‘zgarmoqda. To‘y va marosim egalari dabdabozlikka ketadigan mablag‘ning o‘rniga biron ko‘chadagi ta’mirtalab asfaltni to‘g‘rilab, qo‘ni-qo‘shnisining duosini olyapti.
Mahalladagi sanitariya holatini yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasidagi natijalari tufayli “Ko‘kcha Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini joriy yilgi “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” respublika ko‘rik-tanlovida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Obod turmush yiliga ana shunday yutuqlar bilan kirib kelayotgan mazkur mahallada yangi yilda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami va salmog‘i yanada oshishi aniq. Zero, mamlakat obodligi va farovonligi mahalladan boshlanadi.
Bahor XIDIROVA,
O‘zA muxbiri