DEMOKRATIYa VA IJTIMOIY ADOLAT MEZONI

Yurtimizda shu kunlarda mamlakatimizning Asosiy Qomusi qabul qilinganligining 20 yilligi keng nishonlanmoqda. Uning ahamiyati, hayotimizdagi o‘rni haqida Muhtaram Prezidentimiz go‘zal ta’rif bergan: “Har qanday davlatning yuzi, obro‘-e’tibori uning Konstitutsiyasi hisoblanadi. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qobusnomadir. Shu ma’noda asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi”. Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratdi, shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori bo‘lib xizmat qilayotgan davlatimiz, millatimiz ramzidir.

O‘ZBEKISTON RAMZLARI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 5-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan o‘zbek davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega”. Bayrog‘i, gerbi, madhiyasi kabi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining ko‘zgusi, ramzidir.

Mamlakatimiz hayotini huquqiy jihatdan tartibga solish Bosh Qomusimiz zimmasiga yuklanadi. Konstitutsiya davlat hokimiyati sub’yektlarini va oliy davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi tayanch, huquqiy aktdir. Unda Respublika davlat suvereniteti, (I bob), xalq hokimiyatchiligi (II bob), Konstitutsiya va qonunning ustunligi (III bob) aks ettirilgan.

Unda mamlakatimizning huquqiy va iqtisodiy negizlari(XII bob), ya’ni mustaqilligi rasman qayd etildi, davlatning xalqaro hamjamiyat a’zosi sifatidagi maqomi rasmiylashtirildi, hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi tamoyillari aniqlashtirildi. Davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi muhrlab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tuzilishi belgilab berildi (XVI bob).

“O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi” degan normani Konstitutsiyaning 11- moddasida mustahkamlab qo‘yilganligi muhim kafolatlaridan biri bo‘lib, umumxalq manfaatlariga xizmat qiladi va bir-biridan mustaqil, bir-biriga tobe bo‘lmagan, lekin bir-birini nazorat qiladigan, hokimiyatning uch tarmog‘i mavjudligini ifodalaydi.

INSON ENG MO‘TABAR MAVQEDA

Konstitutsiyada inson eng mo‘tabar mavqega ko‘tarildi. E’tibor qilsangiz, “Asosiy prinsiplar” (I-bo‘lim)dan so‘ng darhol “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” (II- bo‘lim) boshlanadi.

Shuningdek, asosiy qonunimizning 60dan ortiq bandida inson huquqlari ifoda etilishi yurtimizda insonga berilayotgan yuksak e’tiborni ko‘rsatadi. II- bo‘lim “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlanadi. Bu yerda nega ham inson ham fuqoro so‘zi ishlatilayapti? Chunki, yurtimizda mamlakatimiz fuqarosi bo‘lmagan kishilar ham yashaydi. Masalan, mamlakatimizga ishlashga kelgan insonlar, xorijlik talabalar ham bor. Bosh Qomusimiz ularning haq-huquqlarini ham o‘z himoyasiga oladi.

Yana o‘qing:  SHARAFLI KASB

KONSTITUTSIYAVIYLIK DEGANDA NIMANI TUSHUNAMIZ?

Konstitutsiyaviylik mamlakatning bosh Qomusida belgilangan qoida va tamoyillarga qat’iy amal qilinishini taqozo etadi. Asosiy qonunimizning uchinchi bobining 15 va 16-moddalarida konstitutsiyaviylik tamoyili huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaviylikni ta’minlash uchun oliy davlat organlarining faoliyatini Asosiy Qonunga moslashtirish va mamlakatda qonuniyligini o‘rnatish lozim. Demak, konstitutsiyaviylik oxir-oqibatda qonun ustuvorligining muhim ifodasidir.

Konstitutsiyamiz bugungi kunda mamlakat qonunchilik-huquqiy negizini shakllantirishning asosiy manbasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning har bir moddasida bevosita yoki bilvosita ravishda belgilab berilgan fuqarolarning huquq va erkinliklari, burch va majburiyatlari parlamentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qonunlarda o‘zining tom ma’nodagi huquqiy yechimini topmoqda.

Masalan, Bosh Qomusimizning “Saylov tizimi” deb nomlangan 23-bob, 117-moddasining birinchi qismida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi…” deb belgilangan. Mazkur Konstitutsiyaviy norma 1994 yil, 5 mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida yanada kengroq ifodalangan.

Xuddi shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasidagi “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” degan konstitutsiyaviy norma “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida (1998 yil, 1-may) ochib berilgan.

KONSTITUTSIYAVIY QONUNLAR KANDAY QONUNLAR?

2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan referendum yakunlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining VIII va X sessiyalarida davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy tamoyillarini belgilash bilan bog‘liq juda muhim “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlar qabul qilindi.

Aynan shu qonunlar asosida, qonunlarda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Asosiy Qonunning 30 ta moddasiga daxldor bo‘lib, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, ya’ni O‘zbekiston Parlamenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy maqomi va vakolatlarini tartibga soluvchi normalar bo‘ldi.

Yana o‘qing:  OILA VA SALOMATLIK

“Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi munosabati bilan 2007 yil 11 aprelda kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar O‘zbekistonning kuchli huquqiy demokratik davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari tamoyilni o‘zida ifoda etadi. Unda davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi tarmoqlari, hukumat va joylardagi davlat organlari zimmasiga Konstitutsiya bilan yuklatilgan vakolatlarni amalga oshirishdagi roli va mas’uliyatini oshirish, shuningdek islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning ta’sirini kuchaytirish maqsadi ko‘zlangan.

Xulosa qilib shuni aytish lozimki, jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish, konstitutsiyaviylikni ta’minlash, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan me’yorlarning kundalik hayotimizda o‘z aksini topishi faqatgina davlatga yoxud huquqni muhofaza etuvchi organlarning faoliyatiga bog‘liq emas.

Balki, fuqarolar konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, fuqarolik burchlarni bilishlari, huquqiy bilimlarga ega bo‘lishlari, o‘z huquqlarini talab qilish va ularni foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari zarur. Bu esa tashviqot va tushuntirish ishlarini yanada takomillashtirishni taqozo etadi.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: