NABOTOT VA HAYVONOT

Tabiatning betakror mo‘jizasi

Qishning hukmi poyoniga yetganida ona-Zamin ulkan sandig‘idan o‘zining ko‘zni qamashtirguvchi seplarini yoya boshlaydi. Bahorning muattar ifori bilan to‘yingan shabboda asta kishi yuzidan bo‘sa olib, yangi kun bilan muborakbod etadi. Shunda bexosdan kengliklarga yuz burging, bahorning ilk mezboni sanalmish bag‘ri keng qir-adirlarning quchog‘ida yolg‘iz tabiat bilan sirlashging, uning erkatoyi chuchmomayu, binafshaga tikilib, dildan suhbat qurging keladi. Muz oralab oqayotgan jilg‘alarning hayajondagi xovurini ko‘rib entikasan, kishi. O‘lkamizning qay go‘shasiga nazar solmang gulbahorning tarovati o‘zga, ifori ajib bo‘ladi. Toshkent viloyatida joylashgan Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasida ham bahor bor tarovatini ko‘z-ko‘z etadi.

Yurtimizda ayni vaqtda 8 ta davlat qo‘riqxonalari, 3 ta milliy bog‘, bitta ekomarkaz, bitta biosfera rezervati, 12 ta davlat buyurtmaxonalari, 5 ta tabiat yodgorligi hududlari mavjud bo‘lib, bu hududlar milliy hamda xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan, yo‘qolish ehtimoli bo‘lgan nabotot va hayvonot turlari davlat muhofazasiga olingan. Bunda esa qo‘riqxonalar muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular qimmatli tabiiy xilma-xillikni, noyob o‘simlik hamda hayvonlarning uzviy davomiyligini ta’minlash, inson va tabiat orasidagi rishtalarni mustahkamlashda muhim o‘rinni egallaydi. Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi tabiatan xilma-xilligi tufayli respublikada yagona biosfera maqomini olgan. U g‘arbiy Tyan-shan hududidagi yagona qo‘riqxona hamdir.

– Chotqol qo‘riqxonasi o‘simliklar va hayvonot dunyosining kamyob turlarini saqlashda muhim bo‘libgina qolmay, balki u aholini toza havo va suv bilan ta’minlash hamda tog‘ yon-bag‘irlarini eroziyadan saqlashda ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi, – deydi qo‘riqxona rahbari Jasur Do‘stov.

Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi 1947 yil dekabr oyida tashkil etilgan. Yer maydoni 35 ming 724 gektarga teng. 1986 yili u YUNYeSKO qarori bilan jahondagi eng yirik qo‘riqxonalar sirasiga kiritilgan. 1991 yildan esa Xalqaro biosfera qo‘riqxonasi sifatida e’tirof etildi. Qo‘riqxona ikkita bo‘limdan iborat. Boshqizilsoy bo‘limi Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan bo‘lsa, Maydontol bo‘limi Bo‘stonliq tumaniga qarashli.

Ushbu hududlarda o‘simliklarning bir ming ikki yuzga yaqin turi mavjud. Ularning 68 tasi biologik turkum oilalarga mansub bo‘lsa, 200 dan ortig‘i dorivor o‘simliklar hisoblanadi. Oltitasi esa endemik turlardir. Ba’zilari shu yerning o‘zigagina xos. Hozirda xonakilashtirilgan o‘rik, olma, anor, gilos, pista, bodom, olxo‘ri kabi mevali daraxtlarning tabiiy holatdagi shakllarini ham ayni qo‘riqxona hududida uchratasiz. Greyg va Kaufman lolalari, Sovunildiz, Pskom piyozi, Koopman normushklari shular jumlasidandir. Qo‘riqxona hayvonot olamiga ham boy. Hudud uzra parvoz etayotgan turfa qushlarning galasi, ularning yoqimli xonishi kishini maftun etadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda qushlarning 200, sut emizuvchilarning 33, sudralib yuruvchilarning 11, baliqlarning 4 ta turi bor. Ko‘k sug‘ur, ya’ni menzbir sug‘uri ham o‘zining noyobligi bilan ajralib turadi. Mazkur hayvon qo‘riqxonaning dengiz sathidan 2200-3600m balandlikda joylashgan Qizilnura hududining namli joylari, soz tuproqli qorliklarga yaqin, tosh qoyalarning etaklarida yashaydi. Kuzatuvchilarning aytishicha, menzbir sug‘uri faol oila bo‘lib hayot kechiradi, koloniyalar hosil qiladi, o‘z uyalariga berkinib yashaydi. Qishni ham o‘sha yerda o‘tkazganligi sababli ularni uchratish biroz mushkul. Kamyob hayvonlar sirasiga kiruvchi qor qoploni, oq tirnoqli ayiq, pakana burgut ham qo‘riqxonaning boyligi sanaladi. Bundan tashqari bu yerda umurtqasiz hayvonlarning 1000 turidan ortiqrog‘i hayot kechiradi. Burgut, tasqara, oqbosh qumay, ilonxo‘r burgut va Qarchig‘ay kabi yirtqich qushlar ham mazkur qo‘riqxonaning noyob jonzotlaridandir.

Yana o‘qing:  Rahmat, “do‘xtir!” yoxud izhori dil samimiy bo‘lsa…

1963 yilda qo‘riqxonaning Teraklisoy toshloq qirg‘oqlarida dengiz sathidan 2000 metr balandlikda eramizdan oldingi 1-2 ming yilliklardagi toshga bitilgan qadimiy rasm (petroglif)lar, Revashti – Qorabuzoqsoy daryolarining bo‘linish joyida bronza buyumlar hamda qal’a qoldiqlar qo‘riqxonaning bebaho boyligidir.

Bugungi kunda qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar xodimlari nafaqat o‘z hududidagi tabiiy boyliklarni asrash, balki aholi o‘rtasida muhofaza etiladigan tabiat boyliklarining insonlar uchun nechog‘li muhimligini tushuntirish, atrof-muhit ozodaligi va bioxilma-xillikni saqlash bilan bog‘liq targ‘ibot-tashviqot ishlarini ham olib borishmoqda. Shuningdek, qo‘riqxonada ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadqiqotlar olib boriladi. Ushbu kuzatuv natijasida qo‘riqxonada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan “Tabiat Solnomasi” yuritiladi. Mazkur solnomada qo‘riqxonadagi nabotot va hayvonot olamidagi o‘zgarishlar, ularning ko‘payishi borasida izlanishlar qayd etilib boriladi. Boshqizilsoy bo‘limida esa 1956 yildan buyon ob-havoni kuzatayotgan meterologik stansiya faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bundan tashqari u yerda havo, tuproq, o‘simliklarning ifloslanish darajasini kuzatuvchi fonomonitoring ham mavjud bo‘lib, buning ilmiy hamda amaliy ahamiyati beqiyosdir.

Qo‘riqxonaning yuqori qismlari yashil tusdagi archazorlardan iborat. Yanada yuksakrog‘ida esa doimiy qorlar va baland cho‘qqilar hukmronlik qiladi. Pastki qismini keng bargli daraxtlar va butalar egallagan. Undan teparog‘i subalp hamda alp o‘tloqlari bilan qoplangan.

Qo‘riqxona jahonning ko‘plab muhofazadagi muassasalari, ilmiy tekshirish institutlarining qator olimlari bilan muntazam ravishda aloqa o‘rnatib borishadi. Ilmiy bo‘lim xodimlari turli miqyosdagi ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar va simpoziumlarda ishtirok etib sohadagi yangiliklar borasida fikr almashib, yuzaga kelayotgan muammolar yechimini izlashadi. Mustaqillikdan so‘ng bir qator nashr ishlari ham amalga oshirildi. Shulardan biri “Tog‘ qoploni misolida kamyob turlar va ularni muhofaza qilish muammolari” nomli kitob bo‘lib, mazkur qo‘llanma o‘rta maktab o‘quvchilari va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari ishiga ko‘maklashayotgan yuqori sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Hozirda ham ilmiy bo‘lim xodimlari tabiat boyliklarini asrashga doir bir necha mavzular bo‘yicha kuzatishlar olib borishmoqda. Hayvonot olamini kuzatish maqsadida qo‘riqxona hududiga o‘rnatilgan fotoqopqon orqali jonzotlarning yashash tarzini chuqurroq o‘rganib borishadi. Bu esa ularning sonini ko‘paytirish borasida ijobiy samara beradi.

Nabotot va hayvonot olamining har bir turi – tabiatning tarixan takrorlanmas, yagona va o‘ziga xos o‘rniga ega. Chotqol qo‘riqxonasi faoliyati ana shu o‘simlik va hayvonot dunyosining tabiiy holicha ko‘z qorachig‘iday asrab va uni o‘rganib kelajak avlodlarimizga yetkazib berishdan iboratdir. Lekin shunga qaramay tabiatga antropogen ta’sirlar ham uchrab turibdi. Bunday holatlar yuzasidan qo‘riqxonada tezkor qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Yana o‘qing:  Beparvo bo‘lmang

Marifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: