O‘SPIRINLIK – NOZIK DAVR
Insonning dunyoga kelishi haqiqiy mo‘jizalardan biridir. Kechagina butun borliqqa jar solib o‘zining tug‘ilgani haqida ma’lum qilgan go‘dak zum o‘tmay oyoqqa tura boshlaydi. Dunyoning shirin tashvishlari bilan andormon bo‘lib ota-ona jajjigina farzandlari qanday qilib ulg‘ayib, bolalik, so‘ngra esa o‘smirlik pallasiga yetib qolganini sezmay ham qolishadi.
Dono xalqimizda bir naql bor: bolang kichik bo‘lganida uning tashvishlari ham kichikdir, o‘g‘il-qizing ulg‘aysa, ularning tashvishlari ham shunchalik kattalashib boraveradi.
Fiziologik nuqtai-nazardan olib qaralsa, o‘smirlik davrini boshidan kechirayotgan o‘g‘il-qizlarimizning organizmi nihoyatda jadal rivojlanadi. Aynan shu davrda ularda ikkilamchi jinsiy belgilar shakllana boshlaydi. Ularning ruhiyatida juda jo‘shqin jarayonlar yuz beradi, dunyoqarashlari o‘zgaradi. Ushbu jarayonlarning barchasi o‘smirlarning asab tizimiga juda katta yuklama bo‘ladi. O‘smirlik davrini boshidan kechirayotgan o‘g‘il-qizlar serzarda, ba’zida esa tajovuzkor bo‘lib qolishadi. Shu kungacha og‘ir-bosiq bolasining birdaniga bu zaylda o‘zgarib qolishi aksariyat ota-onalarni shoshirib qo‘yadi. Kattalar o‘smir farzandlariga qanday muomala qilish lozimligini bilmaydilar. Umuman olganda o‘smirlik pallasidagi o‘g‘il-qizlarga nisbatan kattalar ehtiyotkor, mulohazali, bardoshli bo‘lishi darkor.
Bu vaqtda organizmda bir qator gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayadi.
O‘g‘il bolalarda o‘tish davri qiz bolalarnikiga qaraganda bir-ikki yilga kechroq boshlanadi. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchimizki, o‘smirlik davrining aniq chegaralari yo‘q. Bundan tashqari, bu davrdagi o‘ziga xos xususiyatlar har bir bolada turlicha ifodalanadi. Chunki, har bir odam organizmi o‘ziga xos ritmlar asosida rivojlanadi. Mutaxassislarning fikricha bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davri 10-11 yoshdan boshlanib 15-17 yoshgacha davom etishi mumkin.
Bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davrini psixologlar ham, shifokorlar ham nihoyatda murakkab psixo-fiziologik jarayonlar davri deb e’tirof etishadi. Mutaxassislar o‘tish davrini nisbiy ravishda uchta bosqichga ajratish mumkin deb o‘rgatishadi. Birinchi bosqich – psixo-fiziologik jihatdan yuz berishi kutilayotgan murakkab o‘zgarishlarga tayyorlanish davri. Ikkinchi bosqich – tom ma’nodagi o‘tish davri bo‘lib, uchinchi bosqichda psixo-fiziologik jihatdan yuz beruvchi o‘zgarishlar yakuniga yetadi. Ushbu davrda o‘g‘il va qiz bolalarning bir-biriga nisbatan munosabati o‘zgaradi, qiziqishi ortadi. Ular o‘zining tashqi qiyofasiga juda e’tiborli bo‘lib qoladilar.
O‘tish davridagi bolalar oldida juda murakkab vazifa ko‘ndalang turadi – bolalik bilan xayrlashib kattalarning olamiga qadam tashlashga to‘g‘ri keladi. Bunday holatda bola bo‘lib bola emas, katta bo‘lib katta emas maqomidagi odamga eng avvalo, ota-onalarning, qolaversa, katta yoshdagi yaqinlarining yordami juda zarur.
Ularga o‘smirlik davri xususiyatlari haqida kattalar ma’lumot berib, tibbiy risola yoki kitobcha sovg‘a qilishlari zarur.
Bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davrida o‘g‘il va qizlarning ruhiyatida keskin o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Ularning bolalikda tanish bo‘lgan dunyosi birdan o‘zgarib mutlaqo notanish bir qiyofa kasb eta boshlaydi. Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan tashqi olam taassurotlarini idrok etish va qabul qilish ular uchun ancha qiyin kechadi. Bunday vaqtda ularga kattalarning madadi va ko‘magi juda zarur. Buning uchun o‘smirlarning oilasidagi katta yoshli odamlar o‘tish davrining o‘zgarishlari haqida tushunib olishlari darkor.
Bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davrida kuzatiladigan o‘zgarishlar birinchi galda tashqi qiyofada aks etadi. Bu o‘zgarishlar o‘g‘il va qiz bolalarda bir xil bo‘lmaydi. Tashqi qiyofadagi o‘zgarishlar ko‘p jihatdan fiziologik jarayonlar bilan bog‘liq bo‘ladi.
O‘smirlik davriga qadam qo‘ygan bolalarda o‘tish davri boshlanganligidan ularning tashqi qiyofasida kuzatiladigan o‘zgarishlargina dalolat bermaydi. Bu davrdagi muhim o‘zgarishlar bolalarning ruhiyatiga ham ta’sir qilishi haqida aytib o‘tgandik. Shu boisdan ham ularning fe’l-atvori keskin o‘zgarib qolishi mumkin. Kechagina muloyim, e’tiborli, odobli bolajonning fe’l-atvori birdaniga o‘zgarib terslik qilishi, ayni vaqtda u serzarda, har narsadan gumonsiraydigan, qo‘pol, osongina xafa bo‘ladigan, huda-behudaga bahslashadigan bo‘lib qoladi.
Bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davri jarayonlarini boshdan kechirayotgan bolajonlar emotsional jihatdan beqaror (juda o‘zgaruvchan), maksimalist (o‘ziga va atrofidagilarga nisbatan haddan ortiq talablar qo‘yadigan), qaysar va qo‘pol, ba’zida surbetlik qilishdan ham toymaydigan bo‘ladi. Bolalarimizning bunday fe’l-atvoriga nisbatan noto‘g‘ri munosabat qilishdan avval ularning organizmida juda kuchli gormonal o‘zgarishlar kechayotganini yodga oling va biroz hovuringizdan tushing.
O‘tish davridagi bolajonlarning butun borlig‘i – psixo-somatik holati, fe’l-atvori, dunyoqarashi o‘zgaradi. Bolajonlarning ruhiyatida yuz berayotgan keskin o‘zgarishlar tabiiyiki, ularning sihat-salomatligida ham aks etadi. Aslini olganda, bu davrda yuzaga keladigan barcha muammolar negizida keskin psixologik va fiziologik o‘zgarishlar yotadi. Bolajonlarimiz bu holatni nima ekanini yaxshi anglay olmaydilar va shu boisdan ular tajang bo‘lib qoladi. Bolalikning shirin og‘ushida yurgan odam birdaniga dahshatli bo‘hron qa’riga tushib qolib uning oqibati nimalar kutayotganini bilolmay hayron bo‘lgan holatni tasavvur qilib ko‘ring. O‘tish davri kechinmalari bolajonlarimiz uchun aynan shunday sinovlar davriga aylanadi. Tabiiyki, bunday vaziyatda bolajonlarimizning shikasta dillari ham, nozik jussasi ham birdek ozor chekadi. O‘smirlar tez-tez turli xil kasalliklarga chalinishi mumkin. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, o‘tish davridagi xastaliklar aksariyat hollarda organizmning ayrim a’zolari juda jadal sur’atlar bilan kechayotgan psixo-fiziologik o‘zgarishlarga mos ravishda rivojlanishga ulgurolmay qolishi oqibatida kelib chiqadi. O‘smir organizmidagi jarayonlar bilan ichki a’zolarning rivojlanib yetilishi me’yorga tushishi oqibatida bu kasalliklar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
O‘smirlik pallasida o‘g‘il va qizlarimizni bezovta qiladigan muammolardan (dard desa ham bo‘laveradi) biri bu gormonal o‘zgarishlar keskinlashishi oqibatida yuz va badan terisida kuzatilishi mumkin bo‘lgan toshmalar (husnbuzar)lardir. Bundan tashqari, aksariyat hollarda o‘smirlarimizni vegetativ qon tizimi faoliyatining buzilishi (distoniya), o‘tish davri uchun xos bo‘lgan depressiya(ruhiy tushkunlik)lar bezovta qiladi.
Vegetativ qon tizimi faoliyatining buzilishi (distoniya) — odam organizmida ichki muvozanatni saqlashga xizmat qiladigan vegetativ asab tizimi faoliyatining izdan chiqishidir. Odatda odam organizmining funksional faoliyatidagi bunday buzilishlar juda kuchli kechayotgan gormonal jarayonlar, psixo-emotsional zo‘riqishlar ta’sirida ro‘y beradi. Klinik nuqtai nazardan olib qaralsa, bunday o‘zgarishlar haqida yurakning juda tez urishi, bosh aylanishi, haddan ortiq darajada ter ajratish, qon bosimining pasayib ketishi, qorin sohasida turli xil og‘riqlar, junjikish, organizmning tez charchab qolishi, serzardalik kabi alomatlar darak beradi. Umuman olganda o‘tish davri tugashi bilan yuqorida aytib o‘tilgan klinik alomatlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.
O‘tish davri uchun xos bo‘lgan husnbuzarlar o‘g‘il va qiz bolalarning yuz, yelka, ko‘krak sohasida, kamdan kam hollarda tananing boshqa sohalarida paydo bo‘lishi mumkin.
O‘spirinlarda yana bir o‘ziga xos muammo yuzaga chiqishi mumkin. Gap shundaki, bu davrda qiz bolalarda skelet hamda mushaklar umumiy massasining o‘sishi kuzatiladi. Shu munosabat bilan organizmda ortiqcha vazn yig‘iladi. Yosh qizchalar bunday holatni juda og‘rinib qabul qilishi ehtimoli bor. Axir, o‘tish davrida qiz bolalar o‘zining tashqi qiyofasiga nihoyatda katta e’tibor beradigan bo‘ladilar. O‘smirlik pallasiga qadam qo‘yayotgan qizlarimiz atrofdagilarning, xususan, o‘g‘il bolalarning ularga nisbatan qanday munosabatda bo‘layotganini ruhiy jihatdan juda nozik his etadilar. Shu boisdan ham o‘tish davrida ortiqcha vaznning oshib ketishidan cho‘chigan ba’zi bir qizlar o‘zini ovqatlanishdan tiyishadi. Bunday zo‘rma-zo‘raki “parhez tutish”ning oqibati juda yomon tugaydi. Negaki, bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davrida o‘sish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan organizmdagi jadal o‘zgarishlar ta’sirida butun umrga tatigulik salbiy oqibatlar (masalan, anoreksiya) yuzaga kelishi mumkin. Ilgariroq aytib o‘tganimizdek, o‘tish davrida tanadagi suyak va mushaklar massasi o‘zgaradi. Tana og‘irligini keyinchalik me’yorga yetkazib olish mumkin bo‘lsa, suyaklar massasini o‘zgartirishning imkoni qolmaydi.
Anoreksiya — o‘smirlik pallasiga qadam tashlayotgan yosh organizm uchun nihoyatda yoqimsiz oqibatlarni keltirib chiqaradigan kasallik. Bunday noxushlikning oldini olmoq uchun o‘smir yoshidagi bolalarning ota-onalari o‘z farzandarining yeb-ichishiga, kun tartibini to‘g‘ri tashkil qilishiga alohida e’tibor bermoqlari darkor.
Hurmatli ota-onalar, oilangizda o‘smirlik pallasiga qadam tashlayotgan qiz bolalar bor bo‘lsa, ular bilan munosabat jarayonida bexosdan bolangizning diliga jarohat yetkazib qo‘yishdan ehtiyot bo‘ling.
Bolalik bilan xayrlashib asta-sekin o‘smirlik davriga kirib borayotgan o‘g‘il bolalarning xarakterli muammolari asosan nisbatan olganda oshib borayotgan jismoniy kuch-quvvat his etilishi hamda jinsiy jihatdan ulg‘ayish jarayonlarining faollashuvi bilan uzviy bog‘liq. Bu yoshdagi o‘g‘il bolalar butun dunyo ahliga ulg‘ayib qolgani haqida jar solgisi kelaveradi. Buning oqibatida ular psixik jihatdan ortiq darajada zo‘riqib qolishadi. O‘smirlik pog‘onasida o‘g‘il bolalarning xarakteri keskin tarzda o‘zgarib qoladi. O‘smirlar o‘zini xuddi kattalardek tutishga intilishadi, ammo ular psixo-fiziologik jihatdan katta yoshdagi odamlar uchun xos bo‘ladigan layoqatlarga to‘liq ega bo‘lmagani bois doimo ichki ziddiyat holatida yurishadi. Oqibat natijada ularning fe’l-atvorida o‘ta darajadagi asabiylik, hattoki tajovuzkorlik ko‘zga tashlana boshlaydi. Bu davrdagi bolajonlar psixikasida huquq va majburiyatlar mutanosibligi shakllanib ulgurmagan bo‘ladi.
Turli xil ichki ziddiyatlar ta’siri iskanjasiga tushib qolgan o‘g‘il bolalar aksariyat hollarda odamlarga aralashmaydigan (odamovi), qaysar, juda uyatchang yoxud aksincha, juda tajovuzkor, bebosh bo‘lib qoladi. Bu davrda o‘smirlarga oilaviy muhitning ta’siri ancha salmoqli bo‘ladi. Oilada o‘zaro totuvlik, hurmat va samimiylik hukmron bo‘lsa, o‘smirlar o‘zining ichki ziddiyatlarini birmuncha yumshatishi, fe’l-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi. Oilaviy muhit og‘ir bo‘lsa, aksincha o‘smirlarning fe’l-atvoridagi salbiy xususiyatlar yanada keskinroq ko‘rinish kasb eta boshlaydi. Bolalar bebosh bo‘lib, ko‘chaning ta’siriga tushib qoladilar.
Hurmatli ota-onalar, muammolari bilan yolg‘iz qolgan bolajonlarimizga imkoni boricha dalda berishimiz, ularga nisbatan sabr-bardoshli bo‘lishimiz, mehr berib, suyib-erkalab, ardoqlab katta qilgan jigargo‘shamizni asrab- avaylashimiz kerak!
Shuningdek, ularning diqqat-e’tiborlarini kelajakda birorta kasb-hunar o‘rganish yoki oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lib yetishi ishlari uchun o‘qishga yo‘naltirish zarur.
Halima Shukur qizi tayyorladi.