TANGA DARMON DARMONDORILAR
Farzandini xursand qilish uchun do‘konlardan meva yoki shirinlik sotib olgan har bir ota-ona borki, uning tarkibi bilan qiziqadi. Odatda shirinlik yohud oziq-ovqat mahsulotining qutisiga “vitaminlarga boy” deb yozilgan yozuvga ko‘zimiz tushadi. O‘ramni diqqat bilan o‘qiganimizda esa: A, V, S, RR, … kabi vitaminlar guruhi qatorlashtirib yozilganiga guvoh bo‘lamiz. Umumiy tarzda bular vitaminlar ekanini bilamiz, lekin qaysi vitamin, qanday ahamiyatga egaligi haqidachi?
A vitamini bolaning o‘sishiga ta’sir qiladi. Organizmning infeksiyalarga qarshi chidamligini oshiradi. Terini va shilliq pardalarni normal holatda tutib turadi. Moddalar almashinuvida, xususan, yog‘ almashinuvida qatnashadi. A vitamini organizmga yetarli miqdorda tushib turmasa infeksiyalarga qarshi chidamlilik susayib ketadi. Teri va shilliq pardalar quruq bo‘lib qoladi. Ko‘zning quvvati pasayadi. Bu vitamin baliq moyida, sariyog‘da, tuxum sarig‘ida, sutda ko‘p bo‘ladi. O‘simlik mahsulotlari (pomidor, sabzi, apelsin va boshqalar)da karotin bor. U organizmda vitamin A ga aylanadi.
D vitamini (kalsiferol) organizmda kalsiy va fosforning almashinuviga yordam beradi. Shuningdek, suyak to‘qimasining shakllanishiga va ijobiy o‘sishiga ta’sir qiladi. Bu vitamin raxitning oldini olish va davolashda qo‘llaniladi. D vitamini baliq moyi, jigar, go‘sht mahsulotlari, tuxum sarig‘ida mavjud.
V1 vitamini (tiamin) markaziy asab tizimi faoliyati va uglevod almashinuvida qatnashadi. U sut, tuxum sariyog‘, go‘sht, jigar, non, suli yormasi va no‘xat kabi mahsulotlar tarkibida uchraydi.
V2 vitamini oqsil va uglevod almashinuvida muhim rol o‘ynaydi. Bu vitamin ovqatning me’da-ichak tizimida yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradi. Organizmning o‘sishi va rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega. Uning organizmga yetarli miqdorda tushib turmasligi natijasida vazn kamayib, behollik kuzatiladi. Ko‘z shilliq pardalarida o‘zgarish paydo bo‘lishi, teri kasalliklari yuzaga kelishi mumkin. V2 vitamining eng muhim manbalari – sut, pishloq, tvorog, tuxum, go‘sht va non hisoblanadi.
V6 vitamini V guruhidagi boshqa vitaminlar bilan bir qatorda oqsil almashinuvida qatnashadi. Asab tizimi faoliyatiga va qon yaratilishiga ijobiy ta’sir qiladi. Organizmga V6 vitamini yetarli darajada tushib turmasa jahldorlik, holsizlik, terining zararlanishi kuzatiladi. Bu vitamin go‘sht, jigar, baliq, tuxum sarig‘i, meva-sabzavot mahsulotlari tarkibida uchraydi.
RR vitamini hujayralar almashinuvi jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Organizmning oksidlanish jarayonlarida qatnashadi. Tomir tarangligi va qon hosil bo‘lishiga ijobiy ta’sir qiladi. RR vitamini go‘sht, sut, buyrak, jigar, non, kartoshka, grechixa yormasida bo‘ladi.
V12 vitamini oqsil almashinuvida qatnashadi. Organizmning o‘sish va rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Qon hosil bo‘lishida juda katta ahamiyatga ega. V12 vitamini sut, pishloq, go‘sht, jigar, buyrak, tuxum sarig‘i tarkibida mavjud.
S vitamini uglevod, oqsil va minerallar almashinuvida, organizmdagi oksidlanish-qaytarilish jarayonlarida va qon hosil bo‘lishida ishtirok etadi. S vitamini organizmning infeksiyalarga chidamliligini oshiradi va to‘qimalar hamda hujayralarning o‘sishiga yordam beradi. Shuningdek, mayda qon tomir (kapillyar)larning devorini mustahkamlaydi. Bu vitamin meva-sabzavotlar tarkibida ko‘p bo‘ladi. S vitamini yorug‘lik va qaynash jarayonida tez parchalanib ketgani bois mahsulotlarni to‘g‘ri saqlash va pishirish muhim ahamiyatga ega.
Bolanining rivojlanishida vitaminlarning ahamiyati katta. Vitaminlar moddalar almashinuvi jarayonining nazoratchilaridir. Ayniqsa, ular bolaning o‘sish va rivojlanish jarayoniga bevosita aloqador bo‘ladi. Kasalliklarga qarshi chidamini oshiradi, ya’ni immunitetni mustahkamlaydi. O‘sish davrida bolaning vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, uning kelajakda sog‘lom bo‘lib rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.
Maqsuda NODIROVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji “Kattalarda hamshiralik parvarishi” kafedrasi o‘qituvchisi
Xurshida HUSENOVA