EZGU MAQSADLAR YO’LIDA SOBITQADAM
– Xayrulla aka, avvalo, ustozlik kasbi mahorati va mas’uliyati haqida so‘z yuritsak.
– Ustoz-o‘qituvchi … U o‘z tafakkuri dunyosini betinim mehnati, yuksak muhabbati, osmon qadar sabri ila uyg‘unlashtirib, kelajak vorisi – yosh avlod tarbiyasiga baxshida etayotgan yurt fidoyisi… Kelajak avlod taqdiri uning qo‘lida, desak adashmaymiz. Shu asnoda “Ta’lim to‘g‘risida” gi Qonun, “ Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da ham Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan biz o‘qituvchilarning oldiga qator vazifalar belgilab qo‘yildi. Ana shu ulkan vazifalarni bajarish yo‘lida ta’lim maskanimizda ham 425 nafar o‘quvchiga 37 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchi dars berib kelmoqda.
– Ayting-chi, maktab direktoridan nimalar talab etiladi?
– Rahbar qat’iyatli va jonkuyar, ogoh hamda mulohazakorlik bilan jamoa fikriga ham tayanib ish yuritsa, hamisha uning ortida turgan odamlar ishonchini qozonadi. Agar u dastavval jamoada sog‘lom muhitni shakllantira olsa, goho duch keladigan ichki va tashqi qarama-qarshiliklarga qarshi kurashuvchanlik va tadbirkorlik bilan shay tura olsa, har bir ishda o‘z aqli, bilimi va jamoaning kuchiga suyansa, bu jarayonga “labbay” deb javob bera oladi. Ishda va hayotda ham talabchanlik hamda mehribonlik barobarida qattiqqo‘llikni ustozlarim Musavvar Sa’dullayeva, Tamara Kazakova, Turob Haydarovlardan o‘rganganman. Bu aziz insonlardan o‘rganganlarimni esa ayni vaqtda Marhabo Nurimova, Bekzod Ashurov, Dilfuza Mahmayusupova, Gulmira Bozorova kabi shogirdlarimga o‘rgatyapman. Yurtboshimiz ta’kidlab o‘tganidek, topshirilgan vazifaga mas’uliyat hissi bilan yondashish, so‘z va ish birligi, malaka hamda tajribalarga suyanish faoliyatimning asosiy mezonidir.
– Har bir o‘quvchining qalbi go‘yoki kashf etilmagan sirli dunyo. Uni kashf etish hamda iqtidorini yuzaga chiqarish esa o‘qituvchining kuzatuvchanligiga bog‘liq bo‘ladi. Shunday emasmi?
– Albatta. Maktabimizda o‘quvchilarning qiziqishlari, qaysi fan yo‘nalishi bo‘yicha iqtidorini namoyish eta olishiga alohida e’tibor beriladi. Shu bois tuman, viloyat miqyosida har yili o‘tkazilib kelinadigan “ Bilimlar bellashuvi”, “Fan olimpiadalari” va turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda o‘quvchilarimizning faol ishtiroki ta’minlanadi. Masalan, 2013 o‘quv yilida o‘quvchimiz Ruxshona Tohirova “ Vatan kuychisi”, Kamola Samadova esa “ Eng ko‘rkam mahallam” kabi, shuningdek, yana o‘quvchilarimizdan bir guruhi “ Huquq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovlarida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Bundan tashqari “Bilimlar bellashuvi”da o‘quvchilarimizning yuqori ko‘rsatkichlarga erishganligi tuman miqyosida e’tirof etib o‘tildi. Bu muvaffaqiyatlarda o‘quv ishlari bo‘limi mudiri Nigora Bobotova, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ra’no Abdurahmanova, ruhshunosimiz Akbar Fayziyev, fidoyi o‘qituvchilardan Sanobar Toirova, Maysara Hazratqulova, Ulug‘bek Mirzayev, Gulnoza Hasanova, Matluba Qo‘ldoshevalarning hissalari katta.
– Yetarli ta’lim-tarbiya bermoq uchun ko‘ngildagidek shart-sharoitlar ham zarur. Bevosita savolim kuz-qish mavsumiga tayyorgarliklar haqida…
– Xalqimizda “Qish g‘amini yozda ye”, degan ibratli naql bor. Maktabimizda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Ayni damda maktab binosini isitishga moslashtirilgan qozonxona ta’mirdan chiqarilib, isitishga shay qilib qo‘yildi. Barcha sinf xonalari qaytadan nazorat qilinib, mas’ul kishilar biriktirilgan.
– Maktabda obodonlashtirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Bilim dargohimizda 1 gektarlik bog‘ yaratganmiz. Shuningdek, bu mo‘jaz bog‘imizga 240 tupdan iborat tok va 1000 tupdan ziyod terak qalamchalari ekilgan. Bulardan keladigan daromad esa maktab binosini ta’mirlash ishlariga sarf etiladi. 2014 yilda “Sog‘lom bola” bog‘ini barpo etdik.
Darvoqe, Xayrulla Turdiyev rahbarlik qilayotgan ta’lim dargohiga kirib borar ekanmiz, o‘zimizni chamanzorga kirib qolgandek his etdik. Mahallasida u kishini “ ustoz-bog‘bon” deb atashar ekan. Uning xonasida 100 dan ziyod gullarning har xil turlarini ko‘rib, hayratga tushdik.
Xayrulla aka ta’lim fidoyisi, sevimli rafiqasi Sayyora opa bilan uch nafar farzandni voyaga yetkazib, ikki nafar nabiraning suyukli bobosiga aylangan. Bir so‘z bilan aytganda ustozlik kasbini sharaflab, shogirdlar qalbidan joy olayotgan har bir o‘qituvchi mehridaryo ustoz sifatida hamisha elda e’zoz topishiga shak-shubha yo‘q.
Guljahon MARDON qizi,
Samarqand viloyati