HAM SPORTCHI, HAM MURABBIY
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tgan yilda qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qirqdan ortiq sport turi bo‘yicha mamlakat miqyosida ko‘plab musobaqalar o‘tkazildi. Ularga 6 ming 782 nafar o‘quvchi-yosh jalb etilgan. Quvonarlisi, ushbu ishtirokchilarning 2 ming 721 nafarini qizlar tashkil etdi.
O‘zbekiston chempioni shahrixonlik Muxlisa Jo‘rayeva Bo‘z pedagogika kollejida o‘qib yurgan paytlarida, murabbiylari Ravshanbek Isroilov, Sherzodbek Tojimatov hamda Shohista Ismoilovadan milliy kurashning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandi. Natijada, tuman, viloyat, keyinchalik esa respublika chempionatlarida qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egalladi.
– Yutuqlarimda ota-onam, ustozlarimning hissalari katta, – deydi Muxlisa. – Chunki ular meni har doim qo‘llab-quvvatlab turadilar. Kelajakda ularning ishonchini oqlash va xalqaro musobaqalarda O‘zbekistonimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilaman.
Yuksak orzular bilan yashayotgan Muxlisa ayni paytda tumandagi 55-umumta’lim maktabida yosh iqtidorli sportchilarga murabbiylik qilmoqda. O‘quvchilar uchun dars mashg‘ulotlaridan so‘ng milliy kurash to‘garagini ham tashkil qilgan. Muassasada barcha imkoniyatlarga ega, yangi sport anjomlari bilan to‘la ta’minlangan sport zali ham yoshlar ixtiyorida.
Muxlisaning Mohidil G‘ulomjonova, Munisa G‘aniyeva, Feruza Zokirova, Zardona O‘tkirboyeva kabi iste’dodli shogirdlari viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda qatnashib, yuqori natijalarga erishayotir.
Mirolim ISAJONOV,
Andijon viloyati