U – O‘N SAKKIZ QIZNING ONASI

Zamira ish kunini dastlab qizlarining yotoqxonasiga kirib, bir-bir ko‘zdan kechirishdan boshlaydi. Xona toza-ozoda, choyshablar chiroyli qilib yopilgan. Bu yerda qiz bolalarning yashashi shundoqqina sezilib turadi.

Zum o‘tmay maktab tomondan qo‘ng‘iroq ovozi eshitiladi. Demak, dars tugadi. Zamira o‘sha tomonga yuradi, o‘qituvchilardan qizlarini qabul qilib olishi kerak. Maktabga kirishi bilan birin-ketin qizlariga duch keladi: Nargiza, Madina, Umida, Laylo, Ozoda… Ular onalarini ko‘rishlari bilan quchoqlab oladilar, xuddi bir oy yoki, bir yilmi ko‘rmaganday. So‘ng atrofini o‘rab chug‘urlay boshlashadi: “Onajon, men matematikadan “5” baho oldim”, “Onajon, menga ustozim “3” baho qo‘ydilar. Endi nima bo‘ladi?”, “Onajon, huv anavi bola sochimdan tortdi”…

Xullas, qizlarining biri qo‘yib, biri gapiradi. Quvonchini ham, tashvishini ham u bilan baham ko‘radi, yengil tortadi. Bilishadiki, Zamira onajonlari ularning shodligiga sherik bo‘ladi, muammolarini hal qilib beradi.

Ona-bolalar to‘g‘ri yotoqxonaga yo‘l olishadi. Boyagina huvillab yotgan xonaga bir zumda fayz kiradi. Tushlikdan keyin esa birovi musiqa, boshqasi sport, yana biri tikuvchilik yoki pazandachilik to‘garagiga yo‘l oladi. Zamira ularning har biridan xabardor bo‘ladi, vaqtlarini bekor o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Darslarini tayyorlatadi, mashg‘ulotlar o‘tadi. Mashg‘ulotlarining mavzusi ham xilma-xil: bir kun ma’naviyat-ma’rifat haqida tushuncha bersa, boshqa kuni vatanparvarlik, odob-axloq masalalariga to‘xtaladi. Etika, estetika, kasbga yo‘naltirish, huquqiy, ekologik tarbiya, sog‘lom turmush tarzi mavzulari ham uning ish rejasidan o‘rin olgan.

Zamira Ahmedovaning har bir ish kuni ana shunday o‘tadi. Kitob tumanidagi 5-”Mehribonlik” uyida uning o‘n sakkiz nafar “qiz”i bor. Ular 7-, 8-, 9-sinflarda o‘qiydi. Zamira kechgacha qizlari orasida bo‘ladi. O‘zini ham mehribon, ham qattiqqo‘l, ham talabchan ona kabi tutadi. Qizlari haqida biror nojo‘ya gap eshitsa, yuragi og‘riydi. Birortasi xastalanib qolsa, boshida parvona bo‘ladi. Ularning har bir harakatini, xulq-atvorini kuzatadi, maslahat beradi, nasihat qiladi. Shu tariqa u qizlari yuragiga kirib borgan, eng yaqin do‘sti, sirdoshi, maslahatgo‘yiga aylanib qolgan. O‘n sakkiz qiz unga birday “Onajon” deb murojaat qiladi.

“Onajon!”. Bunday ulug‘ martabaga erishganida Zamira endigina 24 yoshga kirgan edi. O‘sha paytdagi “Mehribonlik” uyi direktori Shohista Qodirova istaraligina bu qizni yetakchilikka ishga qabul qildi. Uning yurish-turishi, kiyinishi, odobi, xulq-atvorini ko‘rib, ikki yil o‘tar-o‘tmas tarbiyachilikka o‘tkazdi. Ikki qizning onasi bo‘lgan Zamira bir yo‘la 20 nafar bolaning onasiga aylandi-qoldi. Shu-shu Zamiraning hayoti “Mehribonlik” uyi bilan bog‘landi…

Yana o‘qing:  BILIM VA BAXT YONMA-YON

Zamira onalik qilayotgan o‘n sakkiz qizning o‘n sakkiz xil fe’l-atvori bor. Ayniqsa, balog‘at yoshiga yetayotgan o‘smir qizlar bilan muomala qilishning o‘ziga yarasha murakkabliklari bo‘ladi. Ularning har biri bilan qanday gaplashishni, ko‘ngliga qanday yo‘l topishni yaxshi biladi. Bir qarashdanoq qizlarining kayfiyatini bilib oladi.

Shu yil O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Zamira Ahmedova Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

– Bularning hammasi ustozlarimning mehnati tufayli, – deydi uning o‘zi. – “Mehribonlik” uyi sobiq direktorlari Shohista Qodirova, Toshtemir Sattorovdan juda minnatdorman. Ilk bor ishga kelganimda Shahlo Obidova, Tojinor Zayniyeva kabi ustoz-pedagoglarning mashg‘ulotlarini soatlab kuzatib, ularga havas qilganman. Ulardan pedagogik mahorat sirlarini o‘rganganman. Bugun bir narsaga amin bo‘ldimki, sidqidildan qilingan mehnat, albatta, o‘zining samarasini berar ekan.

Yuqorida Zamira Ahmedovani o‘n sakkiz qizning onasi degan edik. Aslida uning yana uch farzandi – Madina, Nigina va Muhammadjoni bor. U farzandlarining hayotda o‘z munosib o‘rinlarini egallashlari uchun aslo tinim bilmaydi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti boshlang‘ich ta’lim fakultetini tugatgan Zamira Ahmedovaning Kitob tumanidagi 5-”Mehribonlik” uyida ish boshlaganiga 15 yil bo‘ldi. Shundan buyon uning murabbiyaligida 200 dan ortiq bola tarbiyalandi. Ular orasida o‘g‘illar, qizlar bor. Eng muhimi, Zamira Ahmedova bolalariga, u o‘g‘il bo‘ladimi yoki qizmi, mehrini beradi. Mehrdan suv ichgan nihollarning vaqti kelib o‘z hosilini berishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Lola O‘ROQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: