Qorbobo
(hikoya)
Qalin qor yog‘ib, borliq ajib tusga kirdi. Ariqlardan shivirlab oqayotgan zilol suvlar bag‘rini, sovuq tafti bilan muz qopladi. Atrofda bolajonlarning sho‘x-shodon qiyqirig‘i eshitilar, ularning zavqlanib qor-bo‘ron o‘ynayotganini ko‘rgan kishi yana qaytib jajji bolakayga aylanib qolgisi kelardi.
Mana shunday kunlarda, katta opamning ham bolaligiga qaytgisi kelib qoldi chog‘i meni tortqilay-tortqilay “Qorbobo” yasaymiz deya hovliga olib chiqdi. Biz tezda qorlarni uyum-uyum qilib to‘plaganimizcha ishga kirishib ketdik. “Qorbobo”ni shunday ishtiyoq bilan yasayotganimizdan qo‘lqoplarimiz ho‘l bo‘lib ketganini ham sezmay qolibmiz. Qo‘llarimiz sovqotayotgani bois ularni yechib yana chala qolgan “Qorbobo”ni yasashga tushdik. Uni bitirgach opam:
– Guli yur uyga, biroz isinib olib so‘ngra “Qorbobo”ni tomosha qilgani yana chiqamiz, – dedi sovuqdan “dir-dir” titrab. Opam ikkimiz uyga kirib isinganimizcha uxlab qolibmiz. Tushimda biz yasagan “Qorbobo” allanimalarni bizga tushuntirmoqchiday “ha” deb qo‘li bilan yoniga imlarmish. Bir vaqt shovqindan uyg‘onib ketdim. Deraza yoniga kelib tashqariga qarasam akam qo‘shni bolalar bilan yasagan “Qorbobo”mizni buzib qorbo‘ron o‘ynayotgan ekan. Yugurib chiqib:
– Nima qilib qo‘ydinglar? Axir uni opam bilan qiynalib yasagan edik, deganimcha yig‘lab yubordim. Akam va do‘stlari yerga boqqanicha bir zum jim qolishdi. Kech kirib hamma uy-uyiga ketdi. Ertalab turib hovliga chiqsam hovli o‘rtasida kechagidan ham chiroyli “Qorbobo” paydo bo‘libdi. Quvonganimdan yugurib uning oldiga bordim va bor ovozim bilan opa, opajon deya chaqira boshladim. Yugurib kelgan Oygul opam gap nimada ekanligini tushundi chog‘i sekingina axir ular o‘g‘il bolada, deb qo‘ydi.
Gulyora MAHKAMOVA,
Farg‘ona viloyati