TO‘G‘RILIK IBRATI

Alisher Navoiyning bebaho so‘zlari insonning ruhiy tarbiyasi, umuman, har qanday odamning ma’nan kamol topishi uchun yordam beradi. Har bir davr o‘quvchisi alloma shoir asarlaridagi hikmatlarni, hikoyat hamda rivoyatlarni, tarixiy va falsafiy ma’lumotlarni o‘qib o‘ziga ozuqa oladi.

Shoirning:

“Ki har kim ayon etsa yaxshi qilig‘,

Yetar yaxshiliqdin anga yaxshiliq”,

kabi misralaridan ezgulikni o‘rganadi. Agar odam “yaxshi qiliq qilsa, albatta, yaxshilik ko‘radi” degan xalqona, sodda, ammo ulkan bir haqiqat ifodasini tushunib yetadi.

Alisher Navoiyning nasriy asarlari mohiyatiga axloqiy masalalar chuqur singdirilgan. Deylik, yolg‘onchilikning zarari, to‘g‘ri so‘zning foydasiga urg‘u beriladi. Yolg‘onchining so‘ziga boshida odamlar ishonishi mumkin. Ammo bu holat fosh bo‘lgandan keyin uning el ichida hurmati qolmaydi. Haq so‘zni gapiruvchi kishining martabasi esa oradan vaqt o‘tgani sari yuksalib boradi.

Hazrat Navoiy tarbiyaning shu tomoniga diqqat qaratib, “Hayrat-ul abror” dostonida bir rivoyatni keltiradi:

Ma’lum bo‘lishicha, uzoq o‘tgan zamonda bir shoh uyining o‘rtasida ustunli bir ko‘shk qurishga kirishibdi. Xizmatchilari yangi uy uchun ustunga munosib, tik o‘sgan og‘och-daraxt izlashibdi. Izlab oxir bir kun topishibdi. Qarashsa, uning egasi bir qari momo ekan. Daraxtini kesish uchun o‘n baravar, yuz baravar va hatto ming baravar pul taklif etishsa ham, egasi, ya’ni kampir ko‘nmabdi. Xizmatchilar unga yog‘och og‘irligicha keladigan oltin berib, kampirdan bazo‘r daraxt yog‘ochini sotib olishibdi… Oxiri ko‘shk ham qurib bitirilibdi. Kampirdan olingan yog‘och ustun ko‘shkni bezatibdi.

Oradan ancha vaqt o‘tibdi. Bir kuni o‘sha imorat yonidan o‘tayotgan kampir qadrdon “daraxt”ini quchoqlab yig‘labdi. So‘ngra shukrona aytib: “Sen to‘g‘ri o‘sganing uchun o‘zingni ham, meni ham tilloga ko‘mding”, debdi…

Alisher Navoiyning turli asarlari tarkibida bunga o‘xshash hikoyatlar ko‘p. Ular har qanday yoshdagi o‘quvchini o‘ylantiradi; yosh avlodni ma’naviyat ko‘shkiga olib kiradi. Ma’rifatga chorlaydi. Hazrat Navoiydan meros qolgan odob-axloq xazinasidan bahramand bo‘lish har kimning o‘ziga bog‘liq.

Bizningcha, Navoiy asarlaridagi toza ruh odamga ham jismonan, ham ma’nan kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

Murat KARIMOV,

UrDU jismoniy madaniyat

fakulteti talabasi

Yana o‘qing:  DIQQAT, TANLOV!

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: