Muallim ijodkorligi – ta’lim samaradorligi asosi
Qo‘shko‘pir tumanidagi 3-son umumta’lim maktabiga kirib borganimizda o‘quv dargohining direktori Zubayda Ermatova ostonada o‘quvchilar bilan suhbatlashib turgan edi. O‘quvchilar bizlarni ko‘rib bir ovozdan salom berishdi. Tuman hokimligining “Hayot ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri Mehribon Tillayeva maktab direktorini Abdulla Qahhor asari qahramoni “sinchalak”ka o‘xshaydi, deb ta’riflaganida haqligini his qildim:
– Direktor bo‘lganiga bor yo‘g‘i uch yil to‘ldi, biroq ko‘plab o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Maktab atrofini obodonlashtirib, chiroyli devor bilan o‘radi. Erta bahordan hovlini gullar qamrab oladi. Ularni qishda maktabning “Tabiat burchagi”da urug‘dan ekib undiradi. Gullar rang-barangligi bilan dilni yayratadi. Albatta saranjom-sarishtalik ostonadan boshlanadi. Shuning uchun ham bu jamoa “Eng obod maktab” tanlovida tumanda birinchi va viloyatda ikkinchi o‘rinni egalladi. Zubayda Ermatova jamoada birdamlik, tashabbuskorlik va uyushqoqlik muhitini yaratgan, – deydi hamrohim.
Ostonaga qadam tashlaboq o‘sha so‘zlarning tasdig‘ini topdik. Go‘yo Navro‘zi ayyom eng avvalo ushbu dargohda jamol ochgandek edi. Maktab devorlari ham o‘quvchilarni vatanparvarlik va milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qiladigan mazmundor bezatilgan. Unda mamlakatimiz madhiyasi, gerbi, bayrog‘i, allomalarimiz suratlari, dargohning faxriy o‘qituvchilari, iqtidorli o‘quvchilar fotosuratlari aks ettirilgan.
Bu dargohning o‘ziga xos yana bir tomoni o‘qituvchilarning ijodkorligiga alohida e’tibor beriladi. Maktab rahbari “Mustaqillik davrida pedagogika” degan mavzuda har bir o‘qituvchi slayd yaratishini taklif qildi. Maktabdagi 749 nafar bolaga dars berayotgan 82 nafar o‘qituvchi o‘rtasida bu borada tanlov ham uyushtirildi. Eng go‘zal va mazmundor slayd yaratganlar rag‘batlantirildi. Ta’lim muassasida “Yil o‘qituvchisi” tanlovi har yili o‘tkaziladi. Muassasada interfaol doska tashkil qilingan. Ijodkor o‘qituvchilarning har biri o‘z vaqtida taqdirlanadi. Ayni kunda maktabda 9 nafar birinchi toifali va 30 nafar ikkinchi toifali ustoz muallimlar faoliyat yuritishadi.
Gulsara Otajonova o‘ttiz yillik pedagogik tajribaga ega. Uning dars berish uslubi tumanda, viloyatda tarixchilar o‘rtasida ommalashtirilgan. Muallima rahbarlik qilayotgan sinf bolalari “Bilimlar bellashuvi” tanlovida tumandagi 51ta maktab o‘quvchilari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Bu maktab tumanning Qatag‘on qishlog‘ida joylashgan. Ana shu qishloq tarixini muallim o‘quvchilari bilan birga yaratdi. Buning uchun ota-onalar, qishloq keksalari bilan suhbatlashdi. Tarixiy kitoblarni izlashdi.
“Yosh tarixchilar” bellashuvlari bu dargohda muntazam o‘tkaziladi. Bu yilgi bellashuvda 8-a sinf o‘quvchisi Jahongir Xo‘jayev, 7-a sinf o‘quvchisi Jahongir Masharipov, 6-a sinf o‘quvchisi Shodlik Raximboyevlar g‘olib bo‘lishdi.
Yana bir ijodkor o‘qituvchi Zulfiya Xolmurodova ona tili va adabiyotdan dars beradi. Shu bilan birga viloyat xalq ta’limi boshqarmasida uslubiy birlashmaning rahbari. Tumanda bo‘lib o‘tadigan sohaga doir seminarlarda har gal o‘n nafar o‘qituvchiga murabbiylik qiladi. O‘tgan yili tumanda o‘tkazilgan “Ochiq darslar” festivalida muvaffaqiyatli qatnashib, mukofotga sazovor bo‘ldi. U maktabdagi “Ona tili to‘garagi”ni boshqaradi, shuningdek, ko‘plab tanlovning tashkilotchisidir. “Eng zo‘r kitobxon”, ”Orasta qizlar”, 9-sinf o‘quvchilari orasida ”O‘yla, izla, top” bellashuvini u har yili tashkil qiladi. Natijada maktab o‘quvchisi Komilova Dilnavoz iqtisod bo‘yicha tumanda g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida ishtirok etdi. Shodiya Rahimboyeva “Orasta qizlar”tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, viloyat boqichida yuqori o‘rinni egalladi.
Dilnoza Jumaniyozova aslida ona tili va adabiyoti muallimi. U o‘qituvchilarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida o‘qib, ingliz tilidan ham dars bera boshladi. U o‘z ustida tinimsiz ishlaydi. U darslarini axborot texnologiyalaridan foydalanib o‘tkazadi. Internet orqali ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganib o‘zining sinfida ham qo‘llaydi. Uning izlanish va intilishlari bekor ketmadi. ”Yil o‘qituvchisi” tanlovida tumanda birinchi o‘rinni egalladi. Uning o‘quvchisi Gulnora Nazarova “Zulfiya izdoshlari” tanlovining maktab bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Yana bir o‘quvchisi Iroda Rahimova “Husnixat sohibi” tanlovining g‘olibi bo‘ldi. Hozir u “Ixtirochi o‘quvchi” tanlovini o‘tkazishni ko‘zlayapti. ”Men bu tanlovni o‘tkazishga o‘quvchim Shahzod Matyoqubovning intilishlaridan kelib chiqib, qaror qildim. U har bir darsga biror yangilik bilan keladi.” – deydi muallima.
Ijodkor o‘qituvchilardan yana biri Sharifa Esamurodova birinchi toifali o‘qituvchi 28 yildan buyon boshlang‘ich sinflarga dars beradi. Uning ijodkorligi o‘ziga xos. Besh farzandning onasi bo‘lgan Sharifa pedagoglar orasida o‘tkaziladigan sport musobaqalarining qatnashchisi, maktabdagi bellashuvlarning tashkilotchisi. U kichkintoylarning dars mahalida charchab va zerikib qolmasliklari uchun darsni jismoniy mashqlar bilan uyg‘unlashtiradi. Uning hayot tarzi ham ana shunday turmushda aqliy mehnat bilan jismoniy mehnatni uyg‘unlikda olib boradi. Kichkintoylarni ham shu usulga da’vat qiladi.
Xorazm viloyat pedagoglar kasaba uyushmasi ayollar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazishni an’anaga aylantirgan. Sharifa ana shu bellashuvlarning har yilgi faol ishtirokchisi. Velopoygada besh kilometrgacha bo‘lgan musobaqada viloyatda birinchilikni egallagan. Stol tennisi bo‘yicha tumanda ikkinchi o‘ringa erishgan. U maktabning birinchi – to‘rtinchi sinf o‘quvchilari orasida o‘tkaziladigan bellashuvlarga mas’ul hisoblanadi. Sport musobaqalari bilan birga “Eng zo‘r husnixat sohibi” “Eng zo‘r mutolachi” “Eng iqtidorli o‘quvchi” kabi tanlovlarni o‘tkazadi. Bu tanlovlar avvalo sinflarda guruhlarga bo‘linib o‘tkaziladi. So‘ngra g‘oliblar sinflarora bellashadi. Bu tanlovlarga ota-onalar, bobo-momolar ham kelib joni dili bilan qatnashadilar. Bu sa’y– harakatlar albatta bekor ketmaydi. Bu yil ikkinchi sinf o‘quvchisi Dilnura Karimboyeva maktabda eng chiroyli husnixat sohibi bo‘ldi. Ruxshona Yo‘ldosheva eng ko‘p she’r biladigan o‘quvchi degan ehtiromga erishdi. Mansurbek Rahimboyev maktabning eng bilimdon krassvord yechish ustasi degan nomni oldi. Sharifa tanlovlarni har safar turli tarzda o‘tkazishi bilan o‘quvchilarni jalb qiladi. Masalan, bir gal O‘tkir Hoshimovning” Tushda kechgan umrlar” asaridan eng ko‘p yod olgan bolalar bellashuvini o‘tkazdi. Unday paytlarda bolalar nafaqat yodlaydi. Boshqa o‘quvchilarning savollariga javob berishi, asarning mazmun– mohiyatini gapirib berishi ham lozim. Bu tanlovlar bolalarni o‘qishga, intiluvchanlikka, tashabbuskorlikka, tez fikrlashga, hozirjavoblikka o‘rgatadi. Umuman o‘quvchining intelliktual salohiyatini kuchaytiradi.
Sharifaning bolalari ham shu maktabda o‘qishadi, biri rubob chalsa, biri qo‘shiq aytadi. “Tanlovlarda farzandlarimni ham faol qatnashtiraman. Ularning qo‘shiq kuylab, musiqa chalishi tarbirlarni yanada jonlantiradi”-deydi u. Bir so‘z bilan aytganda o‘qituvchining ijodkorligi ta’lim samaradorligiga xizmat qiladi.
Biz ushbu jamoa bilan Navro‘zi ayyom arafasida uchrashuv uyushtirdik. Men ularga mustaqillik mevasi bo‘lgan “Sog‘lom avlod” gazetasi va istiqlol yillarida ijodi va faoliyati o‘rganila boshlangan allamolarimiz haqida gapirib berdim. Tuman hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar kengashi raisi Sayyora Xudoyberganova ogohlik – davr talabi ekanligi, ommaviy madaniyatning salbiy oqibatlari, diniy aqidaparastlik haqida, tuman gazetasi bosh muharriri Mehribon Tillayeva mustaqillik sharofati bilan qayta tiklangan qadriyatlarimiz, jumladan, Navro‘z ayyomi haqida so‘zlab berdi. Bizni quvontirgan narsa shu bo‘ldiki, tadbirda maktab o‘quvchilari faol qatnashdilar. Bizni savolga ko‘mib tashlashdi. Shuningdek, Navro‘z haqida go‘zal mushoiraning guvohi bo‘ldik. Shunda biz o‘qituvchilarning ijodkorligi o‘quvchilarning ta’limi samaradorligini ta’minlanishiga amin bo‘ldik.
Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist