Qandli diabet: uning kelib chiqish sabablari, kasallik oqibatlari va profilaktikasi xususida

Qandli diabet (lotincha diabetes mellitus) – endokrin kasalliklar qatoriga mansub bo‘lib, insulin gormonining to‘liq yoki qisman yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Natijada qonda giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi bilan tavsiflanadi.

Bunday patologik holatning birinchi ta’riflari kasallikning eng ko‘zga ko‘ringan klinik belgilari – peshob orqali ko‘p suyuqlik yo‘qotish (poliuriya) va qondirib bo‘lmaydigan tashnalik (polidipsiya) bilan berilgan. Qadimda qandli diabet kasalligi tanada suyuqlik ushlab qolish xususiyatining yo‘qolishi bilan kechadigan patologik holat sifatida ko‘rilgan.

Qomusiy alloma, buyuk tabib bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida quyidagilarni bayon etadi: “ Diabet yomon kasallik bo‘lib, tanadan ko‘p miqdorda suyuqlikning chiqib ketishiga va ichilgan suyuqlikdan kerakli bo‘lgan namlikning tanaga singishiga qarshilik ko‘rsatib, bemorda esa behollik va a’zoi badaninig quruq bo‘lib qolishi kuzatiladi. Buning sababi buyraklar holatiga bog‘liq.”

1675 yilda Tomas Uillis poliuriyada ajralib chiqayotgan peshob “shirin” yoki “bemaza” bo‘lishi mumkin ekanligini aniqladi. Shu sababli birinchi holatda diabet so‘ziga “ mellitus” ( lotincha “asal kabi shirin”), ikkinchi holatda “ insipidus” – “mazasiz” so‘zini qo‘shdi. “Mazasiz diabet” keyinchalik “qandsiz diabet” deb atalib buyrak kasalligi (nefrogen qandsiz diabet) yoki gipofiz kasalligi (neyrogipofiz) tufayli kelib chiqib antidiuretik gormonini hosil bo‘lishi yoki biologik ta’sirining o‘zgarishi bilan kechishi aniqlandi.

Metyu Dobson kasallarning qoni va siydigidagi shirin maza yuqori miqdordagi glyukoza bilan bog‘liqligini aniqladi. Qadimgi hind tabiblari diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlar siydigi chumolilarni jalb etishiga ahamiyat berganlar va kasallikka “shirin peshob kasalligi” deb nom berishgan.

Texnika rivojlanishi bilan qondagi qand miqdorini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Qondagi qand miqdorining ko‘tarilishi peshobda glyukoza paydo bo‘lishidan ancha oldin boshlanar ekan. Qondagi glyukoza miqdorining keyingi ko‘payishi buyraklarning chegara ko‘rsatkichi ( 10 mmol/l atrofida)dan oshib ketib glikozuriya – qandni peshobda aniqlanishi holatiga olib keladi.

Qandli diabetning kelib chiqishiga insulin yetishmovchiligi sabab bo‘lishini keyinchalik bir necha olimlar o‘z kashfiyotlarida ochib berishdi. 1889 yili Jozef fon Mering va Oskar Minkovski me’da osti bezi olib tashlangan itlarda qandli diabet kasalligi belgilari paydo bo‘lishini aniqladilar. 1910 yilda Edvard Albert Sharpey Shefer me’da osti bezida joylashgan Langergans orolchalari ajratib chiqaradigan kimyoviy modda yetishmovchiligi diabetni keltirib chiqaradi degan taxminga bordi. Bu moddani u insulin ,lotincha “insula” – orol deb nomladi. Me’da osti bezining endokrin faoliyati va insulinning diabet rivojlanishidagi rolini 1921 yilda Frederik Banting va Charlz Gerbert isbotladi. Ular me’da osti bezi olib tashlanishi natijasida diabet xastaligi rivojlangan itlarga sog‘lom itlar me’da osti bezi – Langergans orolchalari ekstraktini yuborish orqali kasallik belgilarini yo‘qotish mumkinligini ko‘rsatdilar. Banting va Best qoramol me’da osti bezidan ajratib olib, tozalangan insulinni birinchi bor 1922 yil bemorlarda sinashdi. Bu kashfiyotlari uchun olimlar 1923 yilda tibbiyot yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Shundan so‘ng qandli diabetni insulin bilan davolash jadal rivojlanib bordi.

Yana o‘qing:  FRANSIYADA FILLAR UCHUN “QARIYALAR UYI” QURILADI

Qondagi insulin miqdorini aniqlash usullari ishlab chiqilgandan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qandli diabet bilan og‘rigan bir qator bemorlarda qondagi insulin miqdori kamayishi emas, balki oshishi kuzatilgan. 1936 yilda janob Garold Persival Ximsvort tomonidan chop etilgan maqolada birinchi bor 1– va 2– tur diabet alohida kasallik deb e’tirof etildi. Bu diabet to‘g‘risidagi farazlarni yana o‘zgartirib, butunlay insulin yetishmovchiligi bilan kechadigan 1-tur va nisbatan insulin yetishmovchiligi bilan kechadigan 2-tur diabet kasalligi borligini ko‘rsatdi. Diabetologiyaning oxirgi yillarida sezilarli rivojlanishiga qaramasdan hozirgi kunda ham kasallikka tashxis qo‘yishda uglevodlar almashinuvi ko‘rsatkichlarini tekshiriladi.

2006 yildan boshlab 14 noyabr BMT tomonidan “Xalqaro diabetga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanmoqda. Frederik Grant Banting ushbu sanada tug‘ilgan. Inson paydo bo‘libdiki kasallangan, davo izlagan va davolangan.Tibbiyot tarixi ildizlari qadimgi tamaddunlarga borib taqaladi. Qandli diabet kasalligi tarixini o‘rganishni qadimgi Misr davridan boshlash kerak bo‘ladi. Sababi Misrda yaratilgan eramizdan avvalgi 1500 yilda yozilgan tibbiy – “Ebers papirusi” da birinchi bor diabet tilga olinadi. U XIX asrda Fivan qabristonlari (o‘liklar shahri)da topilgan bo‘lib, an’anaga binoan tarjima qilib, ta’riflab bergan olim nomiga atalgan. Demak, misrlik tabiblar uch yarim ming yil avval diabet belgilarini boshqa kasalliklardan ajrata olishgan. O‘tmishdagi Misrda o‘liklarga sig‘inish uchun murdalarni chirimaydigan qilib mo‘miyolash talab qilingan, bu esa olimlarga odamlarning ichki a’zolarini o‘rganish va tushunish uchun yaxshi yordam bergan.

Eramizning 30-yillarida imperator Tiberiya davrida yashab ijod qilgan Avel Korneliy Sels yozib ketgan tibbiy risolada peshobning ko‘p ishlab chiqarilishi bilan kechadigan kasallik haqida yozilgan. Buning sababini u me’da-ichak tizimida ovqatning noto‘g‘ri hazm bo‘lishida deb biladi. Tan olish kerak, bu xaqiqatga yaqin.

Diabetning birinchi klinik tavsifini Rim olimi Areteus berib, u birinchi bor tibbiyotga “diabet” terminini olib kirdi. Birinchi tur qandli diabet bilan og‘irgan bemorlar tezda ozib, ko‘p suyuqlik ichib, ketma-ket peshob ajratadilar. Bu xuddi suyuqlik tana orqali shiddatli oqim bo‘lib o‘tib ketayotgandek bo‘ladi. Shu sababli Areteus kasallikka “diabaino”– grekchadan “ichidan o‘taman” deb nom berdi.

Yana o‘qing:  Tibbiy turizm: o‘zimizda...barchasidan a’lo

Ko‘rib turganimizdek diabet juda qadimgi kasallik. U bilan bemorlar antik davrda ham o‘rta asrda ham kasallanishgan. Lekin eng ahamiyatlisi o‘sha davr tabiblari kasallik haqida aniq tasavvurga ega bo‘lganlar. Ming yilliklar davomida shifokorlar ushbu kasallik belgilarini bilishgan va bemor hayotini uzaytira olishgan. Areteus davrida ham tabiblar diabetni madorning qurishi va ishtahaning pasayib ketishi, og‘iz qurib, qondirib bo‘lmas chanqoqlik, tez va ko‘p miqdorda peshob ajralishi, uning shirinroq ta’mga ega bo‘lishi va bemorning kuchli ozib ketishi kabi belgilardan ajratib olishgan. Ba’zi odamlarda – asosan yoshlarda, bu belgilar tez, hatto bexosdan paydo bo‘lib, kasallik kuchli namoyon bo‘lgan. Ular go‘yoki bu tuzalmas dardga mahkum etilgan bo‘lgan. Hozirgi zamon tushunchalariga ko‘ra bu bemorlar birinchi tur qandli diabet bilan og‘rigan bo‘lib, ular surunkali holatning og‘irlashishidan emas, balki diabetik komaga tushib, ketoatsidozdan nobud bo‘lganlar. Boshqa turdagi (2-tur) bemorlar balog‘at yoshi, hatto, keksaygan davriga yaqin og‘riganlar. O‘tmishdagi tabiblar ularni och qoldirish, jismoniy tarbiya va shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlangan dorivor vositalar bilan davolaganlar.

Zamonaviy tibbiyotda davo vositalarini tanlashda kasallikning og‘ir-engil kechishi, asoratlari bor-yo‘qligi hisobga olinadi. Chunonchi, bemorda irsiyat sababli yoshlik paytida insulin yetishmaganida uning o‘rnini bosish maqsadida insulin yuboriladi. Keksalarda va ko‘proq to‘la kishilarda insulin nisbatan yetishmaganda shifokor tavsiyasiga ko‘ra parhezga amal qilish zarur. Qondagi qand miqdorini kamaytiruvchi vositalardan foydalaniladi. Kasallik yengil kechganda ko‘pincha parhez buyuriladi. Uglevodlar kam iste’mol qilinadi, ular o‘rniga go‘sht, kartoshka, qora non va boshqa mahsulotlarni iste’mol qilsa bo‘ladi. Yog‘li ovqatlar miqdori kamaytiriladi. Kasallik zo‘rayib ketganda bemorga sariyog‘ va boshqa yog‘ mahsulotlari berilmaydi. Ovqat kaloriyasining deyarli 20 foizi oqsillardan iborat bo‘lishi kerak. Xasta kishi iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari vitaminlar, ayniqsa, S va V guruh vitaminlariga boy bo‘lishi lozim. Bemor ovqatni bo‘lib-bo‘lib yeyishi kerak. Insulin bilan davolanishga o‘tgan bemorlar uchun ta’siri 6-8 soatdan 30-36 soatgacha uzaytirilgan insulinlar ishlab chiqariladi. Shifokorning qa’tiy nazoratiga amal qilgan bemorlar kun tartibi va parhezga doir tavsiyalarga aniq rioya qilishi, laboratoriya tekshiruviga o‘z vaqtida kelib turishlari zarur.

Yana o‘qing:  Tut shodasidagi shifobaxsh inju

Shunday qilib, XX asrga kelib diabetninng oldini olish va uni davolashga doir ko‘pgina muammolar hali to‘liq o‘z yechimini topmagan bo‘lsada kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va tashxis qo‘yishda butunlay yangi va yuqori ko‘rsatkichlarga erishilmoqda. Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarni umrini uzaytirish va kasallikni yengillashtirish masalalarida tibbiyot fani ancha olg‘a siljib bormoqda.

Shuningdek, aholining tibbiy savodxonligini oshishida shifokorlar tomonidan turli kasalliklarning oldini olishga doir olib borilayotgan keng targ‘ibot va tashviqot ishlari ham katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Hilola PRImuHamedova,

Toshkent farmatsevtika instituti assistenti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: