OILA – JAMIYAT KO‘ZGUSI

Oila – jamiyatning birlamchi va muhim bo‘g‘inidir. Oila – kishilarning tabiiy-biologik, huquqiy, ma’naviy munosabatlariga asoslangan butun bir jamoa. Dunyoda yuz beradigan har qanday o‘zgarishlar, xoh u iqtisodiyot, xoh ma’naviy-siyosiy sohada bo‘lsin, o‘z ta’sirini dastavval oilada namoyon etadi. Shuning sabab oila ijtimoiy institut sifatida jamiyat bilan birga paydo bo‘lgan.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, oila turmush va vijdon qonunlari asosiga quriladi va o‘zining ko‘p asrlik mustahkam va ma’naviy tayanchlariga ega bo‘ladi. Oilada demokratik negizlariga asos solinadi. Odamlarning talab-ehtiyojlari va qadriyatlari shakllanadi. Darhaqiqat, oila inson uchun muqaddas dargoh bo‘lib, u ma’naviy munosabatlar zamirida yuzaga keladi. Oila mustahkam bo‘lsa, demakki jamiyat, mamlakat ham mustahkam va barqaror bo‘ladi.

Oilaviy munosabatlarni boshqarishda asosan ota-onaning, yoshi katta kishilarning o‘ziga xos o‘rni bor. Madaniy va ma’naviy qadriyatlarni avloddan avlodga yetkazishda davlat va jamiyatdagi ta’lim muassasalari, madaniyat o‘choqlarining ham muayyan roli mavjud. O‘zbekistonda yosh oilalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, bola tug‘ilishi va uning voyaga yetishi uchun ma’lum miqdorda nafaqalarning belgilanishi, onalik va bolalikning ijtimoiy muhofaza qilinayotganligi, ota yoki ona farzand oldida o‘z burchini bajarmagan taqdirda moddiy, ma’naviy, hatto jinoiy sanksiyalar orqali jazolanishi ushbu noyob maskanni mustahkamlash, u orqali milliy va umuminsoniy qadriyatlarni keyingi avlodlar uchun meros qilib qoldirish vazifasining bajarilayotganligi namunasidir.

Jamiyat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi hujjat bo‘lgan Bosh Qomusimizda oila masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Konstitutsiyamizda “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega” deb yozilgan.

Istiqlol bizga tilimiz, dinimiz, milliy qadriyatimiz, ma’naviy meros va madaniyatimizni xolisona o‘rganish va uni bevosita qo‘llash imkoniyatini berdi. Bugungi kunda G‘arb mamlakatlarida oila inqirozi jarayoni kechayotgan bir pallada bizning davlatimiz bu masalaga juda katta ahamiyat qaratayotgani e’tiborlidir. Jahonning birorta mamlakatida oila va uning muammolarini bu qadar izchil va keng qamrovli ilmiy asosda o‘rganish va yechimini topishga kirishganligi ma’lum emas. Shu o‘rinda qiziq bir ma’lumotni aytib o‘tsak, qadimgi grek tarixchisi Elion qoldirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi yirik qabilalardan biri bo‘lgan saklarning odatlari bo‘yicha uylanishni istagan har bir yigit o‘zi uylanmoqchi bo‘lgan qizi bilan yer osti uyida kurash tushishi shart bo‘lgan. Bu kurashda g‘alaba qilgan taqdirdagina uylanish huquqiga ega bo‘lgan. Demak, bu yerda kurash o‘ziga xos tarzda nikoh vazifasini bajargan.

Yana o‘qing:  Xalq dardi bilan yashash insoniylik ziynatidir

“O‘g‘uznoma”, “Alpomish”, va “Manas”lardagi nikoh bilan bog‘liq odatlarga, yigitning jismoniy qobiliyatlariga va uni sinab ko‘rishga alohida ahamiyat berilgan. Talabgorlar o‘zaro ot poygasi, kamonda nishonni urish, uzoqqa o‘q uzish, kurash kabi xalq musobaqalaridan foydalanilgan.

Muxtasar aytganda, oila milliy qadriyatlarning rivojini ta’minlaydigan, millatning davomiyligini saqlaydigan, yangi avlodni dunyoga keltirib, uni ma’naviy va jismoniy barkamol qilib tarbiyalaydigan jamiyatning asosiy negizi hisoblanuvchi muqaddas maskandir.

Abror TO‘RAYEV,

JDpI “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi,

Zoyir NAXANBOYEV,

tarix fakulteti talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: