BOLALAR TAOMNOMASIDA ILK ShARBATLAR

Yangi mevalar va sabzavotlardan tayyorlangan tabiiy sharbatlarni imkon boricha ko‘proq ichish bolalarga juda foydali. Sharbatlar go‘daklarga birinchi galda bioelementlar tanqisligini qoplash uchun tayinlanadi. Tabiiy ovqatlantirilayotgan bolalar ratsioniga meva sharbatlarini 6 oylikdan ilgari kiritmaslik kerak. Sharbatni bundan oldin kiritish maqsadga muvofiq emas. Chunki, u aksariyat allergik reaksiyalar va me’da-ichak tizimida buzilishlar ro‘y berishiga olib kelishi mumkin. Birinchi marta olma sharbatini tavsiya qilish mumkin. Bu meva (ko‘k olma) allergiya chaqiruvchi faollikka ega emas. So‘ngra nok, olxo‘ri, o‘rik, qovoq, tarvuz, behi sharbatlari, keyingi bosqichda esa qora qarag‘at (smorodina), olcha va boshqa meva sharbatlarini tayinlash mumkin.

Sharbatlar va meva pyuresini bolaga birinchi marta sabzavotlar yoki yormali bo‘tqalardan keyin tayinlangani ma’qul. Chunki, xom mahsulotlar bir muncha kuchli allergiyalovchi ta’sir ko‘rsatishi, me’da-ichak yo‘li faoliyatinig buzilishini keltirib chiqarishi mumkin. Ilk bora bolaga yarim choy qoshiqdan boshlab olma sharbati beriladi. Keyin bu miqdor asta-sekin to‘liq hajmgacha (100-150 gr) yetkaziladi.

Sharbatlar vitaminlar va mineral tuzlar, kletchatka, organik kislotalar, pektin birikmalari, xushbo‘y moddalar va efir moylarining manbalari hisoblanadi. Ular ko‘pgina kasalliklarga qarshi shifobaxsh xossalarga ega.

Go‘daklarni ovqatlantirishda jiddiy e’tibor bilan va alohida yondoshmoq zarur. Xususan, sharbatlar tayinlashda ham ularning sog‘lig‘i, hazm tizimi faoliyati xususiyati va go‘dakning ishtahasini hisobga olish darkor.

Masalan, sharbatlarning me’da-ichak yo‘li faoliyatiga ta’sirini nazarda tutish shart. Nordon va o‘tkir ta’mli sharbatlar (qora smorodina, olcha, klyukva, limon) me’da va ichak shilliq pardasini ta’sirlantirishi mumkin. Bu noxush holatlarning oldini olish uchun sharbatlarni qaynatilgan suv bilan suyultirgan ma’qul. Xususan o‘rik, olxo‘ri kabi mevalarning eti, sabzili sharbatlar ichakning harakat faolligini kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun ularni bola ratsioniga ich qotishga moyillik bo‘lganda kiritish maqsadga muvofiq. Ichi suyuq keladigan bolalarga ichni qotirish xususiyatiga ega bo‘lgan meva(nok) sharbatlari berish kerak.

Tarkibida qand mikdori talaygina bo‘lgan sharbatlar bolalarda ichak diskineziyasi holatlarini qo‘zg‘atishi yoki kuchaytirishi mumkin. Bu holat diareya (ichketar), ich qotishi kuchayishi va ichakdagi sanchiqlar bilan bog‘liq. Bolaning bezovtalanishi shular qatoriga kiradi.

Bir qator sharbatlarni ko‘tara olmaslik, xususan, allergik reaksiyalar berishi mumkinligini ham e’tibordan soqit qilmaslik lozim.

Yana o‘qing:  Qorin sohasidagi og‘riq

Bolalar ovqati uchun sanoatda ishlab chiqariladigan maxsus sharbatlarni berish xam maqsadga muvofiq. Chunki, noqulay ekologik sharoitlarda va aholining sanitariya-gigiyenik bilimlari yetarlicha bo‘lmagan hududlarda turli paytlarda ayni sanoatda ishlab chiqariladigan mahsulotlar go‘dak hayotining birinchi yilidagi turli kasalliklarning oldini olish va xavfsizlik kafolati bilan ta’minlaydi.

O‘rik sharbati – qon hosil bo‘lishini faol rag‘batlantiradi, o‘t haydovchi, issiqni tushiruvchi, ichni yumshatuvchi xossalarga ega. Ko‘rish qobiliyati, yurak-qon tomirlar tizimi va me’da-ichak yo‘li faoliyatini yaxshilaydi.

Olcha sharbati – kamqonlikda, o‘pka, jigar kasalliklarida, ich qotishlarida shifobaxsh ta’sirga ega, dizenteriya (ichburug‘) va yiringli infeksiya qo‘zg‘atuvchilari bo‘lgan stafilokokklar va streptokokklarga halokatli ta’sir qiladi.

Anor sharbati – undan gastrit(me’da shilliq qavatining yallig‘lanishi), singa kasalligi, kamqonlikda foydalaniladi. Yurak-qon tomirlari tizimi ishini yaxshilaydi. O‘zining umumiy quvvat bag‘ishlovchi ta’siri bilan foydali, biogen stimulyator hisoblanadi va me’da osti bezi kasalliklarida davo bo‘ladi. Ichni qotirish xususiyatiga ega.

Behi sharbati – qon hosil bo‘lishini faol rag‘batlantiradi. Nafas a’zolari kasalliklarida qo‘llaniladi.

Olxo‘ri sharbati – viruslarga qarshi tabiiy dori vositasi hisoblanadi. Yurak-qon tomirlar tizimini yaxshilaydi, surgi sifatida qo‘llaniladi.

Sabzi sharbati – ishtahani, hazm tizimi faoliyatini, ko‘rishni yaxshilaydi, tishlarni, asab tizimini mustahkam qiladi, immunitetni oshiradi. Infeksiyaga qarshi antioksidant hisoblanadi.

Oshqovoq sharbati – jigar, buyraklar, qovuq kasalliklari, kamqonlikda, moddalar almashinuvi buzilganda, semizlikda, qandli diabetda, ichak sanchiqlarida foydali.

Olma sharbati – pektinga boy, organizmdagi zaharli moddalarni so‘rib olishda adsorbent kabi ta’sir qiladi.Organizmni buyrak toshlaridan forig‘ qiladi. Nafas a’zolari ishini yaxshilaydi, yurak-qon tomirlar tizimini mustahkamlaydi.

Feruza GAFAROVA,

ToshVMOI “Pediatriya” kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: