YORQIN YULDUZ ShU’LASI
Parkent agrosanoat kasb-hunar kollejida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 574 yilligi munosabati bilan “Olisdan shu’la sochgan yorqin yulduzim” mavzusida adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buyuk ajdodlarimizning umrboqiy ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar milliy adabiyotimizni rivojlantirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
– Mumtoz adabiyotimiz tarixida Alisher Navoiyning ijodiy faoliyati serqirraligi bilan ajralib turadi, – deydi kollej direktori Sh.Xo‘jayev. – Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglashda ulug‘ bobokalonimiz asarlarining ahamiyati beqiyos. Shu bois o‘quv yurtimizda ushbu merosni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, Navoiyni anglash, uning falsafiy-axloqiy, ma’rifiy mushohadalarga boy asarlarini o‘qish va tushunish har bir inson uchun ulkan saodatdir.
Hozirgi globallashuv davrida Alisher Navoiyning insoniy barkamollik, odob-axloq, beg‘ubor va pokiza tuyg‘ular ulug‘langan asarlari yanada dolzarblik kasb etmoqda. Shu bois shoirning ijod namunalari jahon xalqlarining ko‘plab tillariga tarjima qilinib, olimlar, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Shoir asarlarida yurt ravnaqi, osuda va farovon hayot, jamiyatdagi barqarorlik, o‘zaro totuvlik va ahillik, mehr-oqibat muhitini asrab-avaylashdek ezgu g‘oyalar ulug‘lanadi.
Tadbirda o‘quvchilar shoir ijodidan namunalar o‘qidi. Uning asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Gulchehra ShOMALIKOVA