Ko‘klamoyning ko‘ylagi
Qahraton sovuq ortga chekinib o‘z o‘rnini yil fasllarining kelinchagi bo‘lmish bahoroyga bo‘shatib beribdi. Qirq o‘rim sochlari etak uzra to‘lg‘onib yam-yashil ko‘ylagini kiyib olgan Ko‘klamoyning etagidan to‘kilayotgan yam-yashil maysalar qiru adirlar bag‘riga joylashib mayin shamollar qo‘ynida nafis tebranadi.
Yil fasllarining betakror malikasi huv olis dalalar tomon yuz o‘girgani hamon bobo quyosh nurlariga chulg‘angan maysalar ona Yer og‘ushida bahor qo‘shig‘ini boshlab yuborishdi. Yolg‘izoyoq so‘qmoqlarni kezib kelayotgan nafosat malikasining hinolangan qo‘li bilan butun borliq uzra sochayotgan gul-chechaklari zarrin nurlarga chulg‘anib asta yuz ochadi. Vo ajab Ko‘klamoyning yonoqlari aksi bo‘lmish qirmiz lolalar, dudoqlariga xos oppoq bodom gullari, boshi uzra yelkasiga sirg‘alayotgan nim pushti harir ro‘moli yanglig‘ behisob chechaklar “qiqirlab-qiqirlab” allaqachon Navro‘z saylini boshlab yuborishgan.
Zangor samo uzra keng qanotlarini yoygan uchqur lochinlar parvozi, qushlarning ajib sayrog‘i, qanoti yoy misol qaldirg‘ochlarning ezguliklar oshiyoni bo‘lmish ona Zamin uzra halinchak solib uchayotgani kishi ko‘nglini ajib shodlikka oshiyon etadi. Bobo dehqon yelkasiga ketmon olib keng dalasi tomon yo‘lga otlandi. Nuroniy otaxon hamda onaxonlar yuzlariga fotiha tortib “Yana bir omonlik fasliga yetkazganingga shukur Rabbim!”, – deya tilak bildirishida dunyocha ma’no mujassam. Bir siqim tuproq tafti bunchalar xushbo‘y! Doshqozonda sumalak, dasturxon ko‘rki ko‘k somsayu, chuchvaralar yoniga qo‘yilgan patir-nonlar to‘kinlik to‘yini namoyish etmoqda.
Gullar bilan burkangan yo‘lida davom etayotgan Ko‘klamoy o‘ng qo‘li bilan bir imo qilgan edi sharqiroq shalolalar soylar bag‘rini to‘ldirib yubordi. Nafosat malikasi soylar bo‘yidan odimlab majnuntollar shoxlarini silab o‘tdi. Ajabo uyg‘onish malikasining barmoqlari go‘yo ularga jon ato etgani kabi yenglari uchi andozasi zumda majnuntollar sochlariga ko‘chib yam-yashil tusga burkanib, boshidagi nafis chambaragi yanglig‘ chiroy qo‘yniga cho‘mib qoldi. Ariqlarda “chuldirab” oqayotgan suvlar labiga tegib o‘tgan Ko‘klamoyning etaklari uchidan to‘kilib qolgan yalpizlar bo‘y taratadi. Ko‘klamoy ko‘ylagidagi qahraborang tugmalari aksi ko‘chgan qoqigullarni ham yo‘lma-yo‘lakay etaklaridan to‘kib ketayotgani bois izlarida tengsiz go‘zallik namoyon bo‘lardi. Fasllar malikasining qoshlaridagi o‘smalariga, ko‘zlaridagi surmalariga havas qilgan qiz-juvonlar ko‘zgu sari shoshilib o‘sma suvlariga botirgan pilik cho‘plariga qosh tutishadi. Bir zumda shodlanib raqsga tushayotgan qizaloqlar qoqigulli sochbargaklarini ko‘z-ko‘z etib sayxonlik sari jam bo‘lishadi. Dugonalar qo‘l ushlashib davrani keng olganicha maysalarning shodon raqsiga hamohang xirom aylaydi. Bir safga tizilib olishgan bolakaylar tol xivchinli otida sayxonlik sari oshiqadi.
Ko‘klamoy tog‘lar yonbag‘ridagi shaffof buloqlar ko‘zini ochib borar ekan, bir zum samo sari ko‘z tashladi. U o‘zining bullur yonog‘idan rang olgan oppoq bulutlarning ortidan ergashib kelayotgan yakkam-dukkam qora bulutlar tomon qo‘l cho‘zib kaftlarini ochganicha imo qilgani hamon ular birlashib ko‘k yuzidan sharros yomg‘irlarini boshlab yuborishdi. Ona tabiat cheksiz mu’attar iforlar og‘ushiga g‘arq bo‘lib Ko‘klamoyning qo‘lidagi soflik hamda tiniqlik ko‘zgusi gullar jamolini yana bir bor ko‘z-ko‘z etdi. Butun jumlayu jahonni shodlik ila yasharish, yashnatish qo‘yniga jo aylagan fasllar kelinchagi tog‘lar bag‘ridagi toshlarga ham jon ato etishni aslo kanda qilmadi. Vo ajabo tosh bag‘ridan yorib chiqqan maysalar ham Ko‘klamoyning ko‘ylagidan andoza olib uyg‘onish qo‘shig‘iga jo‘r bo‘lishdi. Ularning qo‘shig‘idan shodlanib uchayotgan turnalarning “qurey-qurey”lari esa hamon eshitilib turardi. Ko‘klamoy esa zar varaqli yil kitobining yigirma birinchi mart sahifasiga ko‘z tashlab yurtga TINCHLIK, OMONLIK, el– ulusga SOG‘LIK-SALOMATLIK mudom hamroh bo‘lsin!, – deya yana yo‘lida davom etardi. Uning yil otasi sovg‘a qilgan yam-yashil ko‘ylagi dilidagi poklik, soflik, o‘zaro hurmat, ahillik, hamjihatlik, birodarlik va eng muhimi dunyoni qutqaruvchi go‘zallik ramzi bo‘lib mayin shamollar bag‘rida hilpirab turardi.
Jamila HAYDAROVA